O‘zbekistonda 19-sentabr soat 23:00 dan 20-sentabr soat 23:00 ga qadar koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 648 ta holat qayd etildi. Bu so‘nggi 10 kun ichidagi eng yuqori ko‘rsatkich. Ketma-ket uchinchi kun kasallanganlar soni 600 nafardan yuqori bo‘lmoqda. Yangi holatlardan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 51640 nafarga yetdi. Koronavirusga chalinish holatlarining 1,25 foizi 20-sentabrga to‘g‘ri keldi.

SSV hisobi bo‘yicha 433, “Daryo” hisobi bo‘yicha 450 kishi koronavirus asoratlaridan vafot etgan.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallangan 648 kishining barchasi tana harorati ko‘tarilgani bois profilaktika maqsadida hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan:

  • Toshkent shahrida — 429 nafar;
  • Toshkent viloyatida — 121 nafar;
  • Namangan viloyatida — 45 nafar;
  • Andijon viloyatida — 18 nafar;
  • Samarqand viloyatida — 13 nafar;
  • Xorazm viloyatida — 7 nafar;
  • Qashqadaryo viloyatida — 6 nafar;
  • Sirdaryo viloyatida — 5 nafar;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 4 nafar.

Kun davomida 9 ta hududda koronavirusga chalinish holati qayd etildi. 28-avgust kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kuniga o‘rtacha 370 nafar yangi bemor aniqlanishi karantin talablari yumshatilgan hozirgi sharoitda nazorat ko‘rsatkichi bo‘lishini qayd etgandi. Prezident haqiqiy holat bo‘yicha raqamlarni yashirishga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida barcha rahbarlarni ogohlantirdi. Bunga urinish jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan qat’iy choralarga olib kelishi mumkinligi ta’kidlandi. Oxirgi 13 kunda kunlik kasallanish holatlari nazorat ko‘rsatkichidan baland bo‘lmoqda.

Toshkent shahrida 429 kishida koronavirus aniqlandi. Bu Toshkentda sentabr oyida eng ko‘p kasallik aniqlangan kunlar orasida ikkinchi natijadir. 11-sentabr kuni poytaxtda 510 kishida koronavirus qayd etilib, nafaqat sentabr oyining, balki butun epidemiya mavsumi davomidagi antirekord o‘rnatilgandi. Sentabrning 20 kunida Toshkentda kasallanganlar soni 5843 nafarga ko‘paydi. Bu butun O‘zbekiston bo‘yicha kasallanish holatlarining 11,3 foiziga teng deganidir.

Toshkent viloyatida 10-sentabr kuni 186 kishida COVID-19 aniqlanganidan so‘ng kunlik kasallanish holatlari pasaymoqda: 11-sentabrda 182, 12-sentabrda 162, 13-sentabrda 143, 14-sentabrda 130, 15-sentabrda 128, 16-sentabrda 126, 17-sentabrda 125, 18-sentabrda 123, 19-sentabrda 122 va 20-sentabrda 121 kishida koronavirus qayd etildi. Sentabrning o‘zida Toshkent viloyatida koronavirusga chalinganlar soni 2425 nafarga ko‘payib, umumiy kasallanganlar soni 9630 nafarga yetdi. Bu O‘zbekiston bo‘yicha koronavirusga chalinganlarning 18,6 foiziga tengdir.

Namangan viloyatida 45 kishida koronavirus qayd etildi. Sentabr oyining 16 kunida Namanganda yangi kasallanish holatlari aniqlandi. Bu kunlarda Namangan viloyatida koronavirusga chalinganlar soni 436 kishiga ko‘paydi. Bu qo‘shni Farg‘ona viloyatidagi aniqlangan barcha holatlardan ham ko‘p deganidir. Namanganda kasallanganlarning umumiy soni 1345 nafarga yetdi. O‘zbekiston bo‘yicha koronavirusga chalinganlarning 2,6 foizi Namangan hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

Andijon viloyatida 18 kishida COVID-19 qayd etildi. Viloyatda 3-sentabrdan buyon uzluksiz ravishda kasallanish holatlari qayd etilmoqda. Ushbu 18 kun ichida viloyatda koronavirusga chalinganlar soni 216 nafarga ko‘paydi. Bu Jizzax viloyatida butun epidemiya mavsumida qayd etilgan kasallanish holatlaridan ham ko‘p deganidir. Andijonda kasallanganlarning umumiy soni 1426 nafarga yetdi. O‘zbekiston bo‘yicha COVID-19 tashxisi qo‘yilganlarning 2,76 foizi Andijon viloyati hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

Samarqand viloyatida 13 kishida koronavirus aniqlandi. Sentabr oyida viloyatda faqat 2, 8 va 14-sentabr kunlari yangi holatlar ro‘yxatga olinmadi. Oy davomida kasallanganlar soni 308 nafarga ko‘paydi. Samarqandda COVID-19 qayd etilganlarning umumiy soni 2026 nafarga yetdi. O‘zbekiston bo‘yicha koronavirusga chalinganlarning 3,92 foizi Samarqand viloyatiga to‘g‘ri keladi.

Xorazm viloyatida 7 kishida koronavirus qayd etildi. Viloyatda avgust oyida faqat 9 kunda yangi kasallanish holatlari aniqlangandi. Sentabrning 11 kunida Xorazmda yangi kasallanganlar aniqlanib bo‘lindi. Oy davomida COVID-19 qayd etilganlar soni 89 nafarga ko‘payib, kasallanganlarning umumiy soni 559 nafarga yetdi. O‘zbekiston bo‘yicha koronavirusga chalinganlarning 1,08 foizi Xorazm viloyati hissasiga to‘g‘ri keladi.

Qashqadaryo viloyatida 6 kishida kasallik qayd etildi. Sentabrning 16 kunida viloyatda yangi holatlar ro‘yxatga olindi. Bu kunlarda COVID-19 qayd etilganlar soni 122 nafarga ko‘paydi. Bu viloyatdagi barcha kasallanish holatlarining 11,3 foiziga tengdir. Qashqadaryoda koronavirusga chalinganlarning umumiy soni hozirda 1076 nafarni tashkil etmoqda.

Sirdaryo viloyatida 5 kishida koronavirus aniqlandi. Sirdaryoda sentabr oyi davomida koronavirusga chalinganlar soni 35 nafarga ko‘paydi. Viloyatda COVID-19 qayd etilganlar soni 796 nafarni tashkil etmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 4 kishida koronavirus aniqlandi. Respublikada oxirgi 33 kun ichida 17 marta yangi kasallanish holatlari ro‘yxatga olingan bo‘lsa, bu kunlarda biron marta yangi bemorlar soni 8 nafardan oshmadi. Qoraqalpog‘istonda koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 489 nafarga yetdi. Bu O‘zbekiston bo‘yicha kasallikka chalinganlarning 0,94 foiziga teng deganidir.

O‘lim holatlari va ahvoli og‘ir bemorlar

Birinchi o‘lim. Toshkent shahri Yashnobod tumanida yashagan 53 yoshli S.M. ismli erkak vafot etgan.

Ikkinchi o‘lim. Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida yashagan 57 yoshli R.E. ismli erkak vafot etgan.

Uchinchi o‘lim. Toshkent shahri Yunusobod tumanida yashagan 63 yoshli M.A. ismli ayol vafot etgan.

To‘rtinchi o‘lim. Toshkent shahri Olmazor tumanida yashagan 61 yoshli R.R. ismli erkak vafot etgan.

Beshinchi o‘lim. Toshkent shahrida 77 yoshli R.Sh. ismli ayol vafot etgan.

Shuningdek, 20-sentabr kuni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev kuni 56 yoshida vafot etdi.

O‘ktam Barnoyev.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Iyulda O‘ktam Barnoyev koronavirusga chalingani, u Toshkentdagi Akfa Medline xususiy klinikasida davolanayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

UZ24’ning hukumatga yaqin manbalarga tayanib xabar berishicha, Barnoyevda koronavirusdan so‘ng insult kuzatilgan, shundan keyin u davolanish va bosh miyasida jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun Germaniyaga olib ketilgan va o‘sha yerda vafot etgan.

O‘ktam Barnoyev qachon Germaniyaga olib ketilgani noma’lum. Ammo 16-avgust kuni Telegram’dagi AviaSpotter kanali Germaniyaning Nyurnberg shahridan Toshkentga bemorlarni tashish uchun kerakli jihozlar o‘rnatilgan Bombardier Challenger 604 samolyoti kelgani haqida xabar bergandi.

Foto: Aviaspotter

Bosh vazir o‘rinbosari aynan shu samolyotda Germaniyaga olib borilganmi yoki yo‘q, bunisi noma’lum.

O‘ktam Barnoyev Germaniyada vafot etgan bo‘lsa-da, Sog‘liqni saqlash vazirligi uni Toshkent shahrida vafot etganlar ro‘yxatiga qo‘shdi. “Daryo” nashri O‘zbekistonda koronavirusdan vafot etganlarning hisobini yuritib kelmoqda. O‘ktam Barnoyev O‘zbekistonda vafot etmagani uchun “Daryo” uni koronavirus qurbonlari safiga kiritmaslikka qaror qildi.

Hozirgacha Sog‘liqni saqlash vazirligi 433 kishining koronavirus asoratlaridan vafot etganini xabar berdi. “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirusga chalingach, vafot etganlar soni 450 nafarni tashkil etmoqda.

