Yevropa Ittifoqi rossiyalik siyosatchi Aleksey Navalniyning zaharlanishini juda qattiq qoralamoqda. Bu haqda YI diplomatiyasi rahbari Jozep Borrelning bayonotida so‘z boradi.

Foto: EPA

Kimyoviy quroldan foydalanish “inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar va xalqaro huquqlarning jiddiy buzilishi bo‘lib, mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan” holat deyiladi bayonotda.

“Yevropa Ittifoqi hamkorlikdagi xalqaro reaksiyaga chaqiradi va tegishli choralar, shu jumladan cheklov choralarini ko‘rish huquqini o‘zida saqlab qoladi”, — deydi ittifoq diplomatiyasi rahbari.

U Rossiyani zaharlanish holatini tekshirishga va aybdorlarni javobgarlikka tortishga, shuningdek, Kimyoviy qurollarni taqiqlash bo‘yicha tashkilot bilan hamkorlik qilib, “xalqaro xolis tergovni ta’minlash”ga chaqirgan.

Eslatib o‘tamiz, 2-sentabr kuni Germaniya hukumati Navalniy Rossiyada “Novichok”ga o‘xshash modda bilan zaharlanganini ma’lum qilgan. Siyosatchi davolanayotgan “Sharite” klinikasi shifokorlarining so‘roviga binoan o‘tkazilgan testlar natijalaridan shunday xulosaga kelingan.

Germaniya kansleri Angela Merkel Rossiya hukumati Navalniy zaharlanishi bilan bog‘liq “jiddiy savollarga” javob berishi kerakligini aytdi. Muxolif siyosatchiga qilingan suiqasd Buyuk Britaniya, AQSh va Fransiyani ham g‘azablantirdi. London Navalniyga nisbatan kimyoviy qurol qo‘llanilishini “ablahona” ish deb atadi. Vashington aybdorlarga nisbatan moliyaviy cheklovlar qo‘llashga va’da berdi. Fransiya Navalniyning zaharlanishini “ajablanarli va mas’uliyatsizlik” deb atagan.