O‘zbekistonda 2-sentabr soat 23:30 dan 3-sentabr soat 23:30 ga qadar koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 257 ta holat qayd etildi. Bu so‘nggi 68 kun ichidagi — 28-iyundan beri eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. Yangi holatlardan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 42797 nafarga yetdi.

SSV hisobi bo‘yicha 334, “Daryo” hisobi bo‘yicha 345 kishi koronavirus asoratlaridan vafot etgan.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallangan 257 kishining barchasi tana harorati ko‘tarilgani bois profilaktika maqsadida hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasidan aniqlangan:

  • Toshkent viloyatida — 109 nafar;
  • Toshkent shahrida — 104 nafar;
  • Samarqand viloyatida — 8 nafar;
  • Buxoro viloyatida — 7 nafar;
  • Farg‘ona viloyatida — 7 nafar;
  • Namangan viloyatida — 6 nafar;
  • Andijon viloyatida — 6 nafar;
  • Qashqadaryo viloyatida — 5 nafar;
  • Xorazm viloyatida — 5 nafar.

Kun davomida 9 ta hududda koronavirusga chalinish holati qayd etildi. 28-avgust kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘tgan haftada kuniga o‘rtacha 370 nafar yangi bemor aniqlangani, karantin talablari yumshatilgan hozirgi sharoitda ushbu raqam nazorat ko‘rsatkichi bo‘lishini qayd etgandi. Prezident haqiqiy holat bo‘yicha raqamlarni yashirishga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida barcha rahbarlarni ogohlantirdi. Bunga urinish jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan qat’iy choralarga olib kelishi mumkinligi ta’kidlandi.

Toshkent viloyatida 109 kishida COVID-19 aniqlandi. Viloyatda sentabr oyida kunlik kasallanish holatlari ko‘payib bormoqda. 1-sentabr kuni 91 kishida, 2-sentabr kuni 105 kishida kasallik qayd etilgandi. Hozirda Toshkent viloyatida koronavirus yuqtirib olganlar soni 7510 nafarga yetdi. O‘zbekiston bo‘yicha koronavirusga chalinganlarning 17,5 foizi Toshkent viloyati hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

Toshkent shahrida 104 kishida koronavirus aniqlandi. Sentabrda poytaxtda kunlik kasallanish holatlari pasaymoqda. 31-avgust Toshkentda 248 kishida koronavirus aniqlangan bo‘lsa, 1-sentabrda 218 kishida, 2-sentabr kuni 189 kishida COVID-19 qayd etildi. Hozirda poytaxtda koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 26 mingdan oshib, 26063 nafarga yetdi. Dunyo bo‘yicha koronavirus infeksiyasini yuqtirib olganlar 26 milliondan oshdi. Butun dunyoda koronavirus yuqtirib olganlarning 0,1 foizi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelmoqda.

Samarqand viloyatida 8 kishida koronavirus aniqlandi. Sentabr oyida viloyatda kasallanganlar soni 20 nafarga ko‘paydi. Samarqandda COVID-19 qayd etilganlar soni 1738 nafarga yetdi. O‘zbekiston bo‘yicha koronavirusga chalinganlarning 4 foizi Samarqand viloyatiga to‘g‘ri kelmoqda.

Buxoro viloyatida 7 kishida koronavirus qayd etildi. Viloyatda sentabr oyida kasallanganlar soni 15 nafarga yetdi. Buxorodagi umumiy kasallanganlar soni esa 1061 nafarni tashkil etmoqda. O‘zbekiston bo‘yicha koronavirusga chalinish holatlarining qariyb 2,5 foizi Buxoroda aniqlangan.

Farg‘ona viloyatida 7 kishida COVID-19 aniqlandi. Sentabrning har uchala kunida ham viloyatda yangi holatlar qayd etildi. 10-avgustdan so‘ng bugungacha Farg‘onada yangi bemorlar aniqlanganida kasallanish holatlari 5 tadan oshmayotgandi.

Namangan viloyatida 6 kishida koronavirus qayd etildi. Viloyatda sentabrda birinchi marta yangi holatlar ro‘yxatga olinmoqda.

