Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyat sudining sudyasi Shavkatjon Shodmonov 15-sentabr kuni vafot etdi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Oliy sud matbuot xizmati

O‘zbekiston Oliy sudi jamoasi jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyat sudining sudyasi Shavkatjon Shodmonovning bevaqt vafoti munosabati bilan uning oila a’zolariga ta’ziya bildirgan.

“Daryo” manbasining ma’lum qilishicha, 45 yoshli Shavkatjon Shodmonov koronavirus infeksiyasi asoratlaridan vafot etgan. Shavkatjon Shodmonov “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirusning O‘zbekistondagi 419-qurboni bo‘ldi. Ushbu o‘lim holati yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi hozircha axborot bergani yo‘q.

Shavkatjon Shodmonov koronavirus qurboni bo‘lgan birinchi sudya emas. 31-iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi sudyasi, 53 yoshli Xayriddin Shermuhamedov koronavirus infeksiyasi asoratlaridan vafot etgani xabar qilingandi. Ammo uning o‘limiga COVID-19 sabab bo‘lganini SSV shu vaqtga qadar tasdiqlamagan.