O‘zbekistonda 6-sentabr soat 23:30 dan 7-sentabr soat 23:30 ga qadar koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 312 ta holat qayd etildi. Besh kun ichida birinchi marta kunlik kasallanish holatlari 300 tadan oshdi. Yangi holatlardan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 43975 nafarga yetdi.

SSV hisobi bo‘yicha 354, “Daryo” hisobi bo‘yicha 365 kishi koronavirus asoratlaridan vafot etgan.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallangan 312 kishining barchasi tana harorati ko‘tarilgani bois profilaktika maqsadida hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasidan aniqlangan:

  • Toshkent shahrida — 190 nafar;
  • Toshkent viloyatida — 93 nafar;
  • Samarqand viloyatida — 10 nafar;
  • Andijon viloyatida — 8 nafar;
  • Xorazm viloyatida — 5 nafar;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 4 nafar;
  • Farg‘ona viloyatida — 2 nafar.

Kun davomida 7 ta hududda koronavirusga chalinish holati qayd etildi. 28-avgust kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kuniga o‘rtacha 370 nafar yangi bemor aniqlanishi karantin talablari yumshatilgan hozirgi sharoitda nazorat ko‘rsatkichi bo‘lishini qayd etgandi. Prezident haqiqiy holat bo‘yicha raqamlarni yashirishga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida barcha rahbarlarni ogohlantirdi. Bunga urinish jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan qat’iy choralarga olib kelishi mumkinligi ta’kidlandi.

Toshkent shahrida 190 kishida koronavirus aniqlandi. 3-sentabr kuni poytaxtda 109 kishida kasallik qayd etilgandi, shundan so‘ng koronavirusga chalinganlar soni ko‘payib bormoqda: 4-sentabr — 135 kishi, 5-sentabr — 170 kishi, 6-sentabr — 177 kishi. Sentabrning dastlabki 7 kunida Toshkentda kasallanganlar soni 1183 nafarga ko‘paydi. SSV jadvalidagi 14 ta hududdan 10 tasida epidemiya mavsumida hali buncha bemor aniqlanmagan. Hozirda Toshkentda koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 26735 nafarga yetdi. O‘zbekiston bo‘yicha COVID-19 tashxisi qo‘yilganlarning 60,8 foizi poytaxt hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

Toshkent viloyatida 93 kishida COVID-19 aniqlandi. 7 kun ichida Toshkent viloyatida koronavirusga chalinganlar soni 678 nafarga ko‘paydi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Farg‘ona, Xorazm, Navoiy va Surxondaryo viloyatlarida epidemiya mavsumi boshidan buyon buncha kasallik aniqlanmagan. Toshkent viloyatida kasallikka chalinganlar soni 7883 nafarga yetdi. Bu O‘zbekiston bo‘yicha koronavirusga chalinganlarning 17,9 foiziga tengdir.

Samarqand viloyatida 10 kishida koronavirus aniqlandi. Sentabr oyida viloyatda faqat 2-sentabr kuni yangi holatlar ro‘yxatga olinmadi. Oy davomida kasallanganlar soni 60 nafarga ko‘paydi. Samarqandda COVID-19 qayd etilganlar soni 1778 nafarga yetdi. O‘zbekiston bo‘yicha koronavirusga chalinganlarning 4 foizi Samarqand viloyatiga to‘g‘ri kelmoqda.

Andijon viloyatida 8 kishida COVID-19 qayd etildi. Viloyatda 5 kundan buyon uzluksiz ravishda kasallanish holatlari qayd etilmoqda. Ushbu kunlar ichida eng ko‘p kasallik aniqlangan kun 7-sentabr bo‘ldi. Andijonda koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 1239 nafarga yetdi. O‘zbekiston bo‘yicha COVID-19 tashxisi qo‘yilganlarning 2,8 foizi Andijon viloyati hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

Xorazm viloyatida 5 kishida koronavirus qayd etildi. Sentabrning 7 kunidan 3 tasida viloyatda yangi kasallanganlar ro‘yxatga olindi. Kasallikka chalinganlarning umumiy soni hozirda 484 nafarga yetdi. O‘zbekiston bo‘yicha koronavirusga chalinganlarning 1,1 foizi Xorazm viloyati hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 4 kishida koronavirus aniqlandi. Respublikada oxirgi 19 kun ichida 10 marta yangi kasallanish holatlari ro‘yxatga olingan bo‘lsa, bu kunlarning birontasida yangi bemorlar soni 4 nafardan oshmadi. Qoraqalpog‘istonda koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 461 nafarga yetdi. Bu Toshkent shahridagi bemorlar sonidan 58 barobar kam deganidir.

