O‘zbekistonning turli hududlarida 7-sentabrdan boshlab sinov tariqasida maktablar ish boshladi. 14-sentabrdan boshlab esa an’anaviy shaklda o‘qishni boshlagan maktablar soni 2635 taga yetdi. Qolgan maktablarda esa hozircha o‘qish masofaviy tarzda olib boriladi.

Mahalliy kengash deputatlari maktablarning haqiqiy tayyorligi, hududdagi sanitariya-epidemiologik holat va sog‘liqni saqlash tizimi imkoniyatidan kelib chiqib qabul qilishi belgilab qo‘yilgandi. O‘quvchilar maktabga qaytishi uchun ularning o‘qituvchilari ham sog‘lom bo‘lishi kerak. Sog‘liqni saqlash vazirligi 12-sentabr kuni O‘zbekistondagi maktab xodimlaridan koronavirusga ommaviy test olinayotgani haqida xabar qilgandi.

“2020-yil 11-sentabr holatiga ko‘ra, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan o‘rta ta’lim maktablarining jami 486 521 nafar o‘qituvchilarning 275 616 nafari (56,6 foizi) maxsus laboratoriya usulida koronavirus infeksiyasiga tekshiruvdan o‘tkazildi.

Laboratoriya tahlili natijasida kasallik aniqlangan o‘qituvchilar ro‘yxatga olinib, ularning holati hududlarda tashkil etilgan mobil tez tibbiy yordam guruhlari tomonidan o‘rganilmoqda, kasallik simptomlari aniqlangan o‘qituvchilar shifoxonalarda davolanishga yuborilmoqda. Ularning aksariyatida kasallik simptomsiz va yengil shaklda kechayotgani ko‘rinmoqda. Bunday o‘qituvchilarimiz uy sharoitida davolanishga o‘tkazilib, belgilangan davo muolajalarga ko‘ra, ularga bepul koronavirus bokslari (aptechkalar) yetkazib berilyapti”, — deyilgandi SSV xabarida.

Sog‘liqni saqlash vazirligi testi natijasi chiqqan 275 mingdan ortiq xodimdan qanchasida koronavirus aniqlanganini ochiqlamadi. COVID-19’ga chalingan o‘qituvchilar haqida Mahalliy kengashlarning sessiyalarida to‘liqroq ma’lumotlar keltirilmoqda.

Jizzaxdagi vaziyat

10-sentabr kuni Jizzax shahar hokimligi axborot xizmati Xalq deputatlari Jizzax shahar Kengashining o‘ninchi sessiyasi materiallari bo‘yicha ma’lumot berdi.

“Jizzax shahridagi umumta’lim maktablari o‘qituvchilarining COVID-19 bo‘yicha topshirgan test natijalariga ko‘ra 52 nafar pedagog xodimlarda infeksiya aniqlangan. Ayni damda ular tegishli tartibda davolanmoqda”, — deyiladi xabarda.

Bu ma’lumotlar SSV axborotlaridan butkul farq qiladi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlari bo‘yicha Jizzax viloyatida sentabr oyida faqat 4-sentabr kuni koronavirusga chalinish bilan bog‘liq holatlar ro‘yxatga olingan bo‘lib, o‘sha kuni 8 ta holat aniqlangan. Jizzax shahar hokimligi xabar chiqargan kun — 10-sentabr holatiga ko‘ra SSV Jizzax viloyatida koronavirusga chalinganlarning 163 nafaridan 146 nafari tuzalgani, 7 nafari vafot etgani, davolanishni davom ettirayotganlar 10 nafarni tashkil etayotgani bo‘yicha jadval taqdim etgandi. O‘sha kundan buyon bu raqamlar o‘zgarmadi.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

“52 o‘qituvchining ba’zilarida avgustda koronavirus aniqlangan bo‘lsa-chi?” deb o‘ylaydigan bo‘lsak ham statistikalar to‘g‘ri kelmaydi. Chunki Sog‘liqni saqlash vazirligi 1-avgustdan hozirgacha Jizzax viloyatida 23 kishidagina kasallik qayd etilganini xabar bergan.

Jizzax viloyatining boshqa tumanlarida ham o‘qituvchilar orasida o‘nlab kasallanish holatlari qayd etilgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Har holda birgina Jizzax shahrida 52 nafar pedagogda kasallik aniqlanganda, qolgan 12 ta tuman o‘qituvchilari orasida COVID-19 yuqtirib olganlar umuman yo‘qligiga ishonish qiyin.

