Chirchiq shahrida joylashgan Toshkent viloyati yuqumli kasalliklari shifoxonasidagi muammolar haqida ochiq gapirgan Toshkent viloyati bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva 8-sentabr kuni hibsga olingan edi. Bosh prokuratura u ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishi, kasalxonadagi sharoitlar haqidagi shikoyatlari sabab emas, balki ikki tomonlama pnevmoniya va COVID-19 tashxisi bilan og‘ir ahvolda davolanayotgan bemorni viloyat Ruhiy kasalliklar dispanseriga o‘tkazib, uning o‘limiga sabab bo‘lgani uchun qo‘lga olinganini ma’lum qilgan edi.

Chirchiq shahar prokurori Baxtiyor Ibrohimovning “Qalampir.uz”ga bergan intervyusida ma’lum qilishicha, vafot etgan shaxs asli shifokor, 12 yildan ortiq jonlantirish bo‘limida ishlagan reanimatolog Farrux Rustamovdir. Qayd etish joiz, u vafotidan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyevning 27-avgustdagi farmoniga muvofiq “Jasorat” medali bilan mukofotlangan (“Daryo” manbasi ushbu ma’lumotni tasdiqladi). Farmonda uning ish joyi va lavozimi sifatida Toshkent viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi reanimatsiya bo‘limi anesteziologi-reanimatologi ko‘rsatilgan.

Farrux Rustamov.

Foto: Telegram / @fido_uz

Chirchiq shahar prokurori Baxtiyor Ibrohimovning ta’kidlashicha, 1981-yilda tug‘ilgan, uch nafar farzandning otasi bo‘lgan Farrux Rustamov pandemiyagacha Chirchiq shahar markaziy shifoxonasida reanimatolog bo‘lib ishlagan. U Sog‘liqni saqlash vazirligi buyrug‘iga asosan Zangiotadagi COVID-19’ga qarshi kurash markaziga borib, ko‘ngilli sifatida ishlagan. 14 kun mobaynida shifokorlik qilib, ko‘plab bemorlarning sog‘ayishiga o‘z hissasini qo‘shgan va shu vaqtda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan (“Daryo” manbasining ma’lum qilishicha, Rustamovda koronavirus 23-iyul kuni tasdiqlangan).

O‘zidagi o‘zgarishlarni his qilgach, Farrux Rustamov Chirchiq shahrida joylashgan viloyat Yuqumli kasalliklar shifoxonasiga murojaat qilgan. Shifoxonada unga COVID-19 tashxisi qo‘yilgach, u shifoxonaga yotqizilgan. Ko‘rsatilgan muolajalarga qaramay, o‘pkasi ikki taraflama 70 foiz zararlangan; u sun’iy nafas berish moslamasiga ulanib, kislorod yetkazib berib turilgan.

Rustamov o‘zi reanimatolog bo‘lgani uchun jonlantirish bo‘limida kerakli muolajalar ko‘rsatilmagani sabab, u o‘z huquqini talab qilib: “Qon bosimim tushib ketyapti, u yoki bu dorini yuboring, hayotim xavf ostida”, deb gapirganida Yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva: “Bu mahmadona ekan, ruhiy kasal bo‘lib qolibdi”, deb, vaziyatga to‘g‘ri baho bermay, viloyat Ruhiy asab kasalliklari dispanseri bosh shifokoriga qo‘ng‘iroq qilib: “Biz sizga og‘ir ahvoldagi bir ruhiy kasalni yuboramiz, uni qabul qilib, davolashingiz kerak, mutaxassis yuboring”, deb aytgan.

