Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ekspertlari COVID-19 koronavirus infeksiyasidan himoyalanish uchun bolalar 12 yoshdan boshlab xuddi kattalar kabi tibbiy niqob taqishi zarurligini ma’lum qilgan edi. Shuningdek, JSST hamda YuNISEF besh yoshdan kichik bolalardan tibbiy niqob taqishini talab qilmaslik kerakligini qayd etgan.

Respublika maxsus komissiyasi va Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Nurmat Otabekov “Daryo” muxbirining 12 yoshdan kichik bolalar niqob taqishi shartmi, degan savoliga javob berib o‘tgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiya beruvchi organ hisoblanadi. Tashkilotning tavsiyalari har bir davlatda uning muhiti, sharoiti, tizimiga moslashtiriladi. Mening shu o‘rinda yana bir savol bergim keladi, biz 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarimizning kasallikka chalinishini xohlaymizmi? Xohlamaymiz. Maktabda bolalar uzog‘i bilan 5-6 soat bo‘ladi. Ular niqob taqish orqali o‘zlarini himoya qilyapti. Bu niqoblarning hammasi yetarli miqdorda havoni o‘tkazish qobiliyatiga ega, maxsus standartlar asosida ishlab chiqilgan. Biz bu kabi tavsiyalarni o‘zimizning amaliyotimizda qo‘llashdan avval tarozining ikki pallasini solishtirib ko‘rishimiz kerak.

Qaysi biridan biz ko‘proq manfaat ko‘ramiz: o‘sha nevaramizning qo‘lidagi uch marta almashtirib taqiladigan niqobdanmi yoki uni taqmasdan kasallikni yuqtirib olishdanmi? Demak, shu nuqtayi nazardan yondashadigan bo‘lsak, har bitta holatga o‘sha muhitdagi epidemik vaziyatdan, kasallikning yuqish qobiliyati nechog‘lik yuqori bo‘lganidan kelib chiqib, profilaktik tadbirlarga bolalarimiz nechog‘lik rioya etish imkoniyati borligi, qolaversa, ertalab o‘tkazayotgan filtrlarimiz sifatli bo‘ldimi, kasallikka chalinganlarning hammasini maktabga kiritmasdan uylariga qaytara oldikmi? Mana shu savollarga javob topishimiz kerak bo‘ladi. Mening fikrim, niqobni taqish kerak. Niqobdan biz ko‘proq samara ko‘ramiz. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar niqob taqishi shart emas, degan ekan, o‘rniga nima tavsiya qila olamiz? Ertaga, Xudo ko‘rsatmasin, masalan, do‘ppi torroq kelib qoladigan bo‘lsa, ular biz tavsiya berdik xolos, uni qabul qilish yoki qilmaslik o‘zingizni vazifangiz, deyishi mumkin. Biz farzandlarimizni kasallikdan saqlab qolish uchun qanday imkon bo‘lsa, hammasini ishga solganimiz maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Nurmat Otabekov, Respublika maxsus komissiyasi va Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi

Eslatib o‘tamiz, bundan oldingi brifingda Nurmat Otabekov O‘zbekistonda yosh bolalar orasida koronavirusdan o‘lim ko‘rsatkichlari yuqori ekanligi haqidagi gaplar haqiqatdan yiroqligini ma’lum qilgan. Avvalroq Koronavirusga qarshi kurash shtabining yana bir a’zosi Barno Abdusamatova O‘zbekistonda shu kungacha koronavirusga chalinganlarning 3 932 nafari bolalar bo‘lib, ular orasida o‘lim holatlari qayd etilmagani, bolalar orasida kasallik 7-18 yoshgacha bo‘lganlarda ko‘p uchrayotgani, umumiy kasallanish ko‘rsatkichining 55 foizini bolalar tashkil etishini aytgan.