O‘zbekistonda 3-sentabr soat 23:30 dan 4-sentabr soat 23:30 ga qadar koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 278 ta holat qayd etildi. Ketma-ket ikkinchi kun yangi kasallanish holatlari 300 taga yetmayapti. Yangi holatlardan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 43075 nafarga yetdi.

SSV hisobi bo‘yicha 339, “Daryo” hisobi bo‘yicha 350 kishi koronavirus asoratlaridan vafot etgan.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallangan 278 kishining barchasi tana harorati ko‘tarilgani bois profilaktika maqsadida hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasidan aniqlangan:

  • Toshkent shahrida — 135 nafar;
  • Toshkent viloyatida — 101 nafar;
  • Namangan viloyatida — 10 nafar;
  • Jizzax viloyatida — 8 nafar;
  • Samarqand viloyatida — 7 nafar;
  • Andijon viloyatida — 6 nafar;
  • Navoiy viloyatida — 4 nafar;
  • Qashqadaryo viloyatida — 3 nafar;
  • Farg‘ona viloyatida — 3 nafar;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 1 nafar.

Kun davomida 10 ta hududda koronavirusga chalinish holati qayd etildi. 28-avgust kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘tgan haftada kuniga o‘rtacha 370 nafar yangi bemor aniqlangani, karantin talablari yumshatilgan hozirgi sharoitda ushbu raqam nazorat ko‘rsatkichi bo‘lishini qayd etgandi. Prezident haqiqiy holat bo‘yicha raqamlarni yashirishga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida barcha rahbarlarni ogohlantirdi. Bunga urinish jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan qat’iy choralarga olib kelishi mumkinligi ta’kidlandi.

Toshkent shahrida 135 kishida koronavirus aniqlandi. Sentabrda poytaxtda kasallanganlar soni 646 nafarga ko‘paydi. Hozirda Toshkentda koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 26198 nafarga yetdi. O‘zbekiston bo‘yicha COVID-19 tashxisi qo‘yilganlarning 60,8 foizi poytaxt hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

Toshkent viloyatida 101 kishida COVID-19 aniqlandi. Viloyatda oxirgi uch kunda kasallanish holatlari 100 tadan oshmoqda. Sentabrda Toshkent viloyatida koronavirusga chalinganlar soni 406 nafarga ko‘paydi. Bu viloyat bo‘yicha jami kasallanish holatlari (7611)ning 5 foiziga teng.

Namangan viloyatida 10 kishida koronavirus qayd etildi. Sentabr oyida viloyatda 16 kishida kasallik aniqlandi. Namanganda koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 925 nafarga yetdi.

Jizzax viloyatida 8 kishida koronavirus qayd etildi. Viloyatda 10 kun ichida endi yangi kasallanish holatlari aniqlandi. Jizzaxda 21-iyul kuni 29 kishida COVID-19 qayd etilganidan so‘ng biron marta kunlik kasallanish holatlari 8 taga yetmagandi.

Samarqand viloyatida 7 kishida koronavirus aniqlandi. Sentabr oyida viloyatda kasallanganlar soni 27 nafarga ko‘paydi. Samarqandda COVID-19 qayd etilganlar soni 1745 nafarga yetdi. O‘zbekiston bo‘yicha koronavirusga chalinganlarning 4 foizi Samarqand viloyatiga to‘g‘ri kelmoqda.

Andijon viloyatida 6 kishida COVID-19 qayd etildi. Bir kun oldin ham viloyatda 6 kishida kasallik aniqlangandi. Sentabr oyida Andijonda 2 kun yangi holatlar ro‘yxatga olinmadi, avgustda esa bunday kunlar 3 ta bo‘lgandi — 8-avgust, 15-avgust va 28-avgust kunlari.

Navoiy viloyatida 4 kishida koronavirus aniqlandi. Viloyatda sentabrda birinchi marta yangi holatlar ro‘yxatga olinmoqda. Navoiyda koronavirusga chalinganlar soni 510 nafarga yetdi. Bu O‘zbekiston bo‘yicha COVID-19 tashxisi qo‘yilganlarning 1,1 foiziga teng deganidir.

