17:46, 07.10.2020 // 33854

Kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti genomni tahrirlash usullarini ishlab chiqqan ikki olimaga berildi

Kimyo bo‘yicha 2020-yilgi Nobel mukofoti genomni tahrirlash usullarini ishlab chiqqani uchun Emmanuel Sharpantye va Jennifer Dudnega topshirildi, deb xabar bermoqda “RIA Novosti”.

Foto: Reuters

Hozirda Germaniyada ishlayotgan fransiyalik mikrobiolog Sharpantye va uning hamkasbi, amerikalik biokimyogar Jennifer Dudne (AQShning Kaliforniya shtatidagi Berkli universiteti) bir necha yil avval bakteriyalarda ularni viruslardan himoya qiladigan molekulyar ”immunitet”ni kashf qilgan. Undan turli organizmlar genomlarini o‘ta aniq tahrirlashda foydalanishga erishilgan. Bugungi kunda butun dunyodagi olimlar genom tahriridan jiddiy kasalliklarni, shu jumladan, OITS va irsiy kasalliklarni davolashga yondashuvlarni yaratishda foydalanmoqda.

5 va 6-oktabr kuni Nobel qo‘mitasi tibbiyot va fiziologiya hamda fizika bo‘yicha mukofot sovrindorlarining nomlarini e’lon qildi. 8-oktabr kuni adabiyot bo‘yicha kim mukofotga loyiq ko‘rilgani, 9-oktabr kuni esa tinchlik mukofoti nomzodi, 12-oktabr kuni esa iqtisodiyot bo‘yicha sovrindorlar e’lon qilinadi.

2020-yilda Nobel mukofoti miqdori oshirilgan bo‘lib, 10 million shved kronasi (taxminan 1,1 million dollar)ni tashkil etadi. COVID-19 epidemiyasi tufayli 2020-yilda mukofotni topshirish an’anaviy marosimi o‘tkazilmaydi.

Nobel qo‘mitasi qoidalariga ko‘ra, mukofot olishga potensial nomzodlar ro‘yxati sir saqlanadi. Ammo qator OAVlar yil davomida tinchlik mukofotiga ba’zi mashhur prezident va siyosatchilar ilgari surilgani haqida xabar bergan. Xususan, Rossiya prezidenti Vladimir Putin tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatilgan, 19-sentabr kuni esa rossiyalik olim, Nyu-Jersidagi Ratgers universiteti professori Sergey Yerofeyev siyosatchi Aleksey Navalniy Nobel mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatilganini ma’lum qilgandi.

Undan avval norvegiyalik deputat, keyinroq Shvetsiya parlamenti a’zosi Donald Trampga tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti berishni taklif qilgan.

Eng ko‘p o‘qilgan

Qidiruv