AQSh va Xitoy olimlari 2000-yildan 2016-yilga qadar Xitoyda 30,8 million kishi havoning ifloslanishi oqibatida vafot etganini aniqladi. Buning uchun tadqiqotchilar NASA suratlarini o‘rganib, Xitoyning turli qismlaridagi atmosferaning ifloslanish darajasini tadqiq etgan. Bu boradagi tadqiqot natijalari Proceedings of the National Academy of Sciences jurnalida chop etildi, deb xabar beradi Hi-Tech.Mail.ru.

Foto: Balkan Green Energy News

Tadqiqotchilar diametri 2,5 mikrometrdan kam bo‘lgan PM2.5 zarralarining konsentratsiyasini o‘lchagan. Shuningdek, mutaxassislar yerdagi stansiyalar tomonidan havoga chiqariladigan gazlarga oid ma’lumotlar monitoringi, zavod va avtomobil yo‘llarining joylashgan xaritasini o‘rgangan. Bevaqt o‘lim darajasini aniqash uchun olimlar o‘lim holatlarining atmosfera ifloslanish darajasiga bog‘liq ko‘rsatkichlaridan foydalangan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2006-yildan 2016-yilga qadar Xitoyda yuqori PM2.5 konsentratsiyasi oqibatida har yili 1,5—2 million odam vafot etgan. Bundan tashqari, mayda zarralarning yuqori konsentratsiyasi sog‘liq bilan bog‘liq ko‘plab muammolarni, surunkali kasalliklarni yuzaga keltirishi mumkin.

Olingan natijalar Germaniyada joylashgan Maks Plank nomidagi kimyo instituti olimlari tomonidan havoning global ifloslanishi inson hayotini o‘rtacha uch yilga qisqartirayotgani va har yili 8,8 million kishi bevaqt o‘lim topayotgani to‘g‘risidagi xulosasiga mos kelmoqda.

Avvalroq Yer atmosferasining ifloslanish xaritasi tahlili sayyoradagi aholining deyarli yarmi tarkibi changning yuqori konsentratsiyasi va aerozollarga ega o‘ta iflos havodan nafas olishini ko‘rsatgan edi.