“Soy qo‘shig‘i”, “Novda”, “Dadam betob” va “Elparvar” kabi filmlardagi turli obrazlari bilan tomoshabinlarga yaxshi tanish Abdulg‘ofur Isaxonov hozirgi kunda rusiyzabon musiqa ixlosmandlarining sevimli xonandasiga aylanib ulgurgan. Uning “Lollipop” deb nomlangan taronasi Yandex Music dasturidagi eng ko‘p tinglanayotgan qo‘shiqlar reytingida uzoq vaqt birinchi o‘rinni egallab turdi. Ushbu tarona audiosi 2020-yilning iyul oyida YouTube’ga joylangan hamda hozirga qadar salkam 37 million marta tomosha qilingan. Gafur sifatida tanilgan Abdulg‘ofur yaqinda “Kaleydoskop” nomli ilk albomini muxlislar e’tiboriga havola etdi. Albomdan o‘rin olgan barcha qo‘shiqlar xit darajasiga ko‘tarildi hamda muxlislar tomonidan sevib tinglanmoqda. Quyida Abdulg‘ofurning muvaffaqiyat yo‘li haqida hikoya qilinadi.

Foto: Pop&Top

1998-yil Toshkentda tug‘ilgan Abdulg‘ofur Isaxonovda bolaligida sovg‘a qilingan Maykl Jeksonning albomi tufayli musiqaga qiziqish paydo bo‘ldi. U kumiriga aylangan pop qiroli − Maykl Jeksonning qo‘shiqlarini tinglab, raqsga tushishni mashq qila boshlaydi. Ammo san’atga bo‘lgan e’tibori tobora kuchayib borayotgan Abdulg‘ofurning ota-onasi uni tish shifokori bo‘lishini xohlagan. Natijada ularning qistovi bilan tibbiyot kollejida 3 yil davomida tahsil olgan. Faqatgina u o‘zi yozgan qo‘shiqni ijro qilganidan so‘ng oilasining fikri tamoman o‘zgardi. Ular musiqa va raqsga bo‘lgan muhabbati tufayli tinimsiz ijod qilayotgan o‘g‘lining faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaror qildi.

Aktyorlik faoliyati

Abdulg‘ofur 12 yoshida “Soy qo‘shig‘i” filmida debyut rolini ijro etdi. Hali yosh bo‘lishiga qaramay o‘z iste’dodini to‘laligicha namoyon etgan jajji aktyor shu tarzda rejissorlar nazariga tushdi.

Foto: Pop&Top

Shundan so‘ng bir necha reklama va roliklarda ishtirok etdi. Hattoki o‘zini teleboshlovchi sifatida ham sinab ko‘rdi. Bora-bora san’at sirlarini o‘rganayotgan aktyor taniqli rejissor Zulfiqor Musoqovning “Novda” filmida rol ijro etdi.

Foto: Pop&Top

Aynan shu film orqali xalq e’tiboriga tushgan aktyorga tarixiy kinodan ham takliflar tushdi. “Elparvar” filmdagi ijrosi biroz tanqid ostiga olingan bo‘lsa-da, aktyor o‘ziga berilayotgan e’tibordan ranjimadi.

Foto: YouTube

Muvaffaqiyatga qadam

Xo‘sh, o‘zbek filmlarida endigina ko‘rina boshlagan yosh aktyor qanday qilib rossiyalik yoshlarning sevimli yulduziga aylanishga ulgurdi? Bularning barchasi kutilmaganda ro‘y berdi.

Foto: Pop&Top

Dastlab aktyor ishtirok etgan “Elparvar” filmi Moskvada bo‘lib o‘tgan “O‘zbek kinosi haftaligi”da keyinchalik Kann taqdimotida namoyish etildi, shuningdek, Oskar mukofotiga ham nomzod bo‘ldi. Film suratga olinish jarayonida aktyor barcha talablarni kaskadyor yordamisiz amalga oshirdi. Bu ko‘plab noxush jarohatlarga olib kelgan bo‘lsa-da, baho va tajriba saqlanib qoldi.