Agar Jizzaxning boshqa tumanlarida ham Jizzax shahridagidek o‘qituvchilar orasida koronavirusga chalinish holatlari ko‘p aniqlansa, viloyat O‘zbekistonda eng kam kasallik aniqlangan hudud maqomini yo‘qotishi mumkin.

Buxorodagi vaziyat

13-sentabr kuni Buxoro viloyat hokimligi binosida viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Dilfuza Mustafoyeva ishtirokida brifingda viloyatdagi qator maktab o‘qituvchilari va texnik xodimlardan koronavirusga olingan test natijalari e’lon qilindi.

Viloyatdagi 28 053 nafar pedagog kadrlardan 18 831 nafarining test natijasi olinib, ularning 239 nafarida koronavirus aniqlangan:

  • Buxoro shahridagi 3259 nafar xodimdan 46 nafarida;
  • Kogon shahrida 666 nafardan 11 nafarida;
  • Olot tumanida 1237 nafardan 23 nafarida;
  • Buxoro tumanida 1843 nafardan 22 nafarida;
  • Vobkent tumanida 1903 nafardan 33 nafarida;
  • Qorako‘l tumanida 1575 nafardan 20 nafarida;
  • Peshku tumanida 855 nafardan 29 nafarida;
  • Romitan tumanida 1860 nafardan 15 nafarida;
  • Kogon tumanidagi 9055 nafardan 9 nafarida;
  • G‘ijduvon tumanida 2608 nafardan 10 nafarida;
  • Qorovulbozor tumani 385 nafardan 7 nafarida;
  • Jondor tumanida 857 nafardan 8 nafarida;
  • Shofirkon tumanida 828 nafardan 5 nafarida koronavirus infeksiyasiga topshirilgan test natijasi “musbat” chiqqan.

Dilfuza Mustafoyeva 239 kishida koronavirus aniqlanganini aytgan bo‘lsa-da, 238 nafari haqida ma’lumot bergan.

“Daryo”ga ma’lum bo‘lishicha, Buxoro viloyatida o‘qituvchilardan 4-sentabrdan boshlab test olish boshlangan. SSVning 3-sentabr soat 23:30 holatiga ko‘ra bergan jadvali bo‘yicha Buxoroda koronavirus qayd etilganlar soni 1061 nafarni tashkil etayotgandi. 13-sentabr soat 23:30 ga kelib esa viloyatda COVID-19 ga chalinganlar soni 1083 nafarga yetgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi 10 kun ichida Buxoroda faqat 22 kishini koronavirusga chalinganlar ro‘yxatiga kiritgan. Viloyat XTB esa faqat maktab xodimlari orasida koronavirus yuqtirib olganlar soni bundan 11 baravar ko‘pligini bildirmoqda.

Buxoroda hozirga qadar testi natijasi chiqqan maktab xodimlarining 1,26 foizida koronavirus qayd etilgan. Agar bu tendensiya davom etsa va 28 ming xodimning barchasining testi natijasi chiqsa, viloyatda koronavirus aniqlangan maktab o‘qituvchisi va texnik xodimlari soni 350 nafarga yetishi mumkin.

Samarqanddagi vaziyat

Samarqand viloyatining Jomboy, Payariq, Urgut va Nurobod tumanlarida xalq deputatlari kengashlari o‘tkazildi.

11-sentabr kuni xalq deputatlari Jomboy tuman kengashining navbatdagi sessiyasida deputatlarga axborot bergan Jomboy tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Z.Yusupova yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik doirasida 48 ta maktab jamoasidan 1 934 nafar o‘qituvchi tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazilgani, tekshiruv natijasida 40 nafar pedagogda koronavirus aniqlanganini ma’lum qildi.

Mudira o‘sha yig‘ilishda yana 28 ta maktab o‘qituvchilaridan olingan test natijalari kutilayotganini aytgandi. Ushbu maktab o‘qituvchilari testi natijasi chiqsa, Jomboyda koronavirus qayd etilgan o‘qituvchilar soni 100 nafar atrofida bo‘lishini prognoz qilish mumkin.

Payariq tuman SEO markazi tomonidan tumandagi umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan 1860 nafar pedagog-xodim COVID-19 virusiga test topshirgan. Tuman hokimligi birinchi kuni test topshirgan 576 nafar pedagog-xodimdan 60 nafarida koronavirus aniqlanganini 12-sentabr kuni xabar berdi. Qolgan 1284 nafar xodimning testi natijasi haqida hozirgacha axborot berilmadi. Ammo birinchi kuniyoq test topshirganlarning 10 foizdan ortig‘ida kasallik aniqlangani hisobga olinsa, 1860 kishidan 200 ga yaqinida koronavirus qayd etilishi mumkin.