Farg‘ona viloyatida 2 kishida COVID-19 aniqlandi. Sentab oyida viloyatda faqat 6-sentabr kuni yangi holatlar ro‘yxatga olinmadi. Oy davomida Farg‘onada kasallanganlar soni 20 kishiga ko‘paydi. Farg‘onadagi jami kasallanganlar soni 343 nafarni tashkil etmoqda. Bu butun O‘zbekiston bo‘yicha koronavirus qurbonlari sonidan ham kamdir.

O‘lim holatlari va ahvoli og‘ir bemorlar

SSV Toshkent shahrida 4 nafar, Jizzax va Toshkent viloyatlarida 1 nafardan, jami 6 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etgani haqida xabar berdi.

Birinchi o‘lim. Toshkent shahri Chilonzor tumanida yashagan 58 yoshli Yo.O. ismli ayol vafot etgan.

Ikkinchi o‘lim. Jizzax viloyati Jizzax shahrida yashagan 36 yoshli D.M. ismli erkak vafot etgan. Bir kun avval Jizzaxda 6 nafar bemorning ahvoli og‘irligi haqida ma’lumot berilgandi. Viloyatda 26-iyuldan beri endi o‘lim holati ro‘yxatga olindi. Jizzaxda koronavirus qurbonlari soni 7 nafarga yetdi. O‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha Jizzax birinchi o‘rinda bormoqda. Viloyatda COVID-19 tashxisi qo‘yilganlarning 4,2 fozi yoki kasallikka chalingan har 24-bemor vafot etmoqda.

Uchinchi o‘lim. Toshkent shahri Uchtepa tumanida yashagan 83 yoshli A.D. ismli erkak vafot etgan.

To‘rtinchi o‘lim. Surxondaryo viloyati Termiz shahrida yashagan va Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolangan 55 yoshli B.J. ismli erkak vafot etgan. Uning o‘limi Toshkent shahri hisobiga yozildi.

Beshinchi o‘lim. Toshkent viloyati Qibray tumanida yashagan 70 yoshli R.T. ismli erkak vafot etgan.

Oltinchi o‘lim. Toshkent shahri Yunusobod tumanida yashagan 67 yoshli X.S. ismli ayol vafot etgan.

Hozirgacha Sog‘liqni saqlash vazirligi 354 kishining koronavirus asoratlaridan vafot etganini xabar berdi. “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirusga chalingach, vafot etganlar soni 365 nafarni tashkil etmoqda.

SSV tomonidan koronavirus qurboni bo‘lgani “tan olinmaganlar”:

  • 9 va 15-iyul kunlari Olmaliq shahar shifoxonalarida vafot etgan ikki ayol;
  • DXA Navoiy viloyati boshqarmasi xodimi Adhamjon Dehqonov;
  • Madaniyat vazirligi xodimi Akmal Irisov;
  • Chilonzor tumani SEOM bakteriologiya laboratoriyasi mudiri Marhabo Ahmedova;
  • Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i Hakimbay Xalimov;
  • Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi sudyasi Xayriddin Shermuhamedov;
  • Samarqand viloyati Toyloq tumani prokurori Farhod Abduxoliqov;
  • Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi “Buyuk kelajak” kengashi eksperti Sanjar Jalolov;
  • Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatri artisti Janabay Utepbergenov;
  • O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, “O‘zbekkino” milliy agentligi Badiiy kengashi a’zosi Anvar Ergashev.

