Qashqadaryo hokimi Zoir Mirzayev viloyatdagi mavjud tuman va shahar hokimlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari faoliyatini tanqid qildi. Bu haqda Xalq deputatlari viloyat kengashining oltinchi chaqiriq, o‘n ikkinchi sessiyasida ma’lum qilindi, deya xabar berdi “Daryo” muxbiri.

Foto: Qashqadaryo viloyat hokimligi

“Faqat qog‘oz orqali ishini bitkazishga o‘rgangan o‘rinbosarlar bor. Haliyam shunday ishlashda davom etyapti. Aytib qo‘yay, bu tartibda ishlayotgan o‘rinbosarlarning javobgarligi qattiq bo‘ladi. Xalq ta’limi tizimidan ham qoniqish hosil qilmayapman. Maktablar ahvoli qoniqarsiz. Buni Rustam Yo‘ldoshev boshchiligidagi mas’ullar bilishi kerak va xulosa qilishi lozim”, — degan viloyat hokimi Zoir Mirzayev.

Zoir Mirzayev sessiyada OAVlar faoliyatiga ham to‘xtalib o‘tib, viloyatning Dehqonobod tumanidan videomurojaat yo‘llagan fuqaro ishiga fikr bildirgan hamda vaziyatni ochiq-oydin ko‘rsatib bergan jurnalistlarga minnatdorlik izhor qilgan.

Foto: Qashqadaryo viloyat hokimligi

“Ommaviy axborot vositalariga rahmat, borini boricha ko‘rsatishdi. Momo ‘mendan hech kim xabar olmaydi, hokim uyimga kelmaydi. Hech narsamiz yo‘q, qiynalib qoldik’ deyapti. Mahalla raisi esa har doim xabar olganini, yordam berganini aytyapti. Murojaatchi hech narsam yo‘q deyapti-yu, ammo uyining yonida qo‘y, sigir turibdi. Jurnalist momo bilan suhbatlashib, borini ko‘rsatdi. Xulosa sizdan deya oxirini tugatishgan. Jurnalistlarga rahmat”, — deya fikr bildirgan viloyat hokimi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq dehqonobodlik ayol Zoir Mirzayevga videomurojaat qilib, uni hech kim eshitmayotganini, oilaviy sharoiti og‘ir ekanligini aytgandi. Dehqonobod hokimligi esa murojaatchi mas’ullar e’tiborida ekanini ma’lum qilgandi. Dehqonobodlik yana bir ayol tuman hokimiga “Odamlardan 35 million qarzim bor, hokimiyat to‘lab bersin” deya ijtimoiy tarmoq “qahramoni”ga aylangandi.