Urgut tumanida 6251 nafar o‘qituvchining 2016 nafari koronavirusga test topshirgan va 4-sentabr kuni 250 nafar o‘qituvchidan 37 nafarida virus aniqlangan. Qolgan 1766 nafar o‘qituvchidan olingan test namunalari natijasi hali taqdim etilmagani aytilmoqda. 4-sentabrning o‘zida 14,8 foiz o‘qituvchida koronavirus aniqlangan bo‘lsa, 6251 nafar o‘qituvchining bari test topshirsa, COVID-19’ga chalinganlar soni 900 nafardan oshishi ham mumkin. Urgutlik deputatlar tuman maktablarida 14-sentabrdan an’anaviy shaklda o‘qishni boshlashni rad etgan.

Nurobodda esa deputatlar 14-sentabrdan barcha maktablarda an’anaviy usulda o‘qishni boshlashni yoqlab ovoz bergan. Tumandagi maktab xodimlaridan 43 nafarida koronavirus qayd etilishi ham deputatlarni maktablarni ochish fikridan qaytarmagan. Zarnews xabarida qancha pedagogdan test olinganiga aniqlik kiritilmagan.

Samarqand shahridagi epidemiologik vaziyat ham Urgutdagi kabi jiddiyroq ko‘rinadi. Ota-onalarning 69,1 foizi farzandlari darslarni onlayn tarzda olishini bildirgan. Deputatlar ham 21-sentabrdan shahardagi faqatgina ikkita maktabda, faqatgina boshlang‘ich sinflar uchun an’anaviy ta’lim jarayonini boshlashga ruxsat berdi. Samarqand shahridagi o‘qituvchilarning koronavirusga topshirgan testlari bo‘yicha ma’lumot keltirilmagan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlari bo‘yicha sentabr oyida Samarqand viloyatida koronavirusga chalinganlar soni hozirgacha 239 nafarga ko‘paygan. Yuqorida ta’kidlanganidek, Jomboy, Payariq, Urgut va Nurobod tumanlarining o‘zida kamida 180 nafar maktab xodimida COVID-19 qayd etilgan. Viloyatning barcha tuman-shaharlaridagi boshqa pedagog-xodimlari topshirgan test natijalari ham e’lon qilinsa, kasallanganlar soni bir necha barobarga ko‘payishi ehtimoli juda katta.

Xulosa o‘rnida

Yuqorida faqat maktab xodimlarida aniqlangan koronavirus holatlari Sog‘liqni saqlash vazirligi e’lon qilib borayotgan kunlik axborotdagi raqamlar bilan solishtirilgan. Tabiiyki, ko‘rsatib o‘tilgan kunlarda faqat o‘qituvchilarda kasallik aniqlanib, boshqa kasb egalarida COVID-19 qayd etilmagan bo‘lishi ehtimoli kam. Bundan tashqari, koronavirus aniqlangan maktab xodimlari ham — ularning aksariyati kasallikni belgisiz va yengil o‘tkazayotgani ta’kidlanayotgani hisobga olinsa — test topshirguncha yoki test natijasi chiqquncha kasallikni boshqalarga yuqtirishga ulgurgan bo‘lishi mumkin.

Sog‘liqni saqlash vazirligi vazirligi mas’ullari, koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha har turli shtab vakillari O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq haqiqiy raqamlar yashirilmayotgani, davlat “bundan manfaatdor emas”ligi haqida muntazam bong uradi. Ammo birgina maktab xodimlari misolida SSV nomidan e’lon qilinayotgan rasmiy statistikaning haqqoniyligi shubha ostida qolmoqda. Bu hozirgi hozirgi pandemiya sharoitida aslida paydo bo‘lmasligi lozim bo‘lgan, zudlik bilan oldi olinishi kerak bo‘lgan shubha. Chunki koronavirusga qarshi mamlakat miqyosida ko‘rilayotgan va ko‘riladigan choralarga ham, u yoki bu muhim choraning (o‘z vaqtida) ko‘rilmasligiga ham aynan shu statistika raqamlari asos bo‘ladi.

Xuddi hududlardagi kengashlarning deputatlari koronavirusga chalingan o‘qituvchilar sonidan kelib chiqib, o‘rta ta’lim maktablarini yo bugun, yo kelasi hafta, yo oy oxirida ochish haqida qaror qabul qilayotganidek. Buyoqda esa Prezident “haqiqiy holat bo‘yicha raqamlarni yashirishga... urinish jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan qat’iy choralarga olib kelishi mumkin”ligidan ogohlantirgan.