Germaniyaning Zolingen shahridagi ko‘p qavatli uyda joylashgan xonadonda besh nafar bolaning jasadi topildi. Bu haqda mahalliy politsiya axborotiga tayanib, Bild xabar qilgan.

Foto: Bild

Halok bo‘lgan bolalarning yoshi bir yoshdan sakkiz yoshgacha ekani aytilmoqda, uch nafari qiz farzand.

Bild’ning yozishicha, politsiyaga bolalarning buvisi qo‘ng‘iroq qilgan. Ayol 27 yoshli qizi besh nafar bolasini o‘ldirib, oltinchi — 11 yoshli farzandini olib uydan chiqib ketganini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra qizi ham o‘z joniga suiqasd qilmoqchi bo‘lgan.

Foto: Bild

Foto: Bild

Qotil ona qo‘shni shahar – Dyusseldorfdagi temiryo‘l stansiyasida poyezd ostiga o‘zini tashlagan. Ayol og‘ir tan jarohati olmagan va shifoxonaga yotqizilgan. 11 yoshli bolaning esa buvisining yonida ekani ma’lum bo‘lgan.

Foto: Bild

Ona nima maqsadda farzandlarini o‘ldirgani, ayolning giyohvand moddalar iste’mol qilgan yoki qilmagani ma’lum emas, u gumonlanuvchi sifatida keyinroq so‘roq qilinadi, deyilgan Bild xabarida.

Foto: Bild

Eslatib o‘tamiz, 2020-yil 19-fevral kuni tunda Germaniyaning Xanau shahridagi ikkita tumanda otishma sodir bo‘lgan. Qurollangan jinoyatchi tungi soat o‘nlar atrofida shahar markazidagi Midnight chilimxonasiga hujum uyushtirgan. Jinoyatchi ushbu chilimxonadan chiqib, avtomobilda dastlabki joydan ikki kilometr uzoqlikdagi Kesselshtadt tumani tomon yo‘l olgan. U yerda Arena Bar & Cafe chilimxona-barining ikki nafar mijoziga o‘q uzgandi. Keyinchalik gumonlanuvchi o‘z onasini ham o‘ldirgani va o‘z joniga suiqasd qilgani xabar qilindi. Otishmadan yetti soat o‘tgach, politsiya maxsus operatsiya o‘tkazib, ikkinchi chilimxona yaqinida joylashgan uydan uni o‘lik holda topgan. Xonadondan gumonlanuvchining murdasi, shuningdek, uning 72 yoshli onasining jasadi topilgandi.