“Daryo” o‘tib borayotgan haftada dunyo matbuotida e’lon qilingan va muhokama markazida bo’lgan maqolalar sharhi bilan tanishtiradi.

Navalniyning zaharlanish muammosi siyosiy maydonda

Rossiya sanksiyalar bosimi ostida qolayotgan bir vaziyatda Kremlga muxolif sifatida tanilgan Aleksey Navalniyning zaharlanishi dard ustiga chipqon bo‘ldi. Rasmiy Kreml hozircha Aleksey Navalniyning zaharlanishiga aloqasi yo‘qligini bildirmoqda. Rasmiy Berlinning Yevropa Ittifoqiga gaz yetkazib berish borasida Rossiya bilan imzolangan kelishuvi esa jar yoqasida turibdi va Berlin kelishuvni bekor qilishga yetarlicha sabablari bor, deb yozadi The Politico nashri.

Foto: Getty Images

AQSh, Buyuk Britaniya yetakchiligidagi ayrim g‘arb siyosatshunoslari anchadan beri Germaniya hukumatini “Shimoliy oqim” bo‘yicha Rossiya bilan kelishilgan bitimini qayta ko‘rib chiqishga chaqirib keladi.  Agarda Berlin shartnomani bekor qiladigan bo‘lsa, bu siyosiy qadam Germaniya uchun huquq iy, moliyaviy va siyosiy muammolarni yuzaga keltiradi.

Berlin esa bir necha yildan buyon rus gazini xarid qilish bu siyosiy masala emas iqtisodiy masala ekaniga g‘arbdagi hamkorlarini ishontirishga harakat qilib keldi. Boltiq dengizi orqali o‘tadigan gaz quvuri bitkazilsa, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari yiliga 55 milliard kub metr gazni qo‘lga kiritishga erishadi. Biroq Germaniya hukumati “Shimoliy oqim” loyihasining Yevropa Ittifoqi uchun foydali iqtisodiy bitim ekaniga qaramasdan Navalniyning zaharlanishidan keyin gaz quvuri haqidagi fikrini qayta ko‘rib chiqmoqchi.

Rossiya, Finlyandiya, Shvetsiya va Germaniya suv havzalarida 1 855 kilometrga cho‘zilgan dengiz orqali o‘tadigan gaz quvurining kelajagi haqida Germaniya kansleri Angela Merkel bu hafta “Shimoliy oqim 2” loyihasi borasida hali bir aniq qarorga kelmaganini bildirdi. Agar shartnoma bekor qilinadigan bo‘lsa, Germaniya hukumati shartnomaning bekor qilinishidan kelib chiqadigan moliyaviy xarajatlarni yakka holda hal qila olmaydi. Shveysariyada joylashgan “Gazprom” nazoratida bo‘lgan “Shimoliy oqim 2” loyihasi vakolatxonasi shartnomaning bekor qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash maqsadida sudda  da’vo ishi qo‘zg‘atishi mumkin. Deylik, “Shimoliy oqim 2” loyihasi bekor qilindi. Germaniya  voqealarning bunday rivojidan nima topadi?

1. “Shimoliy oqim 2” loyihasini qurish uchun nemis hududi – Meklenburg va Pomeraniya ruxsat berdi. Bu loyiha esa Germaniyaning Mukran portidan o‘tadi. Avgust oyida AQSh senatorlari agarda “Shimoliy oqim 2” loyihasi bu hududdan o‘tadigan bo‘lsa, iqtisodiy jazo qo‘llanilishi bilan tahdid qildi. Shunga qaramay, bu viloyat rahbari loyiha nihoyasiga yetkazilishi va bu loyiha eng avvalo iqtisodiy kelishuv ekani, bu loyihada “siyosiy avantyura”ni ko‘rmasliklarini ta’kidladi.

Meklenburg va Pomeraniya federal hukumati raisi Manuela Shvesig loyihani bekor qilishning iloji yo‘qligini bildirdi. Bundan tashqari, Germaniya dengiz va gidrografiya agentligi idorasi mavjud bo‘lib, bu idora faqat Germaniyaning iqtisodiy manfaatlariga asoslangan holda ish yuritadi va markaziy hokimiyatdan mustaqil. Rasmiy Berlin bu agentlikka ta’sir qilish pishanglariga ega emas. Shunday ekan, kelishuv bekor qilinadigan bo‘lsa, “Energetika xartiyasi” kelishuviga muvofiq mahalliy hukumat va agentlik Germaniya hukumatiga qarshi da’vo arizasi bilan chiqishi mumkin.

