“Tohir va Zuhra” musiqiy filmi 1999-yilda suratga olingan. Unda bosh rollarni Tohir Sodiqov (Tohir) va Parizoda Bo‘rixo‘jayeva (Zuhra) ijro etgan. Filmda, shuningdek, ko‘plab taniqli aktyorlar, xonandalarni ham turli obrazlarda ko‘rish mumkin.

Foto: “Daryo”

Kartinada Zuhra obrazini yaratgan aktrisa Parizoda Bo‘rixo‘jayeva kino sohasidagi muvaffaqiyatidan so‘ng Doston Ubaydullayevning “Tug‘ilgan kuning”, “Yagonam” kabi kliplarida suratga tushgan. Shundan so‘ng tomoshabinlar aktrisani boshqa birorta klip yoki filmda ko‘rmadi.

Foto: Instagram / @parisha_photographer

“‘Tohir va Zuhra’ filmida rol ijro etganimda 14-15 yoshda edim. Kinoga kirib kelishim tasodifan yuz bergan. Hech qachon aktrisa bo‘laman, deb o‘ylamasdim. U paytgacha bir nechta qo‘shiq aytgan edim, shou-biznesga qiziqardim. Umuman olganda, san’at men uchun begona emasdi. Otam Alisher Eshonxo‘jayev katta davlat bayramlarida rejissor bo‘lganlar. Shuning uchun yoshligim sahnada, studiyada o‘tgan desam, mubolag‘a bo‘lmaydi. Shuning uchun san’at meni o‘ziga rom etgan.

Sahnaga chiqqanimda rejissorlar meni ko‘rib, shu qiz to‘g‘ri keladi, deb o‘ylashgan. Filmga juda katta kasting bo‘lgan. Lekin men borgan kunim o‘sha kunning o‘zidayoq bu rolga meni tanlashgan”, — deya hikoya qiladi Parizoda Bo‘rixo‘jayeva.

“14 yoshingizda 18-20 yoshli qizning rolini ijro etish qiyin bo‘lmaganmi?” degan savolga Parizoda shunday javob beradi:

“Juda qiyin bo‘lgan. Hozir ko‘zim bilan qarasam, ideal darajada o‘ynamaganman, deb o‘ylayman. Lekin professional darajadagi jamoa menga katta yordam bergan. Rejissor o‘z farzandidek qarab, tushuntirgan.

Sevgi to‘la ko‘zlar bilan qarang, deyishsa, sevgi nimaligiga tushunmasdim. Yosh bolaman. Shunda rejissor menga juda yaxshi ko‘rgan narsangga qanaqa qaraysan, shunday qara, degan. Fikrimcha, yosh qiz, birinchi muhabbat juda tabiiy chiqqan”.

Foto: Instagram / @parisha_photographer

“Otam juda ko‘p san’atkorlarni yulduz darajasiga olib chiqishga ko‘maklashgan inson. Men ularga doim, men-chi, qachon yulduz bo‘laman, derdim. Ular esa sen avval katta bo‘lgin, turmushga beray, keyin yangi oilang rozi bo‘lsa, juda tez yulduz qilaman seni, derdilar. Keyin turmushga chiqdim, farzandli bo‘ldim va oilamga sho‘ng‘ib ketdim”, — deydi Parizoda san’atni tark etgani haqida.

Parizodaning aytishicha, “Tohir va Zuhra”ning davomi suratga olinayotganida unga qo‘ng‘iroq bo‘lgan.

“O‘sha paytda qizimni endi dunyoga keltirgandim. Turmush o‘rtog‘im menimcha, hozir to‘g‘ri kelmaydi, degandilar. Men ham oilani tanlab, boshqa ishlar bilan shug‘ullanib ketganman”, — deydi aktrisa.

Foto: Instagram / @parisha_photographer

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tamomlagan Parizoda suhbat davomida san’atga yaqin inson baribir boshqa sohada ishlay olmasligi, san’atni qo‘msashini ta’kidlab o‘tgan.

“San’atga yaqin inson boshqa sohada ishlashi qiyin ekan. Sohamni qiziqib o‘qidim, bankda ishladim, lekin qiziqishim san’atga tortib ketdi”, — deydi aktrisa.

Ma’lum bo‘lishicha, hozirgi kunda Parizoda o‘z sohasida ancha taniqli fotografga aylangan. U yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni suratga tushiradi.

Foto: Instagram / @parisha_photographer

U hozir ham kinoga ko‘plab takliflar bo‘layotgani, biroq o‘ziga yoqqan rolni uchratmaganini ham aytib o‘tgan. Parizodaning aytishicha, agar ko‘ngliga yoqadigan obraz bo‘lsa, millionlab muxlislari uni yana kinolarda ko‘rishi mumkin.