Musiqaga muhabbat

Aktyor biror musiqiy dargohda ta’lim olmagan bo‘lsa-da, mustaqil ravishda o‘z ustida ishlay boshladi. U cover ijrolarini Instagram sahifasiga joylashdan boshladi. U “Yulduzlar fabrikasi” guruhi a’zosi hamda cover ijrosi bilan shug‘ullanadigan Elman Zeynalovni kuzatib bordi.

Foto: Pop&Top

Shuningdek, Androning “Olov xonim” trekini eshitib ko‘rdi. Kompozitsiyani yoqtirib qolgan aktyor uni sotib olish uchun qo‘shiq muallifiga murojaat qildi, ammo o‘sha paytda 300 obunachisi bo‘lgan Andro bitimdan bosh tortdi. Shu bilan birga, yangi trek yozish haqida Abdulg‘ofurga taklif kiritdi. Shu tarzda xonandalar o‘rtasida doimiy aloqa o‘rnatildi, ular bir-birining ijod mahsullari bilan Instagram tarmog‘i orqali tanishib bordi.

Foto: Pop&Top

Tez orada Abdulg‘ofur musiqa tanlovida qatnashish uchun Rossiyaga uchib ketdi. Ijodiy safar mobaynida RAAVA Music leybli asoschilari bilan tanishdi, lekin shunda ham hamkorlik haqida hech qanday gap-so‘z bo‘lmadi. O‘zbekistonga qaytgan Abdulg‘ofur ijod qilishda davom etdi.

Foto: Pop&Top

Bu orada internet olamida Yegor Kridning “Vaqt kelmadi” nomli qo‘shig‘i Abdulg‘ofur ijro etgan ashulaga o‘xshashligi tufayli bahs-munozaralar paydo bo‘ldi. Shundan so‘ng Elman bo‘lajak xonandaning barcha ijod mahsulini tinglab ko‘rdi va G‘ofurga yangi qo‘shiq yozilsa, uni guruh a’zosi etib olish taklifini kiritdi.

Foto: Pop&Top

Qisqa muddat ichida yozilgan “Ayyor ilon” qo‘shig‘i shu tarzda dunyoga keldi va guruh a’zolari yangi sherigini qo‘llab-quvvatladi. Moskvaga ko‘chib ketgan aktyor o‘zining xonandalik faoliyatini shunday kutilmagan holatda boshladi.

Foto: Pop&Top

Xonandaning ta’kidlashicha, RAAVA Music leybli shunchaki oddiy guruh emas, u yerda mustahkam do‘stlik mavjud. Jamoa chindan ham bir oilaga aylangan. Mashhurlik o‘z yo‘liga, ammo guruhda hamma bir-biriga yordam beradi.

Foto: TikTok

2019-yil dekabrda xonandaning “Oy” nomli yangi klipi namoyish etildi. Qisqa vaqt ichida yarim million tomoshaga ega bo‘lgan kompozitsiyaning muvaffaqiyati xonandaning shaxsiy hayotini o‘z ichiga olganligi bilan bog‘liq. Buni uning o‘zi ham tan olgan.

Foto: “musicnews.com”

Ayni damda Rossiyada ijod qilayotgan Abdulg‘ofurning ma’lum qilishicha, u o‘z oilasini sog‘ingan, shuningdek, uyda palov tayyorlashini ham ta‘kidlab o‘tgan. Shu bilan birga, u barcha ijtimoiy tarmoqlardan kelgan xabarlar va sharhlarni javobsiz qoldirmaydi. Uning fikricha, muxlislari uning musiqalari haqidagi taassurotlarni yozishdan tortinmasligi kerak.

Foto: Pop&Top

“Lollipop” taronasiga ishlangan klipdagi Gafur va Jony’ning raqslari yoshlar o‘rtasida ommalashdi. Ushbu harakatlar ayniqsa TikTok ijtimoiy tarmog‘ida chellenjga aylandi.

Xonandaning rossiyalik muxlislari qanday qarshi olishiga guvoh bo‘ling.