Chunki kelishuv bandlarida “Shimoliy oqim 2” loyihasini har qanday diskriminatsiyaga asoslangan harakatlardan himoya qilish belgilab qo‘yildi. Agarda shartnoma bekor qilinadigan bo‘lsa, Germaniya hukumati 9,5 milliard dollar miqdorida tovon to‘lashiga to‘g‘ri keladi. Plyus bu tovon puliga kutilayotgan foyda ham qo‘shilsa, tovon puli yana ko‘payishi mumkin.

Foto: Getty Images

2. Germaniyadagi atrof-muhitni himoya qilish bilan shug‘ullanadigan nodavlat notijorat tashkilotlari esa o‘z navbatida “Shimoliy oqim 2” kelishuviga ruxsat bergan taraflar bilan sudlashishga tayyor. Germaniyadagi Deutsche Umwelthilfe nodavlat tashkiloti allaqachon ruslar bilan kelishilgan bitimni bekor qilish kerakligi borasida sudga ariza berdi. Tashkilot nazarida metan gazining havoga singishi iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq vaziyatni yanada keskinlashtiradi. Shu maqsadda so‘nggi laboratoriya xulosalari olingunga qadar “Shimoliy oqim 2” loyihasi muzlatib qo‘yilishi kerak. Biroq Germaniyadagi ayrim tashkilotlar voqealarning bunday tartibda hal qilinishiga qarshi.

3. Germaniya hukumati qabul qilgan Tashqi savdo va hisoblar to‘g‘risidagi qonunda tashqi savdoga cheklovlar o‘rnatilishi haqida so‘z ketadi. Agarda tashqi savdo Germaniya manfaatlariga zid kelsa yoki millatlarning o‘zaro tinchlik yo‘lidagi munosabatlariga to‘sqinlik qiladigan bo‘lsa, har qanday tashqi bitimlarning amal qilishiga cheklovlar o‘rnatilishi belgilab qo‘yilgan. Aleksey Navalniyning zaharlanish voqeasini aynan “Shimoliy oqim 2” loyihasini cheklashga qaratish imkoniyati mavjud.

Buning uchun esa Navalniyning haqiqatdan ham rus hukumati tomonidan zaharlangani borasida inkor qilib bo‘lmas dalillarni qo‘lga kiritish kerak bo‘ladi. Agar Germaniya astoydil xohlasa, “Shimoliy oqim 2” loyihasiga nisbatan mazkur qonunni tatbiq etsa bo‘ladi, biroq Germaniya Yevropa Ittifoqining ishlashi borasidagi bitimning 215-moddasiga ham amal qilishi kerak. Shunday ekan, Germaniyaning o‘zi Yevropaga gaz olib keladigan quvurni to‘xtatib qo‘yishga qodir emas.

4. Germaniya AQSh hukumati joriy qilgan iqtisodiy jazo choralariga qarshilik qilmasa, deyarli zarar ham ko‘rmaydi. AQSh hukumatining dekabr oyida joriy qilgan iqtisodiy jazo choralari sabab Shveysariya-Daniya qo‘shma korxonasi “Shimoliy oqim 2” loyihasining 150 kilometrlik masofaga quvur yotqizish ishlaridan voz kechdi. Sababi, AQShning Rossiyaga qarshi qaratilgan jazo choralari bandlarida rus tarafi bilan hamkorlik qilishga uringan Yevropa Ittifoqining har qanday kompaniyasiga ham iqtisodiy jazo qo‘llanilishi haqida moddalar mavjud. Germaniya va Yevropa Ittifoqidagi ayrim nashrlar AQShning bunday siyosatini suverenitetga daxl qilish bilan tenglashtirgan bo‘lsa-da, ular Yevropa Ittifoqi uchun barcha iflos ishni qilishni AQSh zimmasiga yuklashdan manfaatdor.

