SpaceX kompaniyasi oldinlari ko‘pchilik ishonmagan juda katta loyihalarni amalga oshira olishini isbotlab kelmoqda. Bu safar kompaniya AQSh harbiylari uchun raketa yaratish niyatida, deb xabar beradi IXBT.

Foto: IXBT

Ma’lumotlarga ko‘ra, SpaceX AQSh Qurolli kuchlari bilan hamkorlikda 80 tonna yukni dunyoning istalgan nuqtasiga 60 daqiqada eltishga qodir raketani yaratishni rejalashtirmoqda. Buning uchun u soatiga 12 ming kilometr tezlikda harakatlanishi kerak. Ta’kidlanishicha, bu shunchaki reja emas: SpaceX dastlabki shartnomani imzolagan bo‘lib, uning doirasida loyiha qiymati va uning texnik imkoniyatlari baholanadi. Ilk sinovlar 2021-yildan boshlanishi kerak. Shuningdek, Exploration Architecture Corporation aerokosmik kompaniyasi tadqiqot kampaniyasining bir qismiga aylanadi.

Hozircha bu haqda boshqa ma’lumotlar yo‘q. Taxminlarga ko‘ra, bu kabi raketani yaratish — xuddi shuncha yukni kosmosga tashuvchi raketani yaratishga qaraganda osonroq, biroq har qanday holatda ham uning ustida olib boriladigan ishlar uzoq vaqt talab etiladi.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning iyun oyida Ilon Mask SpaceX kompaniyasining Yer atrofi va fazoviy sayohatlar uchun suvda suzib yuruvchi kosmoportlar qurishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgandi.