Mana oktabrning uch haftasini ham ortda qoldirdik. O‘tgan haftada yuz bergan eng muhim voqealar dayjesti bilan tanishishni boshlaymiz.

Tinchimayotgan Tog‘li Qorabog‘

Shu yilning 27-sentabr kuni boshlangan Ozarbayjonning Tog‘li Qorabog‘ viloyatidagi harbiy amaliyotlar 10-oktabrda kelishilgan o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi kelishuvga qaramay davom etmoqda. Sulh imzolangan kunning o‘zidayoq buzildi va bunda Armaniston va Ozarbayjon tarafi bir-birini aybladi. 11-oktabr kuni rasmiy Boku Armaniston qurolli kuchlarini Ozarbayjonning Ganja shahrini ballistik raketa yordamida bombardimon qilganini ma’lum qildi. Ozarbayjon bosh prokuraturasi Ganja shahridagi otishmada raketa turar joy binosiga borib tushishi natijasida besh nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgani, 28 nafar odam jarohatlanganini ma’lum qildi.

Foto: AFP

17-oktabr kuni Armaniston harbiylari Ganja shahriga yana bir bor raketa zarbasi yo‘lladi. Ganja shahriga berilgan raketa zarbalari oqibatida 12 kishi halok bo‘ldi, 40 dan ortiq odam jarohat oldi. Bu haqda Ozarbayjon Bosh prokuraturasiga tayanib, “Interfaks” xabar berdi.

Ozarbayjon prezidenti administratsiyasining tashqi siyosiy masalalar bo‘yicha bo‘limi mudiri Hikmat Gajiyev o‘zining Twitter’dagi sahifasida hujum oqibatida halok bo‘lganlar o‘ndan ortiq ekanini bildirdi. Gajiyevning yozishicha, Ganja shahriga amalga oshirilgan zarba “Elbrus” (Scud) tezkor-taktik raketa komplekslari tomonidan uchirildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu kabi xulosa snaryad tushgan joydan topilgan raketa qoldiqlaridan so‘ng chiqarildi.

Armaniston Mudofaa vazirligi Bokuning ushbu bayonotini rad etdi: “Armaniston hududidan yoki Armaniston qurolli kuchlari tomonidan Ozarbayjon tomonga hech qanday o‘t ochish amalga oshirilmadi”, deb yozadi Armaniston Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Shushan Stepanyan.

Shuningdek, o‘tgan haftada “Kommersant”, “WSJ” va “Washington Post” kabi nufuzli nashrlar Turkiyani Ozarbayjon hududidagi harbiy harakatlarda bevosita ishtirok etayotganiga doir bir qator iddaolarni ilgari surdi. Jumladan, WST Tog‘li Qorabog‘ga Turkiyaga aloqador yuzlab suriyalik jangarilar ko‘chirib o‘tkazildi, deya xabar tarqatdi.

“Suriyalik jangarilarning yuzlab a’zolari Turkiya bilan ittifoqchilikda Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida Tog‘li Qorabog‘ tufayli bo‘lib o‘tayotgan janglarga qo‘shildi, yana yuzlab nafari jo‘nashga tayyorlanmoqda”, deya ma’lum qildi nashrga Suriyada jangarilarning ko‘chirib o‘tkazilishiga aloqador ikki manba.

Foto: Reuters

The Washington Post nashri esa Tog‘li Qorabog‘dagi jangovar to‘qnashuvlarda 52 nafar suriyalik yollanma jangchi halok bo‘lgani haqida xabar tarqatdi. Ma’lum bo‘lishicha, oktabr boshida ularning jasadlari Suriya-Turkiya chegara postida qarindoshlariga topshirilgan edi. Marhumlar Suriyada Turkiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi harbiy guruhlar tomonidan Ozarbayjon tomonda turib Armaniston bilan jang qilish uchun yollandi.

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev esa France 24 telekanaliga bergan intervyusida Boku tomonidan Tog‘li Qorabog‘dagi nizolarda yollanma jangchilar qo‘llanilgani yuzasidan hech bir davlat dalil keltira olmaganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi o‘z maqsadlariga o‘zi erisha oladi. “Fikrimcha, agar hech qanday dalil-isbot bo‘lmasa, bu mish-mishlar o‘tmishda qolishi kerak. Bizda yollanma jangchilar yo‘q. Bu — bizning rasmiy bayonotimiz”, dedi Aliyev.