5. Germaniya “Shimoliy oqim 2” loyihasining to‘xtatilishi borasida Yevropa Ittifoqi bilan birgalikda harakat qilishini talab ham qilishi mumkin. Bunday siyosat esa Germaniya hukumatiga yuzaga kelgan muammoni ortiqcha bosh og‘riqlarisiz hal qilish imkonini beradi. Sud oldida yakka holda javob bergandan ko‘ra, jamoa bo‘lib javob berish osonroq kechadi. Ammo Germaniyani hisobga olmaganda, aksar Yevropa Ittifoqi mamlakatlari rus gazi loyihasiga tish tirnoqlari bilan qarshilik qilib kelgani ham yodda turishi kerak.

Agarda Berlin rus gaz quvuri borasida o‘z siyosiy maslagini o‘zgartiradigan bo‘lsa, Germaniya sabab rus gaz quvuriga qo‘shilgan bir qator Yevropa Ittifoqi mamlakatlari rasmiy Berlinga siyosiy hujum boshlashlari ham turgan gap. Chunki Yevropaning aksar ko‘zga ko‘ringan Shell, Uniper, OMV kabi energetika kompaniyalari ruz gazi quvuriga 950 million yevro mablag‘ sarflagan. Italiya bosh vaziri Juzeppe Konte esa o‘tgan haftada Berlin qanday qarorga kelsa, Rim ham undan o‘rnak olishini ma’lum qilgan. Germaniya esa “Shimoliy oqim 2” loyihasini to‘xtatish bilan bog‘liq sud jarayonlari uzoqqa cho‘zilishini ham istamaydi.

Foto: Getty Images

6. Germaniya va Yevropa Ittifoqi “Shimoliy oqim 2” loyihasining davom etishi borasida qo‘shimcha choralar ko‘rmagan taqdirda rus loyihasi Yevropada o‘z ishini davom ettirishi uchun ruxsatnoma olishi ancha yillarga cho‘ziladigan jarayonga aylanadi. Loyiha qurib bitkaziladigan bo‘lsa, ruslar amerikaliklarning iqtisodiy choralaridan qo‘rqmaydigan kompaniya topishlariga ham to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, ruslar Yevropa Ittifoqining gaz bilan ta’minlanishi borasidagi ko‘rsatmalariga amal qilishi kerak bo‘ladi. Bu ko‘rsatmaga muvofiq esa gazni sotuvchi va undan foydalanuvchilar egalari boshqa-boshqa bo‘lishi kerak. Yevropa Ittifoqi esa Kremlga rus gazini Yevropada taqsimlash huquqi “Gazprom”ning mintaqadagi filiallariga berilmasligi borasida qat’iy ko‘rsatma berdi.

Koronavirus vaksinasi haqida

Koronavirusga qarshi vaksinani ishlab chiqarish hozirda katta foyda keltiradigan biznesga aylandi. AQSh hukumati koronavirusga qarshi vaksina tayyorlashga katta mablag‘ sarflamoqda. Shu bilan bir paytda o‘z raqobatchilarining  koronavirusga qarshi vaksinalarini ishonchsizligini isbotlash uchun ham katta moliyaviy xarajat qilmoqda, deb yozadi Nikkey Asian Review nashri. Ayniqsa, Rossiya va Xitoyda vaksina ustida olib borilayotgan muvaffaqiyatlar AQShni jig‘iga tegmoqda.

Xitoy va Rossiyaning koronavirusga qarshi vaksinasi ustidagi tajribalari ijobiy natija berar ekan, AQSh bu ikki mamlakatning tibbiyotiga tirnoq ostidan kir qidirish qabilida harakat qilmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda koronavirusga qarshi to‘qqizta vaksina ijobiy natijalarni berdi. Shu vaksinalarda to‘rttasi Xitoyda, bittasi Rossiyada yaratilmoqda. Rossiyada sinovlari ketayotgan “Sputnik V” nomli vaksinasi borasidagi mulohazalar yaqin o‘tgan vaqt ichida dunyo matbuotining bosh sahifalaridan o‘rin oldi.

Rossiya vaksinasi muvaffaqiyatlarga erishayotganiga qaramasdan, ular Xitoy tibbiyotchilari bilan vaksina ustida olib borilayotgan ishlar bilan hamfikrlikda ishlashga kelisha oldi. Mazkur qadamni esa rus–xitoy munosabatlarini yanada mustahkamlashi uchun tashlangan qadam sifatida baholash mumkin.

