81 yoshli O‘zbekiston xalq artisti Bobomurod Hamdamovning qizi uning uyi va mashinasini o‘z nomiga o‘tkazib olgani, endilikda xonanda va uning rafiqasi ko‘chada qolishi mumkinligi haqidagi xabar berilgan edi.  Taniqli san’atkorning qizi ota-onasining ushbu iddaosiga munosabat bildirar ekan, ushbu gap-so‘zlarni tuhmat, deb atadi.

Foto: YouTube

“Bo‘layotgan narsalarning hammasi tuhmat. O‘zlari rozi bo‘lib, shu narsalar senga qolsin, sen bizga shuncha yil qarading, deb menga berishgan. Agar o‘zlari rozi bo‘lmasa, men ularni qanday bu ishga majburlardim, qonun qayerda qoldi, ularning qo‘lidan hujjatni qanday olardim. Hammasi tuhmat-ku, bu?”, — deydi Bobomurod Hamdamovning qizi.

“Bu gaplarni gapirish menga oson emas, gapirmoqchi emasdim, lekin menga o‘zingni oqlashing kerak, gapirishing kerak, deyishdi. Odamlarning nima deyishi menga qiziq emas, muhimi har bir insonning Olloh oldida yuzi yorug‘ bo‘lsin.

Oilamizga tashqaridan kirib kelgan bir iflos inson bor. Uni iflos desam, onamga aytding, deb tuhmat qilishdi menga. Meni hali Xudo urgani yo‘q, ota-onamga iflos deyishga. Ularni iflos deguncha o‘lganim yaxshi. Shunchalik tuhmat qilishyaptiki, Xudodan qo‘rqmasdan tuhmat qilishyapti, mayli, ularga ham Xudoning qo‘ygani bordir. Olloh kifoya menga, ulardan hech narsa kerakmas. Men aslida shu iflosga qolib ketmasin, deb ularga to‘g‘ri bergan maslahatimni, noto‘g‘ri talqin qilib, qo‘shib-chatib gapirishyapti. Mayli, bu sinovlarga chidayman, Ollohning oldiga yorug‘ yuz bilan borsam bo‘ldi”, — deya so‘zlarini davom ettiradi san’atkorning qizi.

“Ota-onangizning uyini qaytarib berasizmi?” degan savolga u quyidagicha javob berdi:

“Agar ota-onamning o‘ziga bo‘lsa qaytarib beraman, lekin ular hozir mendan olib, unga berib yuborishmoqchi. Olloh o‘ziga bersin hammani. Ollohning uyiga borib keldim, o‘sha yerda ham hammaga hidoyat so‘radim. Mol-dunyo insonlarni insonlardan ajratib qo‘ymoqda. Ota-onani farzandlardan ajratib qo‘ymoqda”.

“Buni hammasini ukam qilyapti xotini bilan. Mayli, mana yaqinda oyoqlari sindi, qanaqa yig‘ladim, bir narsa bo‘lib qoladi onamga deb. Xo‘jayinim Buxoroga borib, tez yordam mashinasida o‘zi olib keldi. Kasalxonada yotganida kuniga ikki marta qatnadim. Chiqqanidan keyin 4 oy uyimda qaradim. Keyin ketdilar uylariga. Uyga ketganidan keyin ham ikkita qaraydigan qizlarni topib berdim, ularni haydab yubordilar. O‘zim borib qarab turdim, choyni qo‘shnini chaqirib damlatayotgan ekanlar. 11-iyul kuni meni uyga kiritmadilar. Eshikni qulflab, ketaver, kelma, dedilar. Keyin bilsam, ukam xotini bilan kelishgan ekan. Hozir ota-onam izolyatsiyada, hech kim uyga kirib chiqa olmaydi. Qarindosh urug‘larning telefon raqami “qora ro‘yxatda”. Menikiyam, akamnikiyam. Qaysi farzand ota-onasini sudga beradi? Mana shu ukam ota-onamni bir necha marta sudga bergan. Shu kungacha nima kun ko‘rgan bo‘lsak, shu ukamning orqasidan”, — deydi Bobomurod Hamdamovning qizi.