Pekin aeroporti qariyb yarim yillik tanaffusdan keyin 3-sentabr kuni sakkizta davlatdan aviareyslarni qabul qilishni boshladi. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.

Foto: DW

Xitoy poytaxtiga COVID-19 koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish darajasi nisbatan pasaygan sakkizta davlatdan parvozlarni amalga oshirish mumkin.

Yevropa mamlakatlari orasida Avstriya, Daniya, Shvetsiya va Gretsiyadan parvozlarni amalga oshirishga ruxsat berilgan. Shuningdek, Tailand, Kambodja, Pokiston va Kanadadan ham Xitoy poytaxtiga parvozlarni amalga oshirishga ruxsat etilgan. Pekin shahar ma’muriyati vakilining ta’kidlashicha, barcha yo‘lovchilar mazkur davlatlarning fuqarolari bo‘lishi kerak.

Pekinga yetib kelgan yo‘lovchilar ularda koronavirus yo‘qligi haqida ma’lumotnoma taqdim etishi kerak, shuningdek, ular 14 kunlik markazlashtirilgan majburiy karantinni o‘tashi zarur.

Birinchi bosqichda Pekin kuniga beshtadan samolyot va eng ko‘pi bilan 500 nafar yo‘lovchini qabul qiladi. Keyinchalik qabul qilinadigan yo‘lovchilar sonini 1000 kishigacha oshirish rejalashtirilmoqda.

Xitoy poytaxti 23-mart kuni o‘z aeroportini xalqaro aviaparvozlar uchun yopgandi. Avvalroq Xitoy boshlanayotgan pandemiya fonida xitoylik sayyohlar uchun cheklovlar joriy qilgan AQSh va boshqa davlatlarni tanqid qilgan, biroq mart oyining oxiriga borib Xitoyning o‘zi chegaralarini xorijliklar uchun yopgan va berilgan kirish vizalarini bekor qilgan.

So‘nggi oylarda Xitoy cheklovlarni biroz yengillashtirdi. Masalan, germaniyalik ishbilarmonlarga maxsus ruxsatnomalar mavjud bo‘lganda va karantinga amal qilish sharti bilan bir nechta parvozni amalga oshirishga ruxsat berilgan. Biroq Pekin alohida himoya ostida bo‘lgani sababli xalqaro aviaqatnovlar shu paytgacha taqiqlangandi.

Ancha vaqtdan buyon Xitoyda koronavirus bilan mamlakatning ichida kasallanish holatlari qayd etilmayapti, barcha aniqlanayotgan yangi holatlar xorijdan kelganlarda qayd etilmoqda.

Avvalroq Uzbekistan Airways 4-sentabrdan beshta davlat bilan muntazam xalqaro aviaparvozlarni tiklashi haqida xabar berilgandi.