Foto: Getty Images

Rossiya federatsiyasi hukumati raisi o‘rinbosari Tatyana Golikovaning nazdida, rus va xitoylik tadqiqotchi olimlar koronavirusga qarshi vaksinani yaratish borasida hamkorlikda ish olib borishga va bir-birlariga yordam berishda memorandum imzoladi. Memorandumga binoan, qo‘shma laboratoriyada vaksina ustidagi klinik tajribalarga rahbarlik qilish I.I.Mechnikov nomidagi ilmiy tadqiqot instituti rahbarlik qiladi.

Avgust oyining o‘rtalarida CanSino Biologics Xitoy farmatsevtika kompaniyasi Rossiyada koronavirusga qarshi vaksinalarning uchinchi bosqichi ustida klinik tadqiqotlar o‘tkazishni boshladi. Klinik tadqiqotlar Rossiyadagi eng yirik “Petrovaks klinik” kompaniyasi laboratoriyasida o‘tkazilmoqda. Kompaniyaning ma’lum qilishicha, dastlabki vaksinalar ko‘ngilli 625 nafar koronavirusga chalingan bemorlar ustida o‘tkaziladi.

Testlar sentabr oyining oxirida o‘tkazilishi hisobga olinsa, rus–xitoy vaksinasi shu yilning kuz oylarida tayyor bo‘ladi. Vaksina sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tsa, “Petrovaks” kompaniyasi vaksinani ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni niyat qilgan. Biroq rasmiy Pekin mazkur bayonotga izoh bermagani ham ahamiyatga molik jihat.

Rus hukumati nazarida Xitoyning mazkur loyiha borasida sukut saqlaganining bir necha sabablari mavjud: avvalo, bir nechta vaksinaning yaratilishi, bemorlar oldida tanlov qilish kerakligi bilan izohlanadi. Ikkinchida, Rossiyadagi koronavirus ko‘lami kattaligi hisobga olinsa, kundan kunga koronavirus tashxisi qo‘yilayotgan bemorlar miqdorining oshib borayotganini to‘xtatib qolish. Bundan tashqari, ruslar koronavirusning klinik tajribalari muvaffaqiyatli amalga oshsa, g‘arbdagi hamkasblari bilan raqobatlashish.

Shu tariqa rus farm kompaniyasi Xitoy yordamida o‘z vaksinasining sotuvini yo‘lga qo‘yishni, millionlab pul ishlab olishni ko‘zlaydi. Shuningdek, Kreml G‘arbning e’lon qilgan sanksiyalari ostida qolayotgan bir vaziyatda Xitoy bilan kelishgan holda raqobatsiz vaksina ishlab chiqarish jarayoniga kirishdi. Aynan shu sabab ham Moskva va Pekin vaksina ishlab chiqarish jarayonida bir jamoa bo‘lishdan o‘zaro manfaatlidek.

Foto: Getty Images

AQSh hukumati bosh infeksionisti Entoni Fauchi yoz oyida rus hukumatining koronavirusga qarshi vaksinasi uchinchi bosqichga o‘tmasdan turib e’lon qilinishini tanqid ostiga oldi. Biror bir ijobiy natijasi aniqlanmagan, hali uchinchi bosqichga kirmagan vaksina tashviqotini yuritish amerikalik mutaxassislar nazarida noto‘g‘ridek.

AQShning ham vaksina yaratish borasida qat’iy nuqtayi nazari mavjud. Shu sababdan Vashington koronavirusga qarshi vaksina tayyor bo‘lishi uchun milliardlab mablag‘ sarflamoqda va hattoki Tramp koronavirusga qarshi vaksina 2021-yilning yanvar oyiga borib tayyor bo‘lishini ma’lum qildi. Raqiblar zinhor o‘zib ketishmasin-da!

Kutilmagan Tramp tikkan uloq Astra Zeneca vaksina borasidagi klinik tadqiqotlarini to‘xtatib turishini ma’lum qildi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti esa kompaniyaning mazkur qadamini ijobiy baholadi. Millionlar hayoti tikilgan raqobatda buni eng to‘g‘ri qaror deyish mumkin. Rossiya va Xitoy esa natijalari hali aniq bo‘lmagan vaksinani butun dunyoga tarqatishga tayyordek.

Jahongir Ergashev tayyorladi.