Bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyevning hayotini saqlab qolish uchun O‘zbekiston rahbariyati “qo‘lidan kelgan hamma narsani qildi”. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-sentabr kuni marhumning xonadoniga uning oila a’zolaridan ko‘ngil so‘rab borganida aytib o‘tdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, O‘ktam Barnoyev uni “gapirmasam ham tushunardi”.

O‘ktamjon olijanob, zabardast, fidoyi, vatanparvar, o‘rnak olishga arzigulik inson edi. Bosh vazir paytlarimda ham birga ishladik. Gapirmasam ham meni tushunardi.

Bir insonning tarbiyalanib, shunday kadr bo‘lib yetishishi oson emas. Ayniqsa, oxirgi paytlar og‘ir sohani berib, ko‘nglim tinchib, ko‘p ishlarni boshlagan edik.

Bu ofat butun dunyoga keldi. Qo‘limizdan kelgan hamma narsani qildik. Lekin o‘lim haq. Allohning irodasi ekan. Bu hammamizga musibat. Joyi jannatda bo‘lsin.

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Prezidenti

Eslatib o‘tamiz, bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev 20-sentabr kuni vafot etgandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Barnoyev Germaniyada vafot etgan — u xorijiy mamlakatga davolanish uchun olib ketilgan bo‘lgan. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Barnoyevning o‘limini Toshkent shahridagi koronavirus qurbonlari ro‘yxatiga qo‘shdi. Bosh vazir o‘rinbosarining koronavirusga chalingani iyul oyi oxirida ma’lum bo‘lgan edi.