Andijon viloyatida 6 kishida COVID-19 qayd etildi. Viloyatda sentabrdagi ilk kasallanish holatlari 3-sentabrga kelib aniqlandi. Andijonda avgustda 28 kun yangi holatlar ro‘yxatga olingan, faqat 3 marta — 8-avgust, 15-avgust va 28-avgust kunlari yangi kasallanish holatlari aniqlanmagandi.

Qashqadaryo viloyatida 5 kishida kasallik qayd etildi. Viloyatda oxirgi 16 kunning 13 tasida yangi bemorlar ro‘yxatga olindi. Sentabr oyida Qashqadaryoda jami 18 kishida COVID-19 aniqlandi.

Xorazm viloyatida 5 kishida koronavirus qayd etildi. Avgust oyida Xorazmda 9 kun yangi kasallanish holatlari aniqlandi. Sentabrning 3 kunidan 2 tasida yangi kasallanganlar ro‘yxatga olindi. Kasallikka chalinganlarning umumiy soni hozirda 479 nafarga yetdi. O‘zbekiston bo‘yicha koronavirusga chalinganlarning 1,1 foizi Xorazm viloyati hissasiga to‘g‘ri keladi.

O‘lim holatlari va ahvoli og‘ir bemorlar

SSV Toshkent shahrida 3, Toshkent viloyatida 2 nafar, jami 5 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etganini xabar qildi.

Birinchi o‘lim. Toshkent shahri Sergeli tumanida yashagan 77 yoshli A.M. ismli ayol vafot etgan.

Ikkinchi o‘lim. Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanida yashagan 58 yoshli D.D. ismli ayol vafot etgan.

Uchinchi o‘lim. Toshkent viloyati Chinoz tumanida yashagan 71 yoshli O.A. ismli ayol vafot etgan.

To‘rtinchi o‘lim. Toshkent shahri Olmazor tumanida yashagan 46 yoshli N.M. ismli ayol vafot etgan.

Beshinchi o‘lim. Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida yashagan 53 yoshli X.R. ismli erkak vafot etgan.

Hozirgacha Sog‘liqni saqlash vazirligi 334 kishining koronavirus asoratlaridan vafot etganini xabar berdi. “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirusga chalingach, vafot etganlar soni 345 nafarni tashkil etmoqda.

SSV tomonidan koronavirus qurboni bo‘lgani “tan olinmaganlar”:

  • 9 va 15-iyul kunlari Olmaliq shahar shifoxonalarida vafot etgan ikki ayol;
  • DXA Navoiy viloyati boshqarmasi xodimi Adhamjon Dehqonov;
  • Madaniyat vazirligi xodimi Akmal Irisov;
  • Chilonzor tumani SEOM bakteriologiya laboratoriyasi mudiri Marhabo Ahmedova;
  • Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i Hakimbay Xalimov;
  • Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi sudyasi Xayriddin Shermuhamedov;
  • Samarqand viloyati Toyloq tumani prokurori Farhod Abduxoliqov;
  • Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi “Buyuk kelajak” kengashi eksperti Sanjar Jalolov;
  • Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatri artisti Janabay Utepbergenov;
  • O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, “O‘zbekkino” milliy agentligi Badiiy kengashi a’zosi Anvar Ergashev.

