Buxoro viloyati Peshku tumanida Matiz avtomobilining gaz balloni portlashi oqibatida uning yonida bo‘lgan ikkita mashinaga zarar yetdi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.

Foto: Tergov departamenti

Ma’lum qilinishicha, 13-oktabr kuni soat 11:30 da 53 yoshli X.M. o‘ziga tegishli oq rangli Matiz avtomashinasida harakatlanib kelib, avtomashinani Peshku tumani “Chig‘irchi” MFY, Yangibozor ko‘chasida joylashgan oziq-ovqat do‘koni qarshisida qoldirgan. Haydovchi dori vositalari xarid qilish maqsadida dorixonaga kirib ketgan vaqtda avtomashina yukxonasiga o‘rnatilgan gaz ballonda portlash yuz bergan.

Foto: Tergov departamenti

Foto: Tergov departamenti

Tergov departamenti xabariga ko‘ra, hodisa oqibatida jiddiy jarohat olganlar yo‘q. Matiz’ning yonida turgan yana ikkita avtomashinaga turli darajada texnik shikast yetgan.

Hodisa joyiga zudlik bilan tergov tezkor guruhi chiqqan. Tergovga qadar tekshiruv harakatlari Peshku tumani IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan olib borilmoqda.

Foto: Tergov departamenti

Foto: Tergov departamenti

Tekshiruv jarayonida aniqlanishicha, avtomashinaga o‘rnatilgan gaz balloni Janubiy Koreyaning Pusan shahrida joylashgan korxona tomonidan 2011-yilda ishlab chiqarilgan. Uning sig‘imi 65 kub metrni tashkil qilgan, ishchi bosimi 200 atmosferaga ruxsat etilgan. Gaz balloni 2018-yil 8-oktabrda avtomashinaga o‘rnatilgan, chidamlilik tekshiruv muddati 2021-yil 7-oktabrgacha bo‘lgan. Hozirda portlashning kelib chiqish sabablari o‘rganilmoqda.