Andijonda fuqaro A.Abdukarimov 2020-yilning may oyida o‘g‘rilikda gumon qilinib, shahar IIO FMB 4-sonli ichki ishlar bo‘limining bir necha nafar xodimlari tomonidan qiynoqqa solinishi oqibatida vafot etgani xabar qilingan edi.

Kadr: Videodan skrinshot

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, tergov harakatlari bosh prokurorning shaxsiy nazorati ostida markaziy mahkamaning O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi ish yurituviga olingan edi.

“Xabar.uz”ning Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovga tayanib ma’lum qilishicha, mazkur jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari yakuniga yetgan. Unga ko‘ra, jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyati sudiga mazmunan ko‘rib chiqish uchun yuborilgan.

Tergov davomida 6 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 104 (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish), 206 (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish), 227 (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish), 234 (qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish) va 235-moddalari (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) bilan ayb e’lon qilinib, 5 nafariga qamoqqa olish va 1 nafariga munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risida tilxat ehtiyot choralari qo‘llanilgan.

Eslatib o‘tamiz, Andijon shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasining 4-sonli Ichki ishlar bo‘limida 30-mayga o‘tar kechasi qiynoqqa solingan fuqaro A.Abdukarimov olgan tan jarohatlari oqibatida 11-iyun kuni vafot etgan edi. Ushbu voqeadan so‘ng 4-sonli IIB jinoyat-qidiruv guruhining uch nafar tezkor vakili — katta leytenant F.Husanboyev, katta leytenant E.Rayimjonov va katta leytenant Q.Qodirov ichki ishlar organlaridan bo‘shatilgan, 1-iyun kuni ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish), 234-moddasi (qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish) hamda 235-moddasi (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) bilan ayb e’lon qilinib, sud qarori bilan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan edi.

Iyul oyi boshida Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov ushbu jinoyat ishi sud tomonidan jinoyat protsessual qonunchiligi talablari asosida hamda ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga muvofiq ko‘rib chiqilishi, sud majlislarida matbuot va ommaviy axborot vositalari vakillari va jamoatchilik vakillari ishtirok etishi mumkinligini aytib o‘tgan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Chiroqchi va Andijonda IIB xodimlarining fuqarolarni kaltaklashi bilan bog‘liq voqealar uchun soha rahbarlarini tanqid qilgandi. Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz Andijonda fuqaroning IIB tomonidan qiynoqqa solinganini qat’iy qoralagandi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, “Adolat” SDP siyosiy kengashi raisi Narimon Umarov bir fuqaroni qiynoqqa solib, uning o‘limiga sabab bo‘lgan Andijon shahar IIB xodimlari harakatiga munosabat bildirib, Andijon shahar IIB xodimlarining noo‘rin munosabati asnosida kasb sha’ni oyoqosti qilingani, bir inson eng oliy huquqi bo‘lgan yashash ne’matidan mosuvo bo‘lgani, shu bilan birga, mamlakat rahbariyati va aholi tomonidan davlatning xalqaro imijini yaxshilash uchun qilinayotgan ko‘p sonli harakatlarga putur yetganini ta’kidlagandi.

Holat yuzasidan ichki ishlar vaziri matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov Andijonda qiynoqqa solingan fuqaro vafoti sabab uzr so‘ragandi.