O‘zbekistonda 1-sentabr soat 23:30 dan 2-sentabr soat 23:30 ga qadar koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 304 ta holat qayd etildi. Bu 3-iyuldan beri eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. Ketma-ket to‘qqizinchi kun kasallanganlar soni 400 nafarga yetmayapti. Yangi holatlardan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 42540 nafarga yetdi.

SSV hisobi bo‘yicha 329, “Daryo” hisobi bo‘yicha 340 kishi koronavirus asoratlaridan vafot etgan.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallangan 304 kishining barchasi tana harorati ko‘tarilgani bois profilaktika maqsadida hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasidan aniqlangan:

  • Toshkent shahrida — 189 nafar;
  • Toshkent viloyatida — 105 nafar;
  • Buxoro viloyatida — 8 nafar;
  • Farg‘ona viloyatida — 2 nafar.

Kun davomida 4 ta hududda koronavirusga chalinish holati qayd etildi. Oxirgi marta 5-iyul kuni to‘rt hududda yangi kasallanish holatlari aniqlangandi. 28-avgust kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘tgan haftada kuniga o‘rtacha 370 nafar yangi bemor aniqlangani, karantin talablari yumshatilgan hozirgi sharoitda ushbu raqam nazorat ko‘rsatkichi bo‘lishini qayd etgandi. Prezident haqiqiy holat bo‘yicha raqamlarni yashirishga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida barcha rahbarlarni ogohlantirdi. Bunga urinish jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan qat’iy choralarga olib kelishi mumkinligi ta’kidlandi.

Toshkent shahrida 189 kishida koronavirus aniqlandi. Sentabrning birinchi kunida Toshkentda 218 kishida COVID-19 qayd etilgandi. Hozirda poytaxtda koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 25 959 nafarga yetdi. O‘zbekiston bo‘yicha koronavirusga chalinganlarning 61 foizi Toshkent shahri hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

Toshkent viloyatida 105 kishida COVID-19 aniqlandi. 26-avgustdan buyon birinchi marta viloyatda kunlik kasallanganlar soni 100 nafardan oshdi. Bungacha Toshkent viloyatida 26-iyuldan 25-avgustgacha faqatgina bir marta (23-avgust kuni) kasallanish holatlari 100 taga yetmagandi. Hozirda Toshkent viloyatida kasallik aniqlanganlar soni 7401 nafarga yetdi. O‘zbekiston bo‘yicha koronavirusga chalinganlarning 17,4 foizi Toshkent viloyati hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

Buxoro viloyatida 8 kishida koronavirus qayd etildi. Viloyatda 3 kunlik tanaffusdan so‘ng yana yangi holatlar ro‘yxatga olindi. Buxoroda koronavirusga chalinganlar soni 1054 nafarga yetdi. O‘zbekiston bo‘yicha koronavirusga chalinish holatlarining qariyb 2,5 foizi Buxoroda aniqlangan.

Farg‘ona viloyatida 2 kishida COVID-19 aniqlandi. Bir kun oldin viloyatda 3 kishida kasallik qayd etilgandi. 10-avgustdan boshlab Farg‘onada yangi bemorlar aniqlanganida kasallanish holatlari 5 tadan oshmayapti.

O‘lim holatlari va ahvoli og‘ir bemorlar

SSV Toshkent shahrida 2 nafar, Toshkent viloyatida 2 nafar, Xorazm viloyatida 1 nafar, jami 5 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etganini xabar qildi.

Birinchi o‘lim. Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani prokurori Xo‘jayev Oybek Otanazarovich 1-sentabr kuni 44 yoshida vafot etdi. O‘zAning xabar berishicha, Xo‘jayevda koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Bemor ma’lum vaqtdan buyon kasallikdan davolanayotgan bo‘lgan.

Foto: Bosh prokuratura axborot xizmati

Oybek Xo‘jayev 1976-yil Xorazmda tug‘ilgan va 2018-yil noyabr oyidan buyon Kattaqo‘rg‘on tumani prokurori vazifasida ishlab kelayotgandi. SSVning ma’lum qilishicha, Oybek Xo‘jayev Xorazmda vafot etgan. Bu Xorazm viloyatida koronavirus oqibatidagi 2-o‘lim holatidir. Viloyatdagi birinchi o‘lim haqida 11-iyul kuni ma’lumot berilgandi. O‘shanda Shovot tumanida yashovchi 56 yoshli erkak vafot etgandi.

Ikkinchi o‘lim. Toshkent shahri Sergeli tumanida yashagan 65 yoshli M.A. ismli erkak vafot etgan.

Uchinchi o‘lim. Toshkent viloyati Olmaliq shahrida yashagan 64 yoshli A.U. ismli erkak vafot etgan.

To‘rtinchi o‘lim. Toshkent shahri Olmazor tumanida yashagan 77 yoshli N.A. ismli ayol vafot etgan.

Beshinchi o‘lim. Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida yashagan 63 yoshli N.X. ismli ayol vafot etgan.

Hozirgacha Sog‘liqni saqlash vazirligi 329 kishining koronavirus asoratlaridan vafot etganini xabar berdi. “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirusga chalingach, vafot etganlar soni 340 nafarni tashkil etmoqda.

