Ijtimoiy tarmoqlarda xonanda Kaniza va YPX xodimi o‘rtasidagi tortishuv videosi tarqaldi. Ushbu videolavha “Yoshlar” telekanalining “Avtopatrul” ko‘rsatuvida efirga uzatilgan.

Kaniza 2-sentabr kuni Captiva avtomobilida harakatlanib ketayotgan vaqtida YPX xodimi tomonidan to‘xtatilgan hamda “tonirovka” ruxsatnomasi muddati o‘tib ketgani aniqlangan.

“Avtotransport vositasiga tegishli bo‘lgan hujjatlarni tekshirgan paytimda ‘tonirovka’ ruxsatnomasi muddati 29-avgust kuni o‘tib ketgani ma’lum bo‘ldi. Haydovchiga avtomobil vaqtinchalik jarima maydonchasiga olib ketilishini aytsam, qarshilik qilyapti”, — deydi YPX xodimi.

Shu paytda suhbatga Kaniza ham aralashadi hamda savoli borligini aytadi.

“‘Tonirovka’ning muddati 29-avgustda o‘tib ketgan, bayram munosabati bilan 3 kun dam olish kuni berildi. Hatto koronavirusga ham analiz topshira olmadik, 2, 3-kuni ishlaymiz deyishdi. Bir kun o‘tib ketgani uchun qonimizni ichyapsiz, qo‘pol muomala qilyapsiz”, — deydi xonanda.

YPX xodimi suhbat bodikamerasiga yozilganini, qo‘pol muomala qilmaganini aytadi. “Bechora qolgan odamlar nima qilarkan-a? Oddiy xalqning qonini ichasizlar”, — deydi Kaniza.

Videolavha so‘ngida Kanizaning Captiva’si jarima maydonchasiga qo‘yilgani aytilgan.