Taniqli rejissor Sarvar Karimov ham 17-iyul kuni otasi koronavirus infeksiyasidan vafot etgani, ammo unga tashxis qo‘yilmaganini ma’lum qilgandi. Rejissorning o‘zi va uning boshqa oila a’zolarida koronavirus tasdiqlangan. Shuningdek, 26-iyul kuni bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov 24-iyul kuni Samarqanddagi Ipak yo‘li xalqaro turizm universitetining 33 yoshli magistranti O‘tkir Temirov kasallikdan vafot etganini aytgan. Ma’lum bo‘lishicha, marhum o‘zida COVID-19’ning barcha belgilari bo‘lsa-da, test ham topshira olmagan, kasalxonaga ham yota olmagan. Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumani shifoxonasining 32 yoshli tez tibbiy yordam hamshirasi Aliya Jiyemuratova 28-iyul kuni koronavirusdan vafot etgani haqida “Makan.uz” xabar tarqatdi. Qashqadaryoda yana bir tibbiyot xodimi, xususiy klinika bosh shifokori To‘raqul Xoliqov 65 yoshida vafot etdi. “Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan xususiy klinika mas’ullarining ta’kidlashicha, To‘raqul Xoliqov so‘nggi bir oy davomida koronavirus kasalligidan davolanib kelgan.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 2027 nafar bemordan 430 nafari og‘ir, 224 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. Ahvoli og‘ir va o‘ta og‘ir bemorlarning umumiy soni 654 nafarga yetdi. 17-avgustdan so‘ng birinchi marta ahvoli og‘ir va o‘ta og‘ir bemorlarning umumiy soni 600 nafardan oshdi. Hozirda davolanishni davom ettirayotganlarning 32,2 foizining ahvoli og‘ir bo‘lib turibdi. Bu mutlaq rekord hisoblanadi. Bungacha eng yuqori natija 14-avgustda o‘rnatilgan bo‘lib, o‘sha kuni davolanayotgan bemorlarning (5135 nafar) 32,1 foizining (1651 nafari) ahvoli og‘ir edi.

Kasallikdan davolanish

7-sentabr kuni O‘zbekistonning 6 ta hududida 317 nafar bemor koronavirusdan sog‘aydi. Sentabrning besh kunida kunlik sog‘ayish ko‘rsatkichi yangi kasallanish holatlaridan ortiq bo‘lgan bo‘lsa, qolgan ikki kunida past bo‘ldi.

Yangi tuzalganlarning

  • 207 nafari Toshkent shahrida;
  • 91 nafari Toshkent viloyatida;
  • 7 nafari Xorazm viloyatida;
  • 4 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasida;
  • 4 nafari Andijon viloyatida;
  • 4 nafari Farg‘ona viloyatida kasallikdan forig‘ bo‘ldi.

Ularning qanchasi uy sharoitida, qanchasi statsionar sharoitda davolanganiga SSV aniqlik kiritmagan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi sabab sog‘liqni saqlash tizimiga tushayotgan yuklamani bir qadar yengillatish maqsadida 5-iyuldan boshlab koronavirus infeksiyasi alomatsiz kechayotgan bemorlarga uy sharoitida davolanishga ruxsat berilgan, ushbu yo‘nalishda yo‘riqnoma va eslatmalar ham e’lon qilingan.

Biroq Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalinganlarga doir axborotlarida yangi bemorlarning qanchasida kasallik alomatsiz (simptomsiz) kechayotganiga aniqlik kiritmayapti, shu boisdan ayni vaqtda koronavirusdan davolanayotgan bemorlarning qanchasi kasalxonalarda qolayotgani, qanchasi uy sharoitida davolanayotgani ma’lum emas.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 43 975 nafar bemordan 41 594 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 94 foizni tashkil etmoqda. Ikki kun avval ham davolanish ko‘rsatkichi 94 foiz bo‘lgandi. Bu eng yuqori natija hisoblanadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlari bo‘yicha ayni paytda 2027 nafar bemor COVID-19’dan davolanmoqda. Koronavirusdan davolanishni davom ettirayotgan bemorlar soni cho‘qqiga chiqqan — 29-iyul kuni bemorlar soni 9517 nafar edi. Bir oydan biroz ko‘proq vaqt ichida ularning soni 4,5 barobarga kamaydi. Ayni paytda davolanayotgan bemorlar soni 77 kun ichida minimum ko‘rsatkichga tushdi — 23-iyun kuni 2083 nafar bemor koronavirusdan davolanayotgandi.

Hozirda eng ko‘p bemor Toshkent shahrida davolanmoqda — 1404 nafar. Farg‘onada 5, Navoiyda 6, Xorazmda 7, Jizzaxda 10, Qoraqalpog‘istonda 12, Surxondaryoda 23, Qashqadaryoda 30, Sirdaryoda 31, Buxoroda 32, Andijonda 36, Namanganda 36, Samarqandda 119 va Toshkent viloyatida 276 nafar bemor qoldi.