Rolls-Royce kompaniyasi kelajak avtomobili dizaynini yaratish bo‘yicha butun dunyo bolalari o‘rtasida o‘tkazilgan tanlov g‘oliblarini e’lon qildi. Bunda asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha 6 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar g‘olib bo‘ldi. Bundan tashqari, rossiyalik qiz ham hakamlar hay’atining maxsus mukofotiga loyiq ko‘rilgan, deb yozadi Motor.

Foto: Rolls-Royce

Tanlovni o‘tkazishdan maqsad 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga izolyatsiya sharoitida o‘z iqtidorini namoyish etishga yordam berishdan iborat. Onlayn tadbirda dunyoning 80 ta mamlakatidan besh mingdan ortiq bola ishtirok etgan. Tanlov biror qoida yoki talab bilan cheklanmagan.

Tanlov asosiy to‘rt yo‘nalishga bo‘lingan: “Texnologiya”, “Ekologiya”, “Fantaziya” va “Ko‘ngilochar”. Yaponiya, Fransiya, Xitoy va Vengriyadan bo‘lgan bolalar mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Mukofot sifatida bolalarga eng yaqin do‘sti bilan Rolls-Royce avtomobilida maktabga borish imkoniyati taqdim etilgan. Bundan tashqari, Rolls-Royce dizaynerlari g‘oliblar ishini professional dasturiy ta’minot yordamida yorqin illyustratsiyaga aylantirgan.

Foto: Rolls-Royce

Foto: Rolls-Royce

Foto: Rollc-Royce

Asosiy yo‘nalishlardan tashqari, hakamlar hay’atining maxsus mukofoti ham bor bo‘lib, u Sankt-Peterburgda istiqomat qiluvchi 6 yoshli Alisaga nasib etgan. Yosh ijodkor okean va tog‘lar uzra uchishga mo‘ljallangan va, shu bilan birga, o‘z qulayligini saqlab qoluvchi kelajak Rolls-Royce konseptini yaratgan.

Foto: Rolls-Royce

Quyoshdan energiya olib harakatlanuvchi avtomobil kuzovidan yashil bog‘ o‘rin olgan. Bundan tashqari, Alisaning g‘oyasiga ko‘ra, kelajakda Rolls-Royce avtomobillari dunyodagi barcha tillarni tarjima qila oladi, hayvonlar va qushlar tilini tushunadi. Alisa ham karantin choralari yumshatilgach eng yaqin do‘sti bilan shaxsiy haydovchiga ega Rolls-Royce’da maktabga borishi mumkin.