Ichki ishlar vazirligi qoshidagi 2-sonli Toshkent akademik litseyi direktori lavozimida ishlagan podpolkovnik Pardiyev Abdurahmon Azizovich 11-sentabr kuni 52 yoshida vafoti etdi, deya xabar bermoqda IIV axborot xizmati.

Foto: Ichki ishlar vazirligi

Abdurahmon Pardiyev ilgari O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi malaka oshirish instituti boshlig‘i sifatida ham faoliyat olib borgan.

“Daryo”ning rasmiy doiralardagi manbasi bergan ma’lumotga ko‘ra, Abdurahmon Pardiyev koronavirusga chalingan, Zangiotadagi COVID-19 bemorlarini davolashga ixtisoslashtirilgan kasalxonada davolanayotgan edi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu o‘lim holati koronavirus asoratlari oqibatida yuz berganini hozircha tasdiqlagani yo‘q.

“Daryo” hisobi bo‘yicha O‘zbekistonda koronavirus qurbonlari soni 416 nafarga yetdi.

Abdurahmon Pardiyevdan tashqari ichki ishlar organlari tizimida ishlagan kamida 6 nafar xodimning koronavirus qurboni bo‘lgani rasman tasdiqlangandi:

  • Toshkent shahar IIBB Axborot texnologiyalari, aloqa va axborotni himoyalash bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari, mayor A’loxon Shomahmudov 36 yoshda;
  • IV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Shavkat Nafasov 48 yoshda;
  • Toshkent shahar Sergeli tumani bo‘yicha IIO FMB podpolkovnigi Abdulaziz Toshev 42 yoshda;
  • IIV YHXBB Axborot xizmati katta mutaxassisi, podpolkovnik Zoyir Saydaliyev 51 yoshda;
  • Qoraqalpog‘iston Ichki ishlar vazirligi Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi kinologiya xizmati bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Yesemurat Qayipnazarov 49 yoshda
  • IIV akademiyasining iste’fodagi polkovnigi Sultonboy Tangirberdiyev 61 yoshda vafot etgandi.

Ulardan A’loxon Shomahmudov, Shavkat Nafasov va Yesemurat Qayipnazarovlar vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan taqdirlangan.