Deksametazon – COVID-19 ga qarshi kurashda samarali ekani isbotlangan yagona dori vositasi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) rahbari Tedros Gebreyesus ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “RBK”.

Foto: “Daryo”

“Ayni paytda kortikosteroid deksametazon og‘ir kasallikka chalingan bemorlarda COVID-19’ga qarshi samaradorligini ko‘rsatgan yagona terapevtik vosita”, – deydi JSST rahbari.

Gebreyesus pandemiya boshida umidli deb hisoblangan ikki dori vositasi – remdesivir va interferon samarasiz bo‘lib chiqqanini ta’kidladi. U iyun oyida JSST kasallikka qarshi kurashda gidroksixloroxinni, iyulda esa lopinavir va ritonavir kombinatsiyasini qo‘llash bo‘yicha tadqiqotlarni to‘xtatganini ta’kidladi.

“Hozirda o‘tkazilgan oraliq tadqiqotlar natijalari shuni ko‘rsatadiki, tadqiqotdagi ikkita preparat, ya’ni remdesivir va interferon koronavirus sabab kelib chiqadigan o‘lim holatlarining oldini olishga yoki kasalxonada qolish muddatini qisqartirishga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi”, – deydi Gebreyesus.

Deksametazon – 1960-yillardan beri qo‘llaniladigan yallig‘lanishga qarshi va immunodepressiv dori. Odatda tizimli eritematoz kasalliklarni davolash uchun ishlatiladi. Bundan tashqari dori vositasi bodibildingda mushak massasini ko‘paytirish uchun doping sifatida ishlatilib, mashhurlikka erishgan.

Tashkilotning ma’lum qilishicha, deksametazonni qabul qilish sun’iy nafas oldirish uskunasiga ulangan bemorlarda o‘lim holatlarini uchdan birga, kislorodli terapiyaga muhtoj bemorlar orasida esa beshdan birga kamaytirgan.

Tashkilot dorini nisbatan xavfsiz, deb atadi. Ammo u ahvoli o‘rta va yengilroq bo‘lgan bemorlardan ko‘ra ko‘proq og‘ir ahvoldagi bemorlarga yordam berishi ta’kidlandi.

Ma’lumot uchun, deksametazon AQSh prezidenti Donald Trampni davolashda ham ishlatildi.