O‘zbekistonda 21-sentabr soat 23:30 dan 22-sentabr soat 23:30 ga qadar koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 598 ta holat qayd etildi. Besh kun ichida birinchi marta kasallanganlar soni 600 nafardan kamaydi. Yangi holatlardan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 52857 nafarga yetdi. Koronavirusga chalinish holatlarining 1,13 foizi 22-sentabrga to‘g‘ri keldi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi hududlarda qanchadan odam kasallangani, ularning qanchasi davolangani-yu, qanchasi vafot etgani haqidagi raqamlardan iborat jadvalni 22-sentabrda e’lon qilmadi. SSV aprel oyidan boshlab koronavirusga chalingan bemorlarning qayd etilishi va sog‘ayganligi bilan bog‘liq jadvalni berib kelayotgandi. Aprel va may oyining ayrim kunlarida jadval berilmagan, biroq 12-maydan beri jadval muntazam ravishda e’lon qilinayotgandi.

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallangan 598 kishining barchasi tana harorati ko‘tarilgani bois profilaktika maqsadida hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan:

  • Toshkent shahrida — 297 nafar;
  • Toshkent viloyatida — 129 nafar;
  • Namangan viloyatida — 98 nafar;
  • Andijon viloyatida — 16 nafar;
  • Jizzax viloyatida — 12 nafar;
  • Surxondaryo viloyatida — 11 nafar;
  • Qashqadaryo viloyatida — 10 nafar;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 9 nafar;
  • Samarqand viloyatida — 9 nafar;
  • Xorazm viloyatida — 7 nafar.

Kun davomida 10 ta hududda koronavirusga chalinish holati qayd etildi. 28-avgust kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kuniga o‘rtacha 370 nafar yangi bemor aniqlanishi karantin talablari yumshatilgan hozirgi sharoitda nazorat ko‘rsatkichi bo‘lishini qayd etgandi. Prezident haqiqiy holat bo‘yicha raqamlarni yashirishga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida barcha rahbarlarni ogohlantirdi. Bunga urinish jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan qat’iy choralarga olib kelishi mumkinligi ta’kidlandi. Oxirgi 15 kunda kunlik kasallanish holatlari nazorat ko‘rsatkichidan baland bo‘lmoqda.

O‘lim holatlari va ahvoli og‘ir bemorlar

SSV kun davomida 4 kishining vafot etgani haqida axborot berdi. Ulardan bir nafari erkak, bir nafari ayol ekani ma’lum. Qolgan ikki nafarining jinsi noma’lum. To‘rt nafar vafot etgan shaxsning qayerda yashagani, qayerda davolangani, yoshi haqidagi ma’lumotlar ham berilmadi.

21-sentabr kuni ham 1 nafar bemor haqida ma’lumot to‘liq berilmagandi. Ammo kun oxirida e’lon qilingan jadvaldan vafot etgan ushbu bemor Toshkent viloyatida yashovchi ayolligi ma’lum bo‘lib qolgandi. Endi esa SSV jadvalni e’lon qilmagani uchun 22-sentabrda vafot etgani yozilgan 4 kishining qaysi hududdan ekani ham noma’lum bo‘lib qoldi. Vafot etganlarning o‘zi 4 nafarmi yoki undan ko‘p — bunisi ham aniq emas.

Hozirgacha Sog‘liqni saqlash vazirligi 442 kishining koronavirus asoratlaridan vafot etganini xabar berdi. “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirusga chalingach vafot etganlar soni 461 nafarni tashkil etmoqda.

SSV tomonidan koronavirus qurboni bo‘lgani “tan olinmaganlar”:

Shuningdek, bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev Germaniyada vafot etgan bo‘lsa-da, Sog‘liqni saqlash vazirligi uni Toshkent shahrida vafot etganlar ro‘yxatiga qo‘shdi. O‘ktam Barnoyev O‘zbekistonda vafot etmagani uchun “Daryo” uni koronavirus qurbonlari safiga kiritmaslikka qaror qildi.

Taniqli rejissor Sarvar Karimov ham 17-iyul kuni otasi koronavirus infeksiyasidan vafot etgani, ammo unga tashxis qo‘yilmaganini ma’lum qilgandi. Rejissorning o‘zi va uning boshqa oila a’zolarida koronavirus tasdiqlangan. Shuningdek, 26-iyul kuni bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov 24-iyul kuni Samarqanddagi Ipak yo‘li xalqaro turizm universitetining 33 yoshli magistranti O‘tkir Temirov kasallikdan vafot etganini aytgan. Ma’lum bo‘lishicha, marhum o‘zida COVID-19’ning barcha belgilari bo‘lsa-da, test ham topshira olmagan, kasalxonaga ham yota olmagan. Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumani shifoxonasining 32 yoshli tez tibbiy yordam hamshirasi Aliya Jiyemuratova 28-iyul kuni koronavirusdan vafot etgani haqida “Makan.uz” xabar tarqatdi. Qashqadaryoda yana bir tibbiyot xodimi, xususiy klinika bosh shifokori To‘raqul Xoliqov 65 yoshida vafot etdi. “Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan xususiy klinika mas’ullarining ta’kidlashicha, To‘raqul Xoliqov so‘nggi bir oy davomida koronavirus kasalligidan davolanib kelgan. 16-sentabr kuni Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Xayrulloh Turmatov 44 yoshda vafot etdi. “Daryo” manbalari uning koronavirusdan davolanayotgan bo‘lganini ma’lum qildi.

Kasallikdan davolanish

22-sentabr kuni O‘zbekistonning 10 ta hududida 618 nafar bemor koronavirusdan sog‘aydi. Sentabr oyida 10-marta kunlik sog‘ayish ko‘rsatkichi yangi kasallanish holatlaridan ortiq bo‘ldi.

Yangi tuzalganlarning

  • 323 nafari Toshkent shahrida;
  • 131 nafari Toshkent viloyatida;
  • 84 nafari Namangan viloyatida;
  • 25 nafari Samarqand viloyatida;
  • 16 nafari Andijon viloyatida;
  • 12 nafari Xorazm viloyatida;
  • 11 nafari Jizzax viloyatida;
  • 8 nafari Qashqadaryo viloyatida;
  • 5 nafari Surxondaryo viloyatida;
  • 3 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasida kasallikdan forig‘ bo‘ldi.

Ularning qanchasi uy sharoitida, qanchasi statsionar sharoitda davolanganiga SSV aniqlik kiritmagan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi sabab sog‘liqni saqlash tizimiga tushayotgan yuklamani bir qadar yengillatish maqsadida 5-iyuldan boshlab koronavirus infeksiyasi alomatsiz kechayotgan bemorlarga uy sharoitida davolanishga ruxsat berilgan, ushbu yo‘nalishda yo‘riqnoma va eslatmalar ham e’lon qilingan.

Biroq Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalinganlarga doir axborotlarida yangi bemorlarning qanchasida kasallik alomatsiz (simptomsiz) kechayotganiga aniqlik kiritmayapti, shu boisdan ayni vaqtda koronavirusdan davolanayotgan bemorlarning qanchasi kasalxonalarda qolayotgani, qanchasi uy sharoitida davolanayotgani ma’lum emas.