16:26, 05.10.2020 // 14334

Tibbiyot va fiziologiya bo’yicha Nobel mukofoti gepatit C virusini kashf qilgan shaxslarga berildi

Shvetsiya va Norvegiyada 5-oktabr kuni Nobel haftaligi boshlangani xabar berilgandi. An’anaga ko‘ra, birinchi navbatda tibbiyot va fiziologiya bo‘yicha mukofot nomzodlari nomi e’lon qilindi. Meduza’ning yozishicha, ushbu mukofot gepatit C virusini kashf etganliklari uchun Harvi Olter, Maykl Xauton va Charlz Raysga topshirildi.

Foto: AP Photo

2019-yilda tibbiyot va fiziologiya bo‘yicha Nobel mukofotiga hujayralarning kislorod yetishmasligiga moslashishini o‘rganganliklari uchun Uilyam Kelin, Piter Retkliff va Gregg Semenza sazovor bo‘lgan edi.

6-oktabr kuni fizika, 7-oktabrda — kimyo, 8-oktabrda — adabiyot, 9-oktabr kuni Osloda tinchlik mukofoti nomzodi e’lon qilinadi. 12-oktabr kuni esa iqtisodiyot bo‘yicha sovrindorlar e’lon qilinadi.

2020-yilda Nobel mukofoti miqdori oshirilgan bo‘lib, 10 million shved kronasi (taxminan 1,1 million dollar)ni tashkil etadi. COVID-19 epidemiyasi tufayli 2020-yilda mukofotni topshirish an’anaviy marosimi o‘tkazilmaydi.

Nobel qo‘mitasi qoidalariga ko‘ra, mukofot olishga potensial nomzodlar ro‘yxati sir saqlanadi. Ammo qator OAVlar yil davomida tinchlik mukofotiga ba’zi mashhur prezident va siyosatchilar ilgari surilgani haqida xabar bergan. Xususan, Rossiya prezidenti Vladimir Putin tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatilgan, 19-sentabr kuni esa rossiyalik olim, Nyu-Jersidagi Ratgers universiteti professori Sergey Yerofeyev siyosatchi Aleksey Navalniy Nobel mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatilganini ma’lum qilgandi.

Undan avval norvegiyalik deputat, keyinroq Shvetsiya parlamenti a’zosi Donald Trampga tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti berishni taklif qilgan.

Eng ko‘p o‘qilgan

Qidiruv