Cadillac XT4 subkompakt krossoveri Xitoyda bir qator yangi funksiyalarga ega bo‘ladigan yangilanishni amalga oshiradi. Ular qatorida Face ID tizimi ham bor, bu orqali avtomobil o‘z egasini yuzidan taniy oladi, deb xabar beradi Motor.

Foto: Cadillac

Kompaniya yangi funksiyani “eng zamonaviy kalitsiz ochish tizimi” deya izohlagan va u sutkaning istalgan vaqtida, har qanday ob-havo sharoitida ishlay oladi.

Tizim kuzovning markaziy qismidagi ustunga o‘rnatilgan ikkita infraqizil kameradan foydalanadi. Mashina egasi avtomobilga yaqinlashgach, tizim Bluetooth orqali uning mobil telefoni signalini ushlaydi va “uyg‘onadi”: u yuzni skaner qiladi, shundan so‘ng eshik ochiladi va dvigatelni kalitsiz o‘t oldiradi.

Xavfsizlik nuqtayi nazaridan yangi tizim qo‘shimcha funksiyalarga ega bo‘ladi — avtomobilni barmoq izi yoki parol yordamida ochish. U sakkizta profilga, xususan, administrator profiliga ega bo‘lib, u qolgan yetti kishiga ruxsat bera oladi.

Foto: Cadillac

Xitoyda Cadillac XT4’ga yangi tizimni o‘rnatish 1480 dollarga tushadi.

Krossover Face ID’dan tashqari, Cadillac User Experience (CUE) multimedia tizimi hamda 214 ta buyruqni bajara oladigan ovozli yordamchiga ega bo‘ladi. Xitoyda XT4 narxi 38 ming dollardan boshlanadi.

Avvalroq Xitoyning tutqich va qulflarsiz elektron tarzda ochiluvchi olti eshikli HiPhi X krossoveri haqida ma’lumot berilgan edi.