Aleksandr Lukashenkoning prezidentlik saylovlaridagi sobiq raqibi Svetlana Tixanovskaya Belarus hukumatiga “xalq ultimatum”ini e’lon qildi, deb xabar bermoqda Meduza.

Foto: AP Photo

Tixanovskaya “tuzum”dan 13 kun ichida — 25-oktabrgacha quyidagi talablarni bajarilishini talab qildi: Lukashenko iste’foga chiqishi haqida e’lon qilishi lozim, tinch namoyishchilarga qarshi zo‘ravonlik to‘xtatilishi, siyosiy mahbuslar ozod etilishi kerak.

Ushbu talablar bajarilmagan taqdirda hukumatni namoyishlarning kuchayishi kutayotganini ta’kidlagan.

“Agar talablarimiz 25-oktabrga qadar bajarilmasa, butun mamlakat xalqaro ultimatum bilan ko‘chaga chiqadi. Va 26-oktabrda barcha korxonalarda milliy ish tashlashlar, barcha yo‘llarni to‘sib qo‘yish, davlat do‘konlaridagi savdolar qulashi boshlanadi. Sizda uchta shartni bajarish uchun 13 kun muhlat bor. Bizda esa tayyorgarlik ko‘rish uchun 13 kun bor va shu vaqt davomida belarusliklar o‘zlarining tinch va qat’iyatli noroziliklarini davom ettiradi”, — degan Tixanovskaya.

Bundan avval 10-oktabr kuni Svetlana Tixanovskaya Belarusda may oyida hibsga olingan eri — bloger Sergey Tixanovskiy bilan telefonda suhbatlashgan. Bu er-xotinning 134 kun ichida birinchi suhbati bo‘ldi. Tixanovskiy turmush o‘rtog‘ini “qattiqroq bo‘lishga” undagan.

Shu kuni Tixanovskiy boshqa siyosiy mahbuslar bilan birgalikda Davlat xavfsizlik qo‘mitasi tergov hibsxonasida Aleksandr Lukashenko bilan uchrashdi. Prezident ular bilan konstitutsiyaga kiritilishi mumkin bo‘lgan o‘zgartirishlarni muhokama qilish uchun uchrashuv tashabbusi bilan chiqdi.

Uchrashuvdan so‘ng Svetlana Tixanovskaya “avtomat o‘qtalgan holda o‘tkazilgan dialog”ga ishonmasligini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, Belarusda 9-avgust kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarni soxtalashtirish haqidagi ma’lumotlar fonida norozilik namoyishlari boshlandi va haligacha davom etmoqda. Namoyishchilar Lukashenkoni saylovni soxtalashtirishda ayblamoqda. Saylov natijalariga ko‘ra, Aleksandr Lukashenko 80 foiz ovoz to‘plagan.

Belarus Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Svetlana Tixanovskaya prezidentlik saylovida 10,1 foiz ovoz to‘plagan. Tixanovskayaning o‘zi esa mag‘lubiyatini tan olmadi va o‘zini “Belarus xalqi tomonidan saylangan yagona yetakchi” deb atadi. Saylovdan ikki kun o‘tgach Tixanovskaya Litvaga chiqib ketgan. Uning safdoshlari Tixanovskaya hukumat bosimi ostida mamlakatdan chiqib ketganini ma’lum qilgan.

Muxolifat Belarusda yangi saylovlar o‘tkazish va konstitutsiyaviy islohotlarni talab qilmoqda.

Sobiq prezidentlikka nomzod Svetlana Tixanovskayaning tarafdorlari 18-avgust kuni yangi saylovlar o‘tkazish orqali mamlakatda hokimiyatni tranzit qilish maqsadida Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzdi. Belarus bosh prokurori Aleksandr Konyukning ta’kidlashicha, Muxolifat Muvofiqlashtirish kengashi faoliyati konstitutsiyaga qarshi va hokimiyatni qo‘lga olishga qaratilgan.

Kengashning tashkil etilishi munosabati bilan Jinoyat kodeksining 361-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, uning doirasida Muvofiqlashtiruvchi kengashning bir nechta vakillari hibsga olingan.