Samarqand viloyatining Urgut tumanida 6251 nafar o‘qituvchining 2016 nafari koronavirusga test topshirgan va 4-sentabr kuni 250 nafar o‘qituvchidan 37 nafarida virus aniqlangan, deya xabar bermoqda “Zarnews”. Qolgan 1766 nafar o‘qituvchidan olingan test namunalari natijasi hali taqdim etilmagani aytilmoqda.

Shuningdek, viloyatning boshqa — Nurobod tumanida pedagoglarning koronavirusni aniqlash bo‘yicha PZR testlarida 43 nafar xodimning natijasi musbat ekanligi aniqlanib, yetishmaydigan mutaxassislarni qoplash maqsadida tuman xalq ta’limi bo‘limi uslubchilarini jalb etish rejalashtirilgani ma’lum qilindi.

Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, Nurobod tumani deputatlari hududdagi barcha maktablarda o‘quv yilini 14-sentabrdan, Urgut tumani deputatlari esa 21-sentabrdan an’anaviy shaklda boshlashga ovoz bergan. Avvalroq Payariq tumanidagi 60 nafar o‘qituvchida, Jomboy tumanida 40 nafar o‘qituvchida koronavirus aniqlangani haqida xabar berilgan edi.

Jizzax shahar hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, shahardagi umumta’lim maktablarining koronavirusga test topshirgan o‘qituvchilaridan 52 nafarida infeksiya aniqlangan (aynan qancha o‘qituvchi test topshirgani ma’lum qilinmagan). Andijon viloyatida esa 25 ming o‘qituvchi test topshirgan bo‘lib, ularning kamida 52 nafarida koronavirus aniqlangan.