Viloyat Ruhiy asab kasalliklari dispanseri bosh shifokori: “Koronavirusga chalingan bemor bo‘lsa, uni bizga yubora olmaysiz, chunki bu yerda butun viloyatdan kelgan 120 nafar bemor bor. Ularning hayotini xavf ostiga qo‘yish mumkin emas. COVID-19’ga chalingan bemorni avval davolab, keyin bu yerga yuborish kerak”, deb javob bergan. Shunga qaramay, Guljahon Yo‘ldosheva tegishli xulosalarni olmay, SSVning Ruhiy asab kasalliklari dispanseriga yotqizish bo‘yicha talablariga zid ravishda, bemorning somatik holati og‘irligi, unda o‘tkir nafas yetishmovchiligi mavjudligi, reanimatsion muolajalarga muhtojligiga qaramay, uning og‘zida turgan kislorod yetkazib beruvchi moslamani olib tashlab, zambilga ortib, dispanserga majburan olib borib tashlagan.

Ruhiy asab kasalliklari dispanseri koronavirusga chalingan bemorlarni davolashga ixtisoslashmagan, sharoitlar yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, ular bemorni qabul qilib olgan. Unga kerakli muolajalar ko‘rsatilguniga qadar, ya’ni kislorod yetkazib beruvchi moslama olib kelingunicha Farrux Rustamovning joni uzilgan.

Baxtiyor Ibrohimov, Chirchiq shahar prokurori

Ma’lum qilinishicha, Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida Farrux Rustamov nomiga yuritilgan kasallik tarixiga bemor COVID-19 kasalligidan to‘liq tuzalganligi haqida soxta ma’lumot kiritilgan va ahvoli og‘irligiga qaramay, Guljahon Yo‘ldoshevaning ko‘rsatmasi bilan viloyat Ruhiy kasalliklari dispanseriga yuborilgan.

Dastlabki surishtiruv davomida Ruhiy kasalliklar dispanseri bosh shifokori nima uchun koronavirusga chalingan bemorni qabul qilgani haqidagi savolga javob berarkan, u bir tomondan Gippokrat qasamini ichgani uchun og‘ir ahvoldagi bemorni qabul qilishdan bosh torta olmasligini, boshqa tomondan Farrux Rustamovning kasallik tarixida u COVID-19’dan butkul tuzalgani haqida xulosa yozilgani tufayli uni qabul qilib olganini ta’kidlagan.

“Aslida esa bemorning COVID-19’dan tuzalmaganini uni dispanserga olib borgan shifokor ham, uni qabul qilib olgan bosh shifokor ham — hamma bilgan”, — deydi Baxtiyor Ibrohimov. Chirchiq shahar prokurorining alohida qayd etishicha, ushbu jarayonda ishtirok etgan barcha tibbiyot xodimlarining harakatlariga tergov davomida huquqiy baho beriladi.

Ma’lumot uchun, 39 yoshli Farrux Rustamovning koronavirus infeksiyasi oqibatida 2-avgust kuni vafot etgani Bosh prokuratura axborotidan ma’lum bo‘lgan edi. Ushbu o‘lim holati Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan hozirgacha tasdiqlanmagan (vazirlik bundan tashqari yana 10 dan ortiq o‘lim holatlarining koronavirus asoratlari oqibatida yuz berganini tasdiqlagani yo‘q).

Avvalroq 26-iyun kuni Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasi shifokori, 52 yoshli Alisher Uralov koronavirus infeksiyasi asoratlaridan vafot etgandi (SSV uning vafoti haqida 28-iyun kuni axborot bergan). Shifokorning vafotidan so‘ng uning qizi OAV orqali chiqish qilib, otasi o‘limi arafasida “tayinli tibbiy yordam ololmagani”, hatto o‘zi ishlagan, voqea yuz bergan vaqtda karantin zonasiga aylantirilgan Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasi ham uning og‘ir ahvoldagi otasini qabul qilmaganini ta’kidlagan edi. Ushbu chiqishdan so‘ng sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov 1-iyul kuni ko‘ngil so‘rab shifokorning oilasiga borgan, shu kuniyoq uning oilasiga 250 million so‘m miqdorida kompensatsiya puli to‘lab berilgan edi.