O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi vakili, Xalq deputatlari Yashnobod tuman Kengashi deputati Dildora Umarova koronavirus infeksiyasidan vafot etdi. Bu haqida partiya axborot xizmatiga tayanib, “Uz24” xabar berdi.

Foto: “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi

“Daryo” manbalari ham Dildora Umarovaning koronavirus bilan kasallanish oqibatida vafot etganini tasdiqladi.

Dildora Umarova 1966-yilda tug‘ilgan. U 2018-yildan buyon Yashnobod tumanidagi 149-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti mudirasi lavozimida faoliyat yuritgan. 2019-yilning dekabr oyida bo‘lib o‘tgan saylovlarda Dildora Umarova “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan Xalq deputatlari Yashnobod tuman Kengashi deputatligiga saylangan edi.

“Daryo” hisobi bo‘yicha Dildora Umarova O‘zbekistonda koronavirus oqibatida vafot etgan 431-bemor hisoblanadi. Sog‘liqni saqlash vazirligi hozircha deputatning koronavirusdan vafot etgani bo‘yicha ma’lumot bermagan.