“Kommersant” nashri o‘zining harbiy-diplomatik manbasiga tayanib xabar berishicha, Tog‘li Qorabog‘da yuzaga kelgan mojaroning keskinlashuvi Turkiya tomonidan qasddan rejalashtirildi va provokatsiya qilindi. “So‘nggi bir necha oyda Anqara Bokuga har tomonlama siyosiy-diplomatik, razvedka va harbiy-texnika borasida ko‘maklashishni va’da bergan holda harbiy harakatlarni amalga oshirishga undadi”, deyiladi xabarda.

Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlar davom etmoqda.

Xalqparvar prezident iste’fo berdi

Qirg‘iziston Respublikasida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari ortidan yuz bergan norozilik namoyishlari natijasida mamlakat prezidenti So‘ronbay Jeenbekov iste’foga chiqdi.

Jeenbekov hukumat tarkibi almashganiga qaramay, ziddiyat va tajovuzkorlik susaymaganini, agar vaziyat yomonlashaversa, qurol ishlatishga majbur bo‘ladigan namoyishchilar va huquq-tartibot idoralari vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuv sodir bo‘lishidan qo‘rqishini ta’kidladi.

Foto: Sputnik

“Men hokimiyatga intilmayman. Qirg‘iziston tarixida o‘z xalqiga o‘q otgan va qon to‘kkan prezident sifatida qolishni istamayman. Shu sababli, iste’foga chiqishga qaror qildim. Hech qanday hokimiyat mamlakatimiz bir butunligi va jamiyatdagi totuvlikdan ustun emas”, degan u.

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘iziston prezidenti So‘ronbay Jeenbekov 9-oktabr kuni mamlakatdagi vaziyatni huquqiy maydonga qaytarishni istashini va buning uchun barcha “zarur qarorlarni” imzolashga tayyor ekanini aytgandi. “Joriy vaziyat yana qonuniy o‘zaniga qaytishi, barcha davlat tuzilmalari va hukumat qonuniy maqomga ega bo‘lishi va mamlakat to‘g‘ri yo‘lga tushib olishi bilan prezident lavozimidan ketishga tayyorman”, degandi Jeenbekov.

14-oktabr kuni So‘ronbay Jeenbekov mamlakatning yangi bosh vaziri Sadir Japarov bilan uchrashuvda hozirgi paytda iste’foga chiqishga haqqi yo‘qligini ma’lum qilgandi.

So‘ronbay Jeenbekov 15-oktabr kuni ertalab Qirg‘iziston prezidentligi lavozimidan iste’foga chiqishini ma’lum qilgach, Kanat Isayev avtomatik ravishda Qirg‘iziston prezidenti vazifasini bajaruvchi lavozimini egallagandi. Ammo yarim kun o‘tgach, u o‘z lavozimini tark etishini e’lon qildi. Avvalroq Kanat Isayev davlat rahbari vazifasini vaqtincha bajaruvchi lavozimidan voz kechadimi yoki yo‘qligi haqidagi savolga javob berishdan qochgan edi. Biroq spikerning qayd etishicha, u bu lavozimni egallash uchun “ma’nan haqli emas, chunki oltinchi chaqiriqning vakolat muddati tugamoqda”.

Endilikda, davlat rahbari vazifasini bajaruvchi lavozimi amaldagi bosh vazir Sadir Japarov zimmasiga o‘tdi.

Tojikistonda prezident saylovi

Shu yilning 11-oktabr kuni qo‘shni Tojikiston Respublikasida navbatdagi prezident saylovi bo‘lib o‘tdi. Unda amaldagi prezident Emomali Rahmon  90,92 foiz ovoz to‘plab, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Respublika Markaziy saylov komissiyasi raisi Baxtiyor Xudoyorzodaning aytishicha, ovoz berishda saylovchilarning 85,39 foizi qatnashdi.

Foto: “RIA Novosti”

Prezident lavozimi uchun besh nomzod kurash olib bordi, ularning barchasi siyosiy kuchlar yetakchilaridir, bular — amaldagi prezident Emomali Rahmon (hukmron Xalq-demokratik partiyasi), deputat Miroj Abdulloyev (Kommunistik partiya), deputat Rustam Latifzoda (Agrar partiya), deputat Rustam Rahmatzoda (Iqtisodiy islohotlar partiyasi) va deputat Abduhalim G‘afforzoda (Sotsialistik partiya).

1992-yildan buyon mamlakatni boshqarib kelayotgan (sovet davridan keyingi mamlakatlardagi eng uzoq davom etayotgan muddat) Rahmon uchun bu beshinchi saylovlardir. Saylovlarning borishini YeXHT, MDH Parlamentlararo assambleyasi, MDH Ijroqo‘mi, ShHT, shuningdek, Rossiya va O‘zbekistondan borgan 122 nafar xalqaