Xosep Gvardiola — shubhasiz, dunyoning eng yaxshi murabbiylaridan biri. Kataloniyalik mutaxassis o‘z nomini 2008-yilda “Barselona” murabbiyi sifatida butun dunyoga tanitgandi va shu vaqtdan beri qo‘lga kiritish mumkin bo‘lgan barcha sovrinlarni yutib kelmoqda. Hozirga kelib, bemalol klubga o‘z shartlarini qo‘yayotgan Lionel Messi ham aynan Gvardiola qo‘l ostida super yulduzga aylangandi. Biroq hamma futbolchilar ham u bilan til topishib ketavermaydi. Ko‘pchilik u bilan ishlash qiyinligini tan oladi. Gvardiola qo‘l ostidagilarga aniq talablarni qo‘yadi, uning ish uslubini qabul qilishdan bosh tortganlar esa shunchaki chetda qolib ketadi. Har qanday muvaffaqiyatli odam singari Pep ham ko‘p sonli muxlislar bilan birgalikda, undan nafratlanuvchilarga ham ega. Demak, quyida “daho” bilan murosa qilolmagan futbolchilar haqida fikr yuritiladi.

Jo Hart

Foto: PA

Jo Hart so‘nggi o‘n yillikning katta qismida “Manchester Siti”ning eng yaxshi o‘yinchilaridan biri sanalardi. Nihoyat inglizlar nafaqat klub, balki terma jamoaning ham afsonasiga aylanishi mumkin bo‘lgan yaxshi darvozabonga ega bo‘lgandi.

Hammasi boshqacha uslubdagi darvozabonga o‘rganib qolgan Gvardiolaning kelishi bilan o‘zgarib ketdi. Hart uning rejalariga kirmadi, natijada u o‘zi uchun yangi jamoa qidirishga majbur bo‘ldi.

Hart Gvardiola haqida shunday degandi: “U kelajakda o‘zi uchun nima kerakligini aniq tushunib turardi, men uning rejalariga kirmagandim. Hammasi oddiy edi. Afsuski, bu jarayon uzoq davom etdi”.

Hart 2018-yilga kelibgina “Siti”ni tark etdi. U yaqindagina “Tottenhem” futbolchisiga aylandi.

Mario Gyotse

Foto: Eurosport

Mario Gyotsening faoliyati g‘alaba va sovrinlar bilan birgalikda, muvaffaqiyatsizliklarga ham boy. Germaniyalik futbolchi 2010-yilda “Borussiya”ning asosiy tarkibiga kirgan va o‘sha paytdan beri unga katta umid bildiriladi. 2013-yilda Gyotse “Bavariya”ga o‘tadi, u yerda esa u bir necha yil Gvardiola bilan ishlaydi. Myunxen Pep boshqaruvida qo‘sha-qo‘sha sovrinlarni qo‘lga kiritardi, biroq Gyotse maydonda deyarli ko‘rinmas edi.

Getsyoning Gvardiola haqida fikri quyidagicha bo‘lgan: “Taktik jihatdan Gvardiola juda yaxshi murabbiy. Ammo u o‘yinga juda ko‘p e’tibor qaratadi va rejasiga to‘g‘ri kelmaydigan futbolchilar haqida umuman o‘ylamaydi. U boshqalarning his-tuyg‘ulari bilan qiziqmaydi, bu esa yuqori darajadagi murabbiyga xos emas”.

Hozirga kelib, Gvardiola va Klopp Premyer Liganing eng yaxshi murabbiylari hisoblanadi, ammo Gyotse qaysi mutaxassisni ko‘proq yaxshi ko‘rishi hammaga ma’lum...

Samyuel Eto’O

Foto: Marca

Samyuel Eto’O “Barselona”da Gvardiola inqilobining ilk qurbonlaridan biri bo‘lgandi. Afsuski, kamerunlik futbolchi yangi (yosh) murabbiy bilan til topisha olmadi.

2008/09-yilgi mavsumda hujumchi jamoaning muhim a’zolaridan biri edi, ammo u Ronaldinyo va Dekuni badarg‘a qilgan yosh murabbiyning (yangi) g‘oyalarini hazm qila olmadi va kelasi mavsumda jamoadan ketishga qaror qiladi.

Eto’O Pep haqida shunday degandi: “Gvardiola butun hayotini Barselonada o‘tkazdi, ammo men jamoada bo‘lganimda u buni umuman tushunmasdi. U jamoaning bir qismi emasdi”.

Natijada Eto’O “Inter”ga ketadi va u bilan treblga erishadi. Samyuelning o‘zi ham bir necha marotaba Gvardiolani yoqtirmasligini aytgan.

Yaya Ture

Foto: FootBoom

Ko‘pchilik Pepdan xafa bo‘lgan, ammo hech kim Yaya Turechalik bo‘lmasa kerak. Afrikalik yarim himoyachi Gvardiola bilan “Barselona” va “Manchester Siti”da ishlagan, har ikkala jamoada ham Pep uni e’tiborsiz qoldirgan.

To‘g‘ri, Ispaniyada Xavi va Inyesta bilan raqobat qilish imkonsiz edi, biroq “Siti”da Ture eng yaxshilaridan biri edi.

“U menga qo‘pol munosabatda bo‘lardi. Sizningcha, u Inyesta bilan ham o‘zini xuddi shunday tutgan bo‘larmidi? Shu darajaga yetib bordiki, muammo mening terim rangidamikan deb shubha qila boshladim. Va men bunday savolni o‘ziga bergan birinchi futbolchi emasdim”, — degandi Yaya Gvardiola haqida.

Gvardiola hurmatga sazovor inson bo‘lib, Turening ayblovlari o‘ta jiddiydir. Uning haq yoki yo‘qligini aniqlash qiyin, ammo bitta narsa aniqki, Pep hech qachon Turening muxlisi bo‘lmagan.

Zlatan Ibragimovich

Foto: FootBoom

Ibragimovich 2009-yilda Gvardiolaning “Barselona”siga qo‘shilgandi va avvaliga juda yaxshi o‘yinlar ko‘rsatayotgandi. Ammo asta-sekin Messi birinchi planga chiqa boshladi va Zlatan qanot futbolchisiga aylandi. Tabiiyki, bu Ibradek takabbur va injiq futbolchiga yoqmadi.

Kamdan kam vaziyatlarda kimnidir maqtaydigan Zlatanning Gvardiola haqidagi fikrlari ham bundan mustasno bo‘lmadi: “Bir safar u menga ko‘rsatma berayotganda, men unga ‘toshingni ter’, deb aytdim. Uning javob qaytarishini kutgandim, ammo afsuski, u qo‘rqoqlik qildi. U shunchaki hech narsa demadi va chiqib ketdi”.

Garchi Gvardiola u siz ham muvaffaqiyatga erishgan bo‘lsa-da, Ibra uning eng taniqli “dushmani” hisoblanadi.