SSV tomonidan koronavirus qurboni bo‘lgani “tan olinmaganlar”:

Taniqli rejissor Sarvar Karimov ham 17-iyul kuni otasi koronavirus infeksiyasidan vafot etgani, ammo unga tashxis qo‘yilmaganini ma’lum qilgandi. Rejissorning o‘zi va uning boshqa oila a’zolarida koronavirus tasdiqlangan. Shuningdek, 26-iyul kuni bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov 24-iyul kuni Samarqanddagi Ipak yo‘li xalqaro turizm universitetining 33 yoshli magistranti O‘tkir Temirov kasallikdan vafot etganini aytgan. Ma’lum bo‘lishicha, marhum o‘zida COVID-19’ning barcha belgilari bo‘lsa-da, test ham topshira olmagan, kasalxonaga ham yota olmagan. Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumani shifoxonasining 32 yoshli tez tibbiy yordam hamshirasi Aliya Jiyemuratova 28-iyul kuni koronavirusdan vafot etgani haqida “Makan.uz” xabar tarqatdi. Qashqadaryoda yana bir tibbiyot xodimi, xususiy klinika bosh shifokori To‘raqul Xoliqov 65 yoshida vafot etdi. “Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan xususiy klinika mas’ullarining ta’kidlashicha, To‘raqul Xoliqov so‘nggi bir oy davomida koronavirus kasalligidan davolanib kelgan. 16-sentabr kuni Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Xayrulloh Turmatov 44 yoshda vafot etdi. “Daryo” manbalari uning koronavirusdan davolanayotgan bo‘lganini ma’lum qildi.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 3275 nafar bemordan 557 nafari og‘ir, 245 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. Ahvoli og‘ir va o‘ta og‘ir bemorlarning umumiy soni bir kun oldin 762 nafarni tashkil etayotgandi, endi esa 802 nafarga yetdi. Bu so‘nggi 35 kun ichidagi eng yuqori ko‘rsatkich. Hozirda davolanishni davom ettirayotganlarning 24,5 foizining ahvoli og‘ir bo‘lib turibdi. Boshqacha aytganda, davolanishni davom ettirayotgan har to‘rtinchi bemor og‘ir ahvolda.

Kasallikdan davolanish

20-sentabr kuni O‘zbekistonning 9 ta hududida 661 nafar bemor koronavirusdan sog‘aydi. Bu so‘nggi 23 kun ichida eng ko‘p bemor sog‘aygan kun bo‘ldi. Shuningdek, sentabr oyida sakkizinchi marta kunlik sog‘ayish ko‘rsatkichi yangi kasallanish holatlaridan ortiq bo‘ldi.

Yangi tuzalganlarning

  • 436 nafari Toshkent shahrida;
  • 119 nafari Toshkent viloyatida;
  • 48 nafari Namangan viloyatida;
  • 16 nafari Andijon viloyatida;
  • 13 nafari Qashqadaryo viloyatida;
  • 13 nafari Samarqand viloyatida;
  • 9 nafari Sirdaryo viloyatida;
  • 4 nafari Xorazm viloyatida;
  • 3 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasida kasallikdan forig‘ bo‘ldi.

Ularning qanchasi uy sharoitida, qanchasi statsionar sharoitda davolanganiga SSV aniqlik kiritmagan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi sabab sog‘liqni saqlash tizimiga tushayotgan yuklamani bir qadar yengillatish maqsadida 5-iyuldan boshlab koronavirus infeksiyasi alomatsiz kechayotgan bemorlarga uy sharoitida davolanishga ruxsat berilgan, ushbu yo‘nalishda yo‘riqnoma va eslatmalar ham e’lon qilingan.

Biroq Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalinganlarga doir axborotlarida yangi bemorlarning qanchasida kasallik alomatsiz (simptomsiz) kechayotganiga aniqlik kiritmayapti, shu boisdan ayni vaqtda koronavirusdan davolanayotgan bemorlarning qanchasi kasalxonalarda qolayotgani, qanchasi uy sharoitida davolanayotgani ma’lum emas.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 51 640 nafar bemordan 47 932 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 92,8 foizni tashkil etmoqda5—9-sentabr kunlari davolanish ko‘rsatkichi pandemiya davrida ilk marta 94 foizga chiqqandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlari bo‘yicha ayni paytda 3275 nafar bemor COVID-19’dan davolanmoqda. Ketma-ket ikkinchi kun davolanishni davom ettirayotganlar soni kamaymoqda. Ammo 7-sentabrda davolanayotgan bemorlar soni 2027 nafargacha tushgandi.

Hozirda eng ko‘p bemor Toshkent shahrida davolanmoqda — 2123 nafar. Farg‘onada 12, Navoiyda 16, Qoraqalpog‘istonda 22, Surxondaryoda 29, Jizzaxda 36, Buxoroda 36, Xorazmda 40, Sirdaryoda 44, Qashqadaryoda 58, Andijonda 108, Namanganda 128, Samarqandda 139 va Toshkent viloyatida 484 nafar bemor qoldi.