Koronavirus infeksiyasiga qarshi umrbod immunitet shakllantirish imkoniyati haqida hozircha ishonchli ma’lumotlar yo‘q. “RBK”ning xabar berishicha, bu haqda virusolog Anatoliy Altshteyn ma’lum qildi.

Foto: Getty Images

Altshteyn agar odamda koronavirusning og‘ir shakli bilan kasallangan bo‘lsa, immunitet tizimining muayyan xususiyatlarida kasallikka qarshi umrbod immunitet hosil bo‘lishi mumkin, deb aytgan Novosibirsk “Vektor” virusologiya markazining direktori Rinat Maksutovning so‘zlariga munosabat bildirgan.

“Bu masalani o‘rganish uchun vaqt kerak bo‘ladi. Boshqa koronaviruslar odamga qaytadan yuqishi mumkin, ammo ular nisbatan yengil kasalliklarni keltirib chiqaradi”, — degan Altshteyn.

Rossiya Fanlar akademiyasining akademigi, “Rospotrebnadzor” epidemiologiya ilmiy-tadqiqot instituti bo‘lim mudiri Vadim Pokrovskiy ham olimlar hozircha bu savolga javob bera olmasligini, lekin bu masala obdan o‘rganilishini ta’kidlagan. “Agar hamma koronavirusning yengil shakli bilan kasallansa, vaksina kerak bo‘lmaydi”, — degan Pokrovskiy.

Uning aytishicha, organizmda antitanalardan tashqari, viruslardan himoya qiluvchi boshqa omillar ham mavjud. “O‘pkada virusga qarshi tabiiy himoya mavjud, masalan, shilimshiq ajratib  chiqaradigan hujayralar. Ular keyin virus bilan birga yo‘tal bilan chiqib ketadi”, — deya tushuncha bergan u.

Pokrovskiy koronavirusning yengil shakli bilan kasallanib chiqqan odamda antitanalar kam bo‘lishi mumkinligi, ammo boshqa omillar kuchli bo‘lishini aytgan. “Katta yoshdagi kishilar virusni og‘ir o‘tkazishi sababi ham shu bilan izohlanadi — virus bolalar va yoshlarda bo‘lgan organizmning tabiiy himoyasini buzib kiradi”, — deb ta’kidlagan virusolog.