O‘zbekistonda 20-sentabr soat 23:00 dan 21-sentabr soat 23:30 ga qadar koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 619 ta holat qayd etildi. Ketma-ket to‘rtinchi kun kasallanganlar soni 600 nafardan yuqori bo‘lmoqda. Yangi holatlardan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 52259 nafarga yetdi. Koronavirusga chalinish holatlarining 1,18 foizi 21-sentabrga to‘g‘ri keldi.

SSV hisobi bo‘yicha 438, “Daryo” hisobi bo‘yicha 457 kishi koronavirus asoratlaridan vafot etgan.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallangan 619 kishining barchasi tana harorati ko‘tarilgani bois profilaktika maqsadida hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan:

  • Toshkent shahrida — 314 nafar;
  • Toshkent viloyatida — 131 nafar;
  • Namangan viloyatida — 115 nafar;
  • Andijon viloyatida — 20 nafar;
  • Jizzax viloyatida — 12 nafar;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 8 nafar;
  • Buxoro viloyatida — 8 nafar;
  • Navoiy viloyatida — 7 nafar;
  • Farg‘ona viloyatida — 4 nafar.

Kun davomida 9 ta hududda koronavirusga chalinish holati qayd etildi. 28-avgust kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kuniga o‘rtacha 370 nafar yangi bemor aniqlanishi karantin talablari yumshatilgan hozirgi sharoitda nazorat ko‘rsatkichi bo‘lishini qayd etgandi. Prezident haqiqiy holat bo‘yicha raqamlarni yashirishga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida barcha rahbarlarni ogohlantirdi. Bunga urinish jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan qat’iy choralarga olib kelishi mumkinligi ta’kidlandi. Oxirgi 14 kunda kunlik kasallanish holatlari nazorat ko‘rsatkichidan baland bo‘lmoqda.

Toshkent shahrida 314 kishida koronavirus aniqlandi. Toshkentda sentabr oyida eng kam kasallik aniqlangan kunda 109 ta (3-sentabr), eng ko‘p kasallik aniqlangan kunda 510 ta (11-sentabr) yangi holat ro‘yxatga olindi. Sentabrning 21 kunida Toshkentda kasallanganlar soni 6157 nafarga ko‘paydi. Hozirda Toshkentda koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 31709 nafarga yetdi. Poytaxtdagi barcha kasallanish holatlarining 19,4 foizi sentabrga to‘g‘ri keldi.

Toshkent viloyatida 10-sentabr kuni 186 kishida COVID-19 aniqlanganidan so‘ng kunlik kasallanish holatlari pasayib kelayotgandi: 11-sentabrda 182, 12-sentabrda 162, 13-sentabrda 143, 14-sentabrda 130, 15-sentabrda 128, 16-sentabrda 126, 17-sentabrda 125, 18-sentabrda 123, 19-sentabrda 122 va 20-sentabrda 121 kishida koronavirus qayd etildi. 10 kunlik pasayishdan so‘ng 21-sentabrga kelib kasallanganlar soni ko‘payishni boshladi va 131 kishida COVID-19 aniqlandi. Sentabrning o‘zida Toshkent viloyatida koronavirusga chalinganlar soni 2556 nafarga ko‘payib, umumiy kasallanganlar soni 9761 nafarga yetdi. Bu O‘zbekiston bo‘yicha koronavirusga chalinganlarning 18,6 foiziga tengdir.

Namangan viloyatida 115 kishida koronavirus qayd etildi. Bu viloyat uchun antirekord hisoblanadi. Avvalgi antirekord 17-sentabrda o‘rnatilgan va o‘sha kuni 94 kishida COVID-19 aniqlangandi. Sentabr oyining 17 kunida Namanganda yangi kasallanish holatlari aniqlandi. Bu kunlarda Namangan viloyatida koronavirusga chalinganlar soni 551 kishiga ko‘paydi. Bu Jizzax, Farg‘ona, Qoraqalpog‘iston va Navoiyda qayd etilgan holatlardan ham ko‘p deganidir. Viloyatda kasallanganlar soni 1460 nafarga yetdi. Namangan viloyati koronavirusga chalinganlar soni bo‘yicha Andijondan ham o‘tib ketdi. Namangan viloyati 14-sentabrda Qashqadaryoni, 16-sentabrda Buxoroni ortda qoldirgandi.

Andijon viloyatida 20 kishida COVID-19 qayd etildi. Viloyatda 3-sentabrdan buyon uzluksiz ravishda kasallanish holatlari qayd etilmoqda. Ushbu 19 kun ichida viloyatda koronavirusga chalinganlar soni 236 nafarga ko‘paydi. Bu Jizzax viloyatida butun epidemiya mavsumida qayd etilgan kasallanish holatlaridan ham ko‘p deganidir. Andijonda kasallanganlarning umumiy soni 1446 nafarga yetdi. Andijon viloyati koronavirusga chalinganlar soni bo‘yicha 5-o‘ringa tushib qoldi.

Jizzax viloyatida 12 kishida koronavirus qayd etildi. Sentabrning 4 kunida viloyatda yangi bemorlar ro‘yxatga olindi. Bu kunlarda kasallanganlar soni 46 nafarga ko‘payib, 201 nafarga yetdi. Jizzax koronavirusga chalinganlar soni 200 nafardan oshgan eng oxirgi viloyat bo‘ldi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 8 kishida koronavirus aniqlandi. Respublikada oxirgi 34 kun ichida 18 marta yangi kasallanish holatlari ro‘yxatga olingan bo‘lsa, bu kunlarda biron marta yangi bemorlar soni 8 nafardan oshmadi. Qoraqalpog‘istonda koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 497 nafarga yetdi. Bu O‘zbekiston bo‘yicha kasallikka chalinganlarning 0,95 foiziga teng deganidir.

Buxoro viloyatida 8 kishida koronavirus qayd etildi. SSV ma’lumotlari bo‘yicha, sentabr oyida viloyatda kasallikka chalinganlar soni 87 nafarga ko‘paydi. Ammo 13-sentabr kuni o‘tkazilgan brifingda Buxoro viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Dilfuza Mustafoyeva viloyatda 239 nafar o‘qituvchi va maktab xodimi koronavirusga chalinganini ma’lum qilgandi. Viloyat hokimi o‘rinbosari Mirali Hamroyev esa bu xabarni rad etib, maktab xodimlarining testi birlamchi ekanligi, ulardan qayta test olinishini bildirgandi. Hozirda Buxoroda koronavirusga chalinganlar soni rasman 1133 nafarni tashkil etmoqda.

Navoiy viloyatida 7 kishida koronavirus aniqlandi. SSV jadvali bo‘yicha viloyatda sentabrda koronavirusga chalinganlar soni atigi 31 kishiga ko‘paydi va 537 nafarga yetdi. Bu O‘zbekiston bo‘yicha COVID-19 tashxisi qo‘yilganlarning 1,03 foiziga teng deganidir.

Farg‘ona viloyatida 4 kishida COVID-19 aniqlandi. Sentabr oyida viloyatda 14 kunda yangi kasallanganlar ro‘yxatga olindi. Oy davomida Farg‘onada koronavirusga chalinganlar soni 51 kishiga ko‘paydi. Farg‘onadagi jami kasallanganlar soni 379 nafarni tashkil etmoqda. Bu O‘zbekiston bo‘yicha koronavirusga chalinganlarning 0,72 foiziga tengdir.

O‘lim holatlari va ahvoli og‘ir bemorlar

Birinchi o‘lim. Toshkent shahri Yunusobod tumanida yashagan 65 yoshli Z.Ch. ismli ayol vafot etgan.

Ikkinchi o‘lim. Toshkent shahri Shayxontohur tumanida yashagan 46 yoshli H.I. ismli erkak vafot etgan.

Uchinchi o‘lim. Toshkent shahrida yashagan 62 yoshli X.Sh. ismli erkak vafot etgan.

To‘rtinchi o‘lim. Toshkent shahrida yashagan 31 yoshli S.B. ismli erkak vafot etgan.

