Sog‘liqni saqlash vazirligi 6-sentabr holatiga ko‘ra, COVID-19 infeksiyasi qayd etilgan 43 476 nafar bemor (shundan 17 751 nafari ayol, 25 725 nafari erkak) haqida statistik ma’lumotlarni e’lon qildi.

Foto: “Daryo”

Koronavirus infeksiyasi aniqlangan odamlarning 12 173 nafari (28 foiz) 30-39 yoshda, 10 304 nafari (23,7 foiz) 20-29 yoshda, 7 521 nafari (17,3 foiz) 40-49 yoshda, 5 347 nafari (12,3 foiz) 50-59 yoshda, 2 652 nafari (6,1 foiz) 10-19 yoshda, 2 565 nafari (5,9 foiz) 60-69 yoshda, 1 956 nafari (4,5 foiz) 0-9 yoshda, 739 nafari (1,7 foiz) 70-79 yoshda va 219 nafari (0,5 foiz) 80 va undan katta yosh oralig‘idagi insonlar.

SSV axborotiga ko‘ra, 6-sentabr holati bo‘yicha COVID-19 koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlar uchun tayyorlangan shifo o‘rinlarida 2 251 nafar bemor davolanmoqda.

“Ularning 198 nafari o‘ta og‘ir, 366 nafari og‘ir holatda. O‘ta og‘ir va og‘ir holatdagi 564 nafar bemordan 110 nafari sun’iy nafas olish apparatida, 222 nafari noinvaziv sun’iy nafas apparatida SIPAP rejimida hamda 175 nafari maxsus moslama yordamida burun orqali kislorod olmoqda.

O‘ta og‘ir va og‘ir ahvoldagi 564 nafar bemorning 353 nafari Zangiota kompleksiga, 56 nafari Toshkent shahriga, 38 nafari Samarqand viloyatiga, 31 nafari Sirdaryo viloyatlariga, 21 nafari Qashqadaryo, 17 nafari Surxondaryo, 6 nafardan Buxoro va Jizzax, 3 nafardan Namangan va Xorazm hamda 1 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga to‘g‘ri keladi”, – deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i Farrux Sharipov

O‘zbekistonda koronavirus bo‘yicha so‘nggi tahlillarga ko‘ra kasallanish va o‘lim holatlari, asosan, yurak qon-tomir kasalliklari, qandli diabet, o‘pkaning surunkali kasalliklari bo‘lgan va ortiqcha vazn, tamaki, alkogol mahsulotlarini iste’mol qilgan, shuningdek, kamharakat insonlarda ko‘proq uchragan.

Og‘ir holatdagi barcha bemorlarga Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh mutaxassislari, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi mutaxassislari tomonidan videokonsultatsiyalar ko‘rinishida amaliy yordam ko‘rsatilmoqda. Bundan tashqari, Rossiya, Turkiya davlatlaridan tashrif buyurgan mutaxassislar hududlarda og‘ir bemorlarni mahalliy mutaxassislar bilan ko‘rib, tavsiyalar bermoqda, deyiladi vazirlik axborotida.

SSV bergan ma’lumotlar bo‘yicha 6-sentabr holatiga ko‘ra, COVID-19 infeksiyasidan vafot etgan 345 nafar bemorning 132 nafarini ayollar, 213 nafarini erkaklar tashkil etgan. O‘limning yosh toifasiga ko‘ra, 6 nafar bemor 30 yoshgacha, 26 nafar 30-40 yosh oralig‘ida, 45 nafar 40-50 yosh oralig‘ida, 99 nafar 50-60 yosh oralig‘ida, 106 nafar 60-70 yosh, 63 nafar 70 yoshdan katta bemorlar.

O‘lim sababiga ko‘ra, vafot etganlarning 264 nafarida o‘tkir yurak qon-tomir, nafas yetishmovchiligi, 10 nafarida o‘tkir respirator distress sindrom, 8 nafarida tromboemboliya, 4 nafarida o‘tkir miokard infarkti va boshqalar qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz,  5-sentabr kuni O‘zbekistonda 295 kishida koronavirus aniqlangan hamda davolanish ko‘rsatkichi bo‘yicha rekord yangilangandi. Ketma-ket uch kun davomida yangi kasallanish holatlari soni 300 taga yetmagan.