Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson mamlakatda koronavirus bilan kasallanishning ikkinchi to‘lqini boshlanganini tan oldi va virus tarqalishining oldini olish uchun qattiq karantin choralari qabul qilinishini istisno etmadi, deb xabar beradi “RIA Novosti”.

Foto: AP Photo

“Ayni kunda ikkinchi to‘lqinni ko‘rib turibmiz. Bundan qochib bo‘lmasdi”, — deydi Jonson.

Britaniyada 14-sentabrdan “olti qoida” nomli karantin talablari kuchga kirgan: ta’lim muassasalari yoki ishga bog‘liq uchrashuvlardan tashqari barcha tadbirlarda olti kishidan ortiq odamning to‘planishi taqiqlanadi.

“Men ikkinchi milliy lokdaunni xohlamayman, bu barcha istaydigan eng so‘nggi chora. Yangi cheklov choralarini kiritishni xohlamayman, maktablar ochiq qolishi tarafdoriman. Iqtisodiyotimiz ham imkon boricha ochiq qolishini, biznes ishlashini istaymiz. Buni ta’minlashning yagona yo‘li — o‘rnatilgan qoidalarga rioya qilish”, — deya ta’kidlaydi bosh vazir.

Buyuk Britaniyada o‘tgan bir sutka ichida koronavirus bilan kasallanganlar soni 4 ming kishiga ortgan. Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda koronavirusga chalinganlar soni 388 ming kishidan oshgan, hozirga qadar 41 mingdan ortiq bemor COVID-19 qurboniga aylangan.

Avvalroq Armanistonda koronavirus sababli 2021-yilning 11-yanvarigacha karantin e’lon qilingani, Kiyevda koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha sutkalik rekord yangilangani sabab shaharda karantin cheklovlari qaytarilayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi.