Pedagogika fanlari doktori, professor Nodira Egamberdiyeva Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot institutining direktori etib tayinlandi, deb xabar beradi O‘zA.

Professor Nodira Egamberdiyeva

Foto: Suv xo‘jaligi vazirligi

Mazkur tayinlov haqidagi Vazirlar Mahkamasining 553-son qarori 15-sentabr kuni qabul qilingan.

Ma’lumot uchun, “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti prezidentning 2020-yil fevraldagi farmoni asosida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi hamda “Mahalla” o‘quv-uslubiy va ilmiy-tadqiqot markazi negizida tashkil etilib, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tuzilmasiga o‘tkazilgan.

Institutning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilangan:

  • jamiyatda “obod va xavfsiz mahalla” tamoyiliga asoslangan tizimni to‘laqonli va samarali joriy etish, mahalla va oila institutlarini mustahkamlash sohasidagi ustuvor yo‘nalishlarni shakllantirishda ishtirok etish;
  • fanlararo fundamental, ilmiy-amaliy tadqiqotlar va innovatsion loyihalarni amalga oshirish hamda ularning natijalarini amaliyotga joriy etish;
  • mahalla va oila institutlarini mustahkamlash, xotin-qizlar va keksalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy faollikni oshirishga qaratilgan konsepsiyalarni, kompleks, maqsadli, sohaviy va hududiy dasturlarni ishlab chiqishning ilmiy-metodologik asoslarini shakllantirish;
  • mahallalar va oilalarda sog‘lom va barqaror ijtimoiy-ma’naviy muhit hamda tinchlik, totuvlik va osoyishtalikni ta’minlash, umuminsoniy va milliy, shu jumladan oilaviy qadriyatlarni mustahkamlashning ilmiy asoslarini ishlab chiqish;
  • mahalla va oila institutlarini mustahkamlash, xotin-qizlar va keksalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy faollikni oshirish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish;
  • mahalla va oilalarni qo‘llab-quvvatlash sohasidagi dolzarb ilmiy muammolarga bag‘ishlangan ilmiy, ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar, yig‘ilishlar tashkil etish, shuningdek, ushbu sohada yuqori malakali ilmiy kadrlarni tayyorlash, ilmiy xodimlarning kasbiy darajasini doimiy oshirib borish;
  • institut faoliyati yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikni amalga oshirish, xorijiy mamlakatlarning ilg‘or ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan xalqaro aloqalarni rivojlantirish.

Avvalroq O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurashda mahalla idoralarining ishtiroki keskin kuchaytirilishi ma’lum qilingandi.