Qashqadaryo viloyatida 3 kishida kasallik qayd etildi. Viloyatda oxirgi 17 kunning 14 tasida yangi bemorlar ro‘yxatga olindi. Sentabr oyida Qashqadaryoda jami 21 kishida COVID-19 aniqlandi.

Farg‘ona viloyatida 3 kishida COVID-19 aniqlandi. Sentabrning to‘rt kunida ham viloyatda yangi holatlar qayd etilib, kasallanganlar soni 15 kishiga oshdi. Farg‘onadagi jami kasallanish holatlarining 4,4 foizi sentabrga to‘g‘ri keldi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1 kishida koronavirus aniqlandi. Respublikada oxirgi 16 kun ichida 7 marta yangi kasallanish holatlari ro‘yxatga olingan bo‘lsa, bu kunlarning birontasida yangi bemorlar soni 4 nafardan oshmadi.

O‘lim holatlari va ahvoli og‘ir bemorlar

SSV Toshkent shahrida 4, Toshkent viloyatida 1 nafar, jami 5 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etganini xabar qildi. Ketma-ket uchinchi kun SSV 5 nafardan bemor vafot etayotgani haqida xabar bermoqda.

Birinchi o‘lim. Toshkent shahri Yashnobod tumanida yashagan 62 yoshli R.T. ismli ayol vafot etgan.

Ikkinchi o‘lim. Toshkent viloyati Olmaliq shahrida yashagan 59 yoshli M.S. ismli ayol vafot etgan.

Uchinchi o‘lim. Toshkent shahri Mirobod tumanida yashagan 52 yoshli T.X. ismli erkak vafot etgan.

To‘rtinchi o‘lim. Toshkent shahri Yunusobod tumanida yashagan 42 yoshli B.M. ismli erkak vafot etgan.

Beshinchi o‘lim. Toshkent shahri Sergeli tumanida yashagan 58 yoshli F.Ye. ismli ayol vafot etgan.

Hozirgacha Sog‘liqni saqlash vazirligi 339 kishining koronavirus asoratlaridan vafot etganini xabar berdi. “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirusga chalingach, vafot etganlar soni 350 nafarni tashkil etmoqda.

SSV tomonidan koronavirus qurboni bo‘lgani “tan olinmaganlar”:

  • 9 va 15-iyul kunlari Olmaliq shahar shifoxonalarida vafot etgan ikki ayol;
  • DXA Navoiy viloyati boshqarmasi xodimi Adhamjon Dehqonov;
  • Madaniyat vazirligi xodimi Akmal Irisov;
  • Chilonzor tumani SEOM bakteriologiya laboratoriyasi mudiri Marhabo Ahmedova;
  • Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i Hakimbay Xalimov;
  • Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi sudyasi Xayriddin Shermuhamedov;
  • Samarqand viloyati Toyloq tumani prokurori Farhod Abduxoliqov;
  • Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi “Buyuk kelajak” kengashi eksperti Sanjar Jalolov;
  • Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatri artisti Janabay Utepbergenov;
  • O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, “O‘zbekkino” milliy agentligi Badiiy kengashi a’zosi Anvar Ergashev.

Taniqli rejissor Sarvar Karimov ham 17-iyul kuni otasi koronavirus infeksiyasidan vafot etgani, ammo unga tashxis qo‘yilmaganini ma’lum qilgandi. Rejissorning o‘zi va uning boshqa oila a’zolarida koronavirus tasdiqlangan. Shuningdek, 26-iyul kuni bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov 24-iyul kuni Samarqanddagi Ipak yo‘li xalqaro turizm universitetining 33 yoshli magistranti O‘tkir Temirov kasallikdan vafot etganini aytgan. Ma’lum bo‘lishicha, marhum o‘zida COVID-19’ning barcha belgilari bo‘lsa-da, test ham topshira olmagan, kasalxonaga ham yota olmagan. Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumani shifoxonasining 32 yoshli tez tibbiy yordam hamshirasi Aliya Jiyemuratova 28-iyul kuni koronavirusdan vafot etgani haqida “Makan.uz” xabar tarqatdi. Qashqadaryoda yana bir tibbiyot xodimi, xususiy klinika bosh shifokori To‘raqul Xoliqov 65 yoshida vafot etdi. “Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan xususiy klinika mas’ullarining ta’kidlashicha, To‘raqul Xoliqov so‘nggi bir oy davomida koronavirus kasalligidan davolanib kelgan.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 2304 nafar bemordan 368 nafari og‘ir, 179 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. Sentabr oyiga kelib ahvoli og‘ir va o‘ta og‘ir bemorlarning umumiy soni har kuni 500 nafardan ko‘p bo‘lmoqda: 1-sentabr kuni 509 kishi, 2-sentabr kuni 541 kishi, 3-sentabr kuni 532 kishi va 4-sentabr kuni 547 kishi. Hozirda davolanishni davom ettirayotganlarning 23,7 foizining ahvoli og‘ir bo‘lib turibdi. Bu oxirgi 19 kun ichidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Kasallikdan davolanish

4-sentabr kuni O‘zbekistonning 10 ta hududida 256 nafar bemor koronavirusdan sog‘aydi. Sentabrning ikki kunida kunlik sog‘ayish ko‘rsatkichi yangi kasallanish holatlaridan ortiq bo‘lgan bo‘lsa, qolgan ikki kunida past bo‘ldi.

Yangi tuzalganlarning

  • 107 nafari Toshkent viloyatida;
  • 89 nafari Toshkent shahrida;
  • 14 nafari Samarqand viloyatida;
  • 12 nafari Namangan viloyatida;
  • 8 nafari Buxoro viloyatida;
  • 8 nafari Navoiy viloyatida;
  • 7 nafari Qashqadaryo viloyatida;
  • 6 nafari Farg‘ona viloyatida;
  • 4 nafari Jizzax viloyatida;
  • 1 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasida kasallikdan forig‘ bo‘ldi.

Ularning qanchasi uy sharoitida, qanchasi statsionar sharoitda davolanganiga SSV aniqlik kiritmagan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi sabab sog‘liqni saqlash tizimiga tushayotgan yuklamani bir qadar yengillatish maqsadida 5-iyuldan boshlab koronavirus infeksiyasi alomatsiz kechayotgan bemorlarga uy sharoitida davolanishga ruxsat berilgan, ushbu yo‘nalishda yo‘riqnoma va eslatmalar ham e’lon qilingan.

Biroq Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalinganlarga doir axborotlarida yangi bemorlarning qanchasida kasallik alomatsiz (simptomsiz) kechayotganiga aniqlik kiritmayapti, shu boisdan ayni vaqtda koronavirusdan davolanayotgan bemorlarning qanchasi kasalxonalarda qolayotgani, qanchasi uy sharoitida davolanayotgani ma’lum emas.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 43 075 nafar bemordan 40 432 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 93 foizni tashkil etmoqda. Bir haftadan buyon davolanish ko‘rsatkichi o‘zgarmay kelmoqda. Bu koronavirus O‘zbekistonga kirib kelganidan so‘ng eng yuqori natija hisoblanadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlari bo‘yicha ayni paytda 2304 nafar bemor COVID-19’dan davolanmoqda. Koronavirusdan davolanishni davom ettirayotgan bemorlar soni cho‘qqiga chiqqan — 29-iyul kuni bemorlar soni 9517 nafar edi. Bir oydan biroz ko‘proq vaqt ichida ularning soni 4 barobarga kamaydi.

Hozirda eng ko‘p bemor Toshkent shahrida davolanmoqda — 1689 nafar. Farg‘onada 4, Navoiyda 6, Xorazmda 9, Jizzaxda 11, Qoraqalpog‘istonda 12, Surxondaryoda 21, Andijonda 26, Sirdaryoda 31, Buxoroda 32, Namanganda 36, Qashqadaryoda 42, Samarqandda 102 va Toshkent viloyatida 283 nafar bemor qoldi.