Davlat xizmatlari agentligi 2020-yilning ortda qolgan davri mobaynida ota-onalar tomonidan yangi tug‘ilgan farzandlari eng ko‘p qo‘yilayotgan o‘g‘il bolalar va qizlar ismlari haqida ma’lumot berdi.

Foto: O‘zA

2020-yilning ortda qolgan 9 oyi davomida O‘zbekistonda tug‘ilgan chaqaloqlarga eng ko‘p (1 601) Soliha ismi berilgan. O‘g‘il bolalar ichida eng ommabop ism Muhammadali bo‘lib turibdi. 2020-yilning ortda qolgan davrida dunyoga kelgan 1 582 nafar o‘g‘il bolaga ota-onalar tomonidan Muhammadali ismi qo‘yilgan.

Infografika: Davlat xizmatlari agentligi

2019-yilda ham Muhammadali va Soliha ismlari O‘zbekistonda tug‘ilgan chaqaloqlarga berilishi bo‘yicha yetakchilik qilgan. 2019-yilda 11 521 nafar chaqaloqqa Muhammadali, 12 703 chaqaloqqa esa Soliha ismi qo‘yilgan.

Shuningdek, o‘g‘il bolalar ismlari orasida Mustafo (10 756), Abdulloh (8 339), Imronbek (8 244) va Muhammad (5 659) ismlari eng ko‘p qo‘yilgan.

Qiz bolalar ismlaridan esa Muslima (8 365), Imona (7 418), Mubina (6 148), Shukrona (5 964) bu borada yetakchilik qilgan.

Umuman, Soliha ismi 2018-yildan buyon qizlarga tanlanayotgan ismlar orasida eng ommabopi bo‘lib turibdi. 2018-yilda tug‘ilgan 7 030 nafar qiz bolalarga Soliha ismi qo‘yilgan. 7 785 o‘g‘il bolaga esa ota-onalar tomonidan Mustafo ismi tanlangan. 2017-yilda chaqaloqlar orasida eng ommabop ismlar Azizbek va Madina bo‘lgandi.