Respublika maxsus komissiyasi va Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Nurmat Otabekov O‘zbekistonda qat’iy karantin choralari qaytarilishi borasidagi mish-mishlarga aniqlik kiritib o‘tdi.

Skrinshot: “O‘zbekiston24”

Jumladan, mutaxassis “Kunlik koronavirusga chalingan odamlar soni ko‘paysa, qayta karantin joriy qilinadimi? Eshitishimiz bo‘yicha 15-oktabrdan karantin choralari yana qattiq kuchaytirilarmish, shu rostmi?”, kabi savollarga javob bergan.

Respublikamizda karantin choralari bekor qilinganligi haqidagi gapingiz, menimcha, noto‘g‘ri gap. O‘zbekistonda karantin bekor qilinmadi, aksincha, birmuncha yumshatildi. Ammo fuqarolarning noto‘g‘ri tushunishi aholi orasida koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni kamaymayotganligiga sabab bo‘lyapti. Ahamiyat berayotgan bo‘lsangiz, tegishli profilaktik tadbirlarni bajarmaslik, tavsiyalarga rioya qilmaslik, kasallik bo‘yicha vaziyatga bee’tibor bo‘lish vaziyatning murakkablashishiga sabab bo‘lyapti. Kasallikning qayd etilishi keyingi kunlarda yana birmuncha ko‘tarildi.

Nurmat Otabekov, Respublika maxsus komissiyasi va Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi, professor

Shuningdek, Otabekov karantin tadbirlari kuchaytirilishi va yumshatilishi fuqarolarning xatti-harakatlariga bog‘liqligi, karantin va cheklov tadbirlarini mensimaslik, profilaktik tadbirlarni unutish, mutaxassis, shifokorlarning tavsiyalariga rioya etmaslik, kasallik ko‘payib ketishi va Respublika maxsus komissiyasining karantin choralari kuchaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilishga majbur qilishini alohida ta’kidladi.

Aholiga karantin choralarining kuchaytirilishi kabi taxminlarga ishongandan ko‘ra o‘zining profilaktik tadbirlarni amalga oshirishga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirish maqsadga muvofiq ekanligi tavsiya etildi.

Eslatib o‘tamiz, Respublika maxsus komissiyasining qaroriga binoan O‘zbekistonda 15-avgustdan boshlab karantin cheklovlari bosqichma-bosqich yumshatilgan.  Xususan, 15-avgustdan boshlab avtomobillarning kun davomida harakatlanishiga, mahalliy avia va temiryo‘l qatnoviga, xususiy bog‘cha va maktablar faoliyatiga, 30 kishilik to‘ylarni o‘tkazishga ruxsat berilgan. 17-avgustdan viloyatlar o‘rtasida avtotransport qatnovi hamda jamoat transporti (metropolitendan tashqari) va shahar atrofidagi avtobus qatnovi tiklanadi, masjidlar qayta ochildi. 20-avgustdan buyum bozorlari va savdo majmualari qayta ishga tushdi.