“Chiroqchi voqeasi” aybdorlari ishini ko‘rib chiqqan Oliy sud sudyasi Kamoliddin Tolliboyev raisligidagi sudlov hay’ati marhum Yusuf Abdurahmonov o‘limida ayblanganlarga hukm o‘qidi, deya xabar berdi “Daryo” muxbiri.

Foto: “Daryo”

Ma’lum bo‘lishicha, Chiroqchi tumani IIO FMB 4-sonli IIB boshlig‘i lavozimida ishlagan Nurbek Ovlayev 2 yil 6 oy IIB tizimida hamda boshqa mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 9 yil ozodlikdan mahrum qilingan.

Chiroqchi tumani IIO FMB 4-sonli IIB jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakili lavozimida ishlagan Anvar Jonqobilov ham 2 yil IIBda hamda boshqa mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 8 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilingan.

Chiroqchi tumani IIO FMB 4-sonli IIB profilaktika inspektori lavozimida ishlagan Sherzod Rahmonov 2 yil IIBda hamda boshqa mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, unga 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Foto: “Daryo”

Profilaktika inspektori Adham Tojinorov ham 2 yil IIBda hamda boshqa mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 5 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilingan.

Chiroqchi tumani IIO FMB 4-sonli IIB jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakili lavozimida ishlagan Boburmirzo G‘ayratovga esa 2 yil IIBda hamda boshqa mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Prokuror Shahboz Abdiyevning Go‘zal Abdiyeva foydasiga 52 million 750 ming so‘m moddiy va ma’naviy zararni undirish to‘g‘risidagi so‘rovi jabrlanuvchining qonuniy vakili da‘vosidan voz kechgani uchun rad etilgan.

Eslatib o‘tamiz, sudda davlat ayblovchisi sifatida ishtirok etgan Qashqadaryo viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Shahboz Abdiyev sud muzokarasida Chiroqchi tuman IIO FMB 4-sonli IIB boshlig‘i lavozimida ishlagan sudlanuvchi Nurbek Ovlayev hamda Chiroqchi tumani IIO FMB 4-sonli IIB jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakili lavozimida ishlagan Anvar Jonqobilovlar 3 yil muddatga IIB tizimida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 10 yilga ozodlikdan mahrum qilinishini so‘ragan edi.

Foto: “Daryo”

Prokuror, shuningdek, marhum Yusuf Abdurahmonov istiqomat qilgan va mol o‘g‘riligi bo‘yicha shikoyatlar ko‘paygan Langar qishlog‘ining sobiq profilaktika inspektori Sherzod Rahmonov ham 3 yil muddatga IIB tizimida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 9 yil muddatga umumiy tartibli koloniyalarda ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tashini so‘ragan.

Davlat ayblovchisi Adham Tojinorovning ham IIBda ishlash huquqi 3 yilga cheklanishi va 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilinishini, Langar qishlog‘idagi mol o‘g‘riligi bo‘yicha Prezident portaliga qilingan murojaatni o‘rganish maqsadida ushbu qishloqqa borib, murojaatchi nomidan tilxat yozgan va murojaatni soxta hujjatlar bilan yopishga uringan Chiroqchi tumani IIO FMB 4-sonli IIB jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakili lavozimida ishlagan Boburmirzo G‘ayratov ham 2 yil 6 oy muddatga IIB tizimida ishlashdan mahrum qilinib, 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilinishini so‘ragandi.

Shahboz Abdiyev marhumning qonuniy vakili Go‘zal Abdiyeva foydasiga 52 million 750 ming so‘m moddiy va ma’naviy zarar undirilishi lozimligini ham ta’kidlagandi. Go‘zal Abdiyeva esa sud hay’atidan sudlanuvchilar — Nurbek Ovlayev hamda Anvar Jonqobilovlarni sud zalidan ozod qilishni so‘ragan edi.