Beshinchi o‘lim. SSV 21-sentabr 23:30 dagi axborotida COVID-19 oqibatida vafot etgan bir kishi haqida xabar berdi. “1 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etdi”, — deyiladi SSV axborotida. Vazirlik vafot etgan shaxsning na yoshiga, na ism-sharifining bosh harfiga, na jinsiga, na qaysi hududdan ekanligiga aniqlik kiritgan. Biroq kun yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan jadvalda Toshkent viloyatida vafot etgan bemorlar soni bir kun ichida 1 nafarga ko‘payganini ko‘rish mumkin. Bundan tashqari, SSV 3 erkak va 2 ayolning o‘limi haqida xabar bergan. Bundan shunday xulosa qilish mumkinki, Toshkent viloyatida yashovchi ayol kishi koronavirus asoratlari oqibatida vafot etgan.

Oltinchi o‘lim. 5-sentabr kuni Xorazm viloyat 1-son klinik shifoxonasi shifokori Baxtiyor Qilichev 66 yoshida vafot etgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Unda bemorning o‘limiga koronavirus asoratlar sabab bo‘lgani haqida yozilgan. 15-sentabr kuni Xorazm viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi Urganch shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli karantin shifoxonasidan olingan kasallik tarixi ma’lumotlariga tayanib, marhumda koronavirus infeksiyasi tasdiqlanmaganini ma’lum qildi.

Foto: “Gazeta.uz”

“Gazeta.uz” nashri bilan suhbatlashgan marhumning rafiqasi Sanobar Jumaniyozova (terapevt) va uning hamkasblari ushbu bayonotga qo‘shilmagan. Ular laboratoriya tahlillari va tekshiruvlarga asoslanib, Qilichevning o‘limiga aynan koronavirus asoratlar sabab bo‘lganini tasdiqlamoqda.

Yettinchi o‘lim. O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligining Birinchi bo‘lim mas’ul xodimi Shuhrat Rasulov vafot etdi. Bu haqda vazirlik tomonidan ma’lum qilindi.

Shuhrat Rasulov, O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligining Birinchi bo‘lim mas’ul xodimi

Foto: Xalq ta’limi vazirligi

“O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi jamoasi Birinchi bo‘lim mas’ul xodimi Shuhrat Vohitovich Rasulovning vafoti munosabati bilan uning oila a’zolariga, yaqinlariga va do‘stlariga ta’ziya izhor qiladi”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Vazirlik 1962-yilda tug‘ilgan 58 yoshli Shuhrat Rasulov so‘nggi vaqtlarda koronavirus infeksiyasidan shifoxonada davolanayotganini ma’lum qilgan, biroq keyinroq xabardan mazkur jumlani o‘chirib tashlagan.

Hozirgacha Sog‘liqni saqlash vazirligi 438 kishining koronavirus asoratlaridan vafot etganini xabar berdi. “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirusga chalingach vafot etganlar soni 457 nafarni tashkil etmoqda.

SSV tomonidan koronavirus qurboni bo‘lgani “tan olinmaganlar”:

Shuningdek, bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev Germaniyada vafot etgan bo‘lsa-da, Sog‘liqni saqlash vazirligi uni Toshkent shahrida vafot etganlar ro‘yxatiga qo‘shdi. O‘ktam Barnoyev O‘zbekistonda vafot etmagani uchun “Daryo” uni koronavirus qurbonlari safiga kiritmaslikka qaror qildi.

