AQSh aeronavtika va kosmik makonni tadqiq etish milliy boshqarmasi (NASA) Oy bo‘yicha Artemis dasturining yangilangan rejasini taqdim etdi. Bu haqda idora saytida ma’lum qilingan.

Foto: Getty Images

Dasturning birinchi bosqichi — Artemis 1 — 2021-yilga mo‘ljallangan. Uning doirasida Space Launch System raketasiga o‘rnatilgan Orion kemasining Oy atrofida uchuvchisiz parvozi va Yerga qaytishi rejalashtirilgan.

Artemis 2 nomli ikkinchi bosqich 2023-yilga mo‘ljallangan. Uning doirasida Oyga bortida ekipaj bo‘lgan kema uchiriladi. Uchinchi bosqichda esa (Artemis 3) 2024-yilga borib Oyga qo‘nish amalga oshiriladi.

2019-yilning sentabrida Lockheed Martin korporatsiyasi Oyga uchiriladigan Orion kosmik kemasini qurish bo‘yicha shartnomani yutib olgan edi. NASA Lockheed Martin’ga 2030-yilning 30-sentabriga qadar maksimum 12 ta kema qurish majburiyatini yuklagan. Artemis 3-5 missiyasidagi dastlabki uchta Orion kemasi 2,7 milliard dollarga baholangan.

Avvalroq NASA Oyga eltuvchi eng qisqa yo‘lni patentlagani, ayollarning Oy yuzasiga qachon chiqishi to‘g‘risida xabar berilgandi. Shu yilning iyul oyida esa NASA va Yaponiya AQShning Oyni zabt etish borasidagi “Artemida” dasturi bo‘yicha hamkorlikda ishlash to‘g‘risidagi kelishuvni imzolagan.