Farg‘ona viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi va Farg‘ona viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyevning akasi Avazbek G‘aniyevning koronavirusga chalingani haqidagi xabarni rad etdi.

Foto: “Daryo”

Telegram’dagi “UzbekCorona” kanalida Farg‘ona viloyatida koronavirus bilan bog‘liq holat og‘ir ekanligi, viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyevning akasi, Marg‘ilon shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Avazbek G‘aniyev koronavirusga chalingani va og‘ir ahvolda ekanligi haqida xabar berilgan. Shuningdek, kanal tomonidan berilgan xabarda Farg‘ona viloyatida koronavirus bilan kasallangan bir nechta shifokor vafot etgani ma’lum qilingan.

Viloyat hokimligi axborot xizmati tomonidan berilgan xabarga ko‘ra, Marg‘ilon shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Avazbek G‘aniyev pnevmoniya xastaligi va yuqumsiz bo‘lgan boshqa hamroh kasalliklar bilan ayni kunda Marg‘ilon shahar tibbiyot birlashmasi shifoxonasida davolanmoqda.

“Mazkur xabarda viloyatda koronavirus bilan og‘rigan bemorlar ko‘pligi, ammo statistika yashirilayotgani haqida yoziladi. Bu fikrlar ham haqiqatdan yiroqdir”, — deyiladi hokimlik tomonidan berilgan xabarda.

Ta’kidlanishicha, hozirgi kunda kuz fasli boshlanishi tufayli aholi orasida o‘tkir respirator kasalliklar va pnevmoniya ko‘p uchramoqda. “Ushbu kasalliklarning klinik belgilari ham koronavirus bilan o‘xshashligi uchun o‘rinsiz mish-mishlar tarqalmoqda. Shunday bo‘lsa-da, gripp va pnevmoniya bilan og‘rigan kasallarning barchasidan koronavirusga tahlillar olinyapti. Ularda tahlil manfiy chiqmoqda. Bu degani ularda koronavirus tasdiqlanmayapti”, — deya ta’kidlanadi viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi xabarida.