Taniqli rejissor Sarvar Karimov ham 17-iyul kuni otasi koronavirus infeksiyasidan vafot etgani, ammo unga tashxis qo‘yilmaganini ma’lum qilgandi. Rejissorning o‘zi va uning boshqa oila a’zolarida koronavirus tasdiqlangan. Shuningdek, 26-iyul kuni bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov 24-iyul kuni Samarqanddagi Ipak yo‘li xalqaro turizm universitetining 33 yoshli magistranti O‘tkir Temirov kasallikdan vafot etganini aytgan. Ma’lum bo‘lishicha, marhum o‘zida COVID-19’ning barcha belgilari bo‘lsa-da, test ham topshira olmagan, kasalxonaga ham yota olmagan. Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumani shifoxonasining 32 yoshli tez tibbiy yordam hamshirasi Aliya Jiyemuratova 28-iyul kuni koronavirusdan vafot etgani haqida “Makan.uz” xabar tarqatdi. Qashqadaryoda yana bir tibbiyot xodimi, xususiy klinika bosh shifokori To‘raqul Xoliqov 65 yoshida vafot etdi. “Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan xususiy klinika mas’ullarining ta’kidlashicha, To‘raqul Xoliqov so‘nggi bir oy davomida koronavirus kasalligidan davolanib kelgan. 16-sentabr kuni Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Xayrulloh Turmatov 44 yoshda vafot etdi. “Daryo” manbalari uning koronavirusdan davolanayotgan bo‘lganini ma’lum qildi.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 3215 nafar bemordan 536 nafari og‘ir, 283 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. Ahvoli og‘ir va o‘ta og‘ir bemorlarning umumiy soni bir kun oldin 802 nafarni tashkil etayotgandi, endi esa 819 nafarga yetdi. Bu so‘nggi 36 kun ichidagi eng yuqori ko‘rsatkich. Hozirda davolanishni davom ettirayotganlarning 25,4 foizining ahvoli og‘ir bo‘lib turibdi. Boshqacha aytganda, davolanishni davom ettirayotgan har to‘rtinchi bemor og‘ir ahvolda.

Kasallikdan davolanish

21-sentabr kuni O‘zbekistonning 8 ta hududida 674 nafar bemor koronavirusdan sog‘aydi. Bu so‘nggi 24 kun ichida eng ko‘p bemor sog‘aygan kun bo‘ldi. Shuningdek, sentabr oyida to‘qqizinchi marta kunlik sog‘ayish ko‘rsatkichi yangi kasallanish holatlaridan ortiq bo‘ldi.

Yangi tuzalganlarning

  • 396 nafari Toshkent shahrida;
  • 130 nafari Toshkent viloyatida;
  • 85 nafari Namangan viloyatida;
  • 30 nafari Jizzax viloyatida;
  • 18 nafari Andijon viloyatida;
  • 7 nafari Buxoro viloyatida;
  • 4 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasida;
  • 4 nafari Farg‘ona viloyatida kasallikdan forig‘ bo‘ldi.

Ularning qanchasi uy sharoitida, qanchasi statsionar sharoitda davolanganiga SSV aniqlik kiritmagan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi sabab sog‘liqni saqlash tizimiga tushayotgan yuklamani bir qadar yengillatish maqsadida 5-iyuldan boshlab koronavirus infeksiyasi alomatsiz kechayotgan bemorlarga uy sharoitida davolanishga ruxsat berilgan, ushbu yo‘nalishda yo‘riqnoma va eslatmalar ham e’lon qilingan.

Biroq Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalinganlarga doir axborotlarida yangi bemorlarning qanchasida kasallik alomatsiz (simptomsiz) kechayotganiga aniqlik kiritmayapti, shu boisdan ayni vaqtda koronavirusdan davolanayotgan bemorlarning qanchasi kasalxonalarda qolayotgani, qanchasi uy sharoitida davolanayotgani ma’lum emas.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 52 259 nafar bemordan 48 606 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 93 foizni tashkil etmoqda5—9-sentabr kunlari davolanish ko‘rsatkichi pandemiya davrida ilk marta 94 foizga chiqqandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlari bo‘yicha ayni paytda 3215 nafar bemor COVID-19’dan davolanmoqda. Ketma-ket uchinchi kun davolanishni davom ettirayotganlar soni kamaymoqda. Ammo 7-sentabrda davolanayotgan bemorlar soni 2027 nafargacha tushgandi.

Hozirda eng ko‘p bemor Toshkent shahrida davolanmoqda — 2037 nafar. Farg‘onada 12, Jizzaxda 18, Navoiyda 23, Qoraqalpog‘istonda 26, Surxondaryoda 29, Buxoroda 37, Xorazmda 40, Sirdaryoda 44, Qashqadaryoda 58, Andijonda 110, Samarqandda 139, Namanganda 158 va Toshkent viloyatida 484 nafar bemor qoldi.