O‘zbekistonda bolalar orasida koronavirusga chalinish holatlari ko‘payayotgani munosabati bilan pediatrik koykalar zaxirasi tayyorlanmoqda. Bu haqda Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti rektori, SSV huzuridagi koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha shtab a’zosi, professor Habibulla Oqilov “O‘zbekiston 24” telekanali “Axborot 24” dasturi 18-sentabr soniga bergan intervyusida aytib o‘tgan.

“Mana, maktablar ishlashni boshladi. Tabiiyki, kasallarning soni bugungi kunga kelib, oshib bormoqda. Ming afsus, O‘zbekistonda oldin bolalar deyarli kasal bo‘lmayotgan edi. Hozir bolalar kontingentining ichida ham kasallanish bor. Shuning uchun biz pediatrik koykalar zaxirasini ham tayyorlayapmiz va pediatr kadrlarni ham tayyorlash rejalashtirilgan”, — dedi professor Habibulla Oqilov.

Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi 17-sentabr kuni Bo‘stonliq tumanida yashagan 11 yoshli o‘g‘il bola koronavirus infeksiyasi asoratlaridan vafot etgani haqida axborot berdi. Ma’lum bo‘lishicha, bola 5-sentabr kuni vafot etgan (SSV nima uchun bu holat haqida 12 kun o‘tgachgina axborot bergani noma’lum), u 2012-yildan beri og‘ir tashxis bilan dispanser nazoratida turgan.

Habibulla Oqilov iyul oyida “O‘zbekiston 24” telekanalining “Studiya 24” dasturi orqali qilgan chiqishida O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi oqibatida 14 yoshli bola vafot etganini aytib o‘tgan edi, biroq oradan ikki oy o‘tib uning bu so‘zlari yolg‘on ekani ma’lum bo‘ldi.

Xususan, SSV huzuridagi koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Barno Abdusamatova 28-avgust kuni qilgan chiqishida O‘zbekistonda shu vaqtgacha 3 932 nafar bola koronavirusga chalingani, biroq ularning hech birida kasallik og‘ir kechmagani va o‘lim holati bo‘lmaganini ma’lum qilgan edi.