SSV tomonidan koronavirus qurboni bo‘lgani “tan olinmaganlar”:

  • 9 va 15-iyul kunlari Olmaliq shahar shifoxonalarida vafot etgan ikki ayol;
  • DXA Navoiy viloyati boshqarmasi xodimi Adhamjon Dehqonov;
  • Madaniyat vazirligi xodimi Akmal Irisov;
  • Chilonzor tumani SEOM bakteriologiya laboratoriyasi mudiri Marhabo Ahmedova;
  • Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i Hakimbay Xalimov;
  • Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi sudyasi Xayriddin Shermuhamedov;
  • Samarqand viloyati Toyloq tumani prokurori Farhod Abduxoliqov;
  • Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi “Buyuk kelajak” kengashi eksperti Sanjar Jalolov;
  • Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatri artisti Janabay Utepbergenov;
  • O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, “O‘zbekkino” milliy agentligi Badiiy kengashi a’zosi Anvar Ergashev.

Taniqli rejissor Sarvar Karimov ham 17-iyul kuni otasi koronavirus infeksiyasidan vafot etgani, ammo unga tashxis qo‘yilmaganini ma’lum qilgandi. Rejissorning o‘zi va uning boshqa oila a’zolarida koronavirus tasdiqlangan. Shuningdek, 26-iyul kuni bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov 24-iyul kuni Samarqanddagi Ipak yo‘li xalqaro turizm universitetining 33 yoshli magistranti O‘tkir Temirov kasallikdan vafot etganini aytgan. Ma’lum bo‘lishicha, marhum o‘zida COVID-19’ning barcha belgilari bo‘lsa-da, test ham topshira olmagan, kasalxonaga ham yota olmagan. Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumani shifoxonasining 32 yoshli tez tibbiy yordam hamshirasi Aliya Jiyemuratova 28-iyul kuni koronavirusdan vafot etgani haqida “Makan.uz” xabar tarqatdi.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 2328 nafar bemordan 365 nafari og‘ir, 176 nafari esa o‘ta og‘ir ahvoldaIkki kun avval ahvoli og‘ir va o‘ta og‘ir bemorlarning umumiy soni 422 nafarni, bir kun oldin 509 nafarni tashkil etayotgandi, endi esa 541 nafarga yetdi. Hozirda davolanishni davom ettirayotganlarning 23,2 foizining ahvoli og‘ir bo‘lib turibdi. Bu oxirgi 17 kun ichidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Kasallikdan davolanish

2-sentabr kuni O‘zbekistonning 5 ta hududida 219 nafar bemor koronavirusdan sog‘aydi. 21-avgustdan birinchi marta sog‘ayganlar soni kunlik kasallanish ko‘rsatkichidan past bo‘ldi.

Yangi tuzalganlarning

  • 103 nafari Toshkent viloyatida;
  • 98 nafari Toshkent shahrida;
  • 11 nafari Buxoro viloyatida;
  • 5 nafari Farg‘ona viloyatida;
  • 2 nafari Qashqadaryo viloyatida kasallikdan forig‘ bo‘lgan.

Ularning qanchasi uy sharoitida, qanchasi statsionar sharoitda davolanganiga SSV aniqlik kiritmagan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi sabab sog‘liqni saqlash tizimiga tushayotgan yuklamani bir qadar yengillatish maqsadida 5-iyuldan boshlab koronavirus infeksiyasi alomatsiz kechayotgan bemorlarga uy sharoitida davolanishga ruxsat berilgan, ushbu yo‘nalishda yo‘riqnoma va eslatmalar ham e’lon qilingan.

Biroq Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalinganlarga doir axborotlarida yangi bemorlarning qanchasida kasallik alomatsiz (simptomsiz) kechayotganiga aniqlik kiritmayapti, shu boisdan ayni vaqtda koronavirusdan davolanayotgan bemorlarning qanchasi kasalxonalarda qolayotgani, qanchasi uy sharoitida davolanayotgani ma’lum emas.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 42 540 nafar bemordan 39 883 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 93 foizni tashkil etmoqda. Besh kundan buyon davolanish ko‘rsatkichi 93 foiz bo‘lgandi. Bu koronavirus O‘zbekistonga kirib kelganidan so‘ng eng yuqori natija hisoblanadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlari bo‘yicha ayni paytda 2328 nafar bemor COVID-19’dan davolanmoqda. Koronavirusdan davolanishni davom ettirayotgan bemorlar soni cho‘qqiga chiqqan — 29-iyul kuni bemorlar soni 9517 nafar edi. Bir oydan biroz ko‘proq vaqti ichida ularning soni 4 barobarga kamaydi. Ayni paytda davolanayotgan bemorlar soni 69 kun ichida minimum ko‘rsatkichga tushdi — 26-iyun kuni 2369 nafar bemor koronavirusdan davolanayotgandi.

Hozirda eng ko‘p bemor Toshkent shahrida davolanmoqda — 1701 nafar. Farg‘onada 3, Jizzaxda 7, Navoiyda 10, Qoraqalpog‘istonda 12, Xorazmda 14, Surxondaryoda 21, Andijonda 21, Buxoroda 33, Namanganda 38, Qashqadaryoda 43, Sirdaryoda 48, Samarqandda 101 va Toshkent viloyatida 276 nafar bemor qoldi.