Taniqli rejissor Sarvar Karimov ham 17-iyul kuni otasi koronavirus infeksiyasidan vafot etgani, ammo unga tashxis qo‘yilmaganini ma’lum qilgandi. Rejissorning o‘zi va uning boshqa oila a’zolarida koronavirus tasdiqlangan. Shuningdek, 26-iyul kuni bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov 24-iyul kuni Samarqanddagi Ipak yo‘li xalqaro turizm universitetining 33 yoshli magistranti O‘tkir Temirov kasallikdan vafot etganini aytgan. Ma’lum bo‘lishicha, marhum o‘zida COVID-19’ning barcha belgilari bo‘lsa-da, test ham topshira olmagan, kasalxonaga ham yota olmagan. Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumani shifoxonasining 32 yoshli tez tibbiy yordam hamshirasi Aliya Jiyemuratova 28-iyul kuni koronavirusdan vafot etgani haqida “Makan.uz” xabar tarqatdi. Qashqadaryoda yana bir tibbiyot xodimi, xususiy klinika bosh shifokori To‘raqul Xoliqov 65 yoshida vafot etdi. “Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan xususiy klinika mas’ullarining ta’kidlashicha, To‘raqul Xoliqov so‘nggi bir oy davomida koronavirus kasalligidan davolanib kelgan.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 2287 nafar bemordan 351 nafari og‘ir, 181 nafari esa o‘ta og‘ir ahvoldaBir kun avval ahvoli og‘ir va o‘ta og‘ir bemorlarning umumiy soni 541 nafarni tashkil etayotgandi, endi esa 532 nafarga tushdi. Bu orada esa SSV 5 kishining vafot etgani haqida xabar berdi. Hozirda davolanishni davom ettirayotganlarning 23,2 foizining ahvoli og‘ir bo‘lib turibdi. Bu oxirgi 18 kun ichidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Kasallikdan davolanish

3-sentabr kuni O‘zbekistonning 8 ta hududida 293 nafar bemor koronavirusdan sog‘aydi.

Yangi tuzalganlarning

  • 155 nafari Toshkent shahrida;
  • 93 nafari Toshkent viloyatida;
  • 17 nafari Sirdaryo viloyatida;
  • 10 nafari Xorazm viloyatida;
  • 7 nafari Andijon viloyatida;
  • 6 nafari Namangan viloyatida;
  • 3 nafari Farg‘ona viloyatida;
  • 2 nafari Qashqadaryo viloyatida kasallikdan forig‘ bo‘ldi.

Ularning qanchasi uy sharoitida, qanchasi statsionar sharoitda davolanganiga SSV aniqlik kiritmagan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi sabab sog‘liqni saqlash tizimiga tushayotgan yuklamani bir qadar yengillatish maqsadida 5-iyuldan boshlab koronavirus infeksiyasi alomatsiz kechayotgan bemorlarga uy sharoitida davolanishga ruxsat berilgan, ushbu yo‘nalishda yo‘riqnoma va eslatmalar ham e’lon qilingan.

Biroq Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalinganlarga doir axborotlarida yangi bemorlarning qanchasida kasallik alomatsiz (simptomsiz) kechayotganiga aniqlik kiritmayapti, shu boisdan ayni vaqtda koronavirusdan davolanayotgan bemorlarning qanchasi kasalxonalarda qolayotgani, qanchasi uy sharoitida davolanayotgani ma’lum emas.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 42 797 nafar bemordan 40 176 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 93 foizni tashkil etmoqda. Olti kundan buyon davolanish ko‘rsatkichi 93 foiz bo‘lgandi. Bu koronavirus O‘zbekistonga kirib kelganidan so‘ng eng yuqori natija hisoblanadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlari bo‘yicha ayni paytda 2287 nafar bemor COVID-19’dan davolanmoqda. Koronavirusdan davolanishni davom ettirayotgan bemorlar soni cho‘qqiga chiqqan — 29-iyul kuni bemorlar soni 9517 nafar edi. Bir oydan biroz ko‘proq vaqt ichida ularning soni 4 barobarga kamaydi. Ayni paytda davolanayotgan bemorlar soni 70 kun ichida minimum ko‘rsatkichga tushdi — 25-iyun kuni 2280 nafar bemor koronavirusdan davolanayotgandi.

Hozirda eng ko‘p bemor Toshkent shahrida davolanmoqda — 1647 nafar. Farg‘onada 7, Jizzaxda 7, Xorazmda 9, Navoiyda 10, Qoraqalpog‘istonda 12, Andijonda 20, Surxondaryoda 21, Sirdaryoda 31, Namanganda 38, Buxoroda 40, Qashqadaryoda 46, Samarqandda 109 va Toshkent viloyatida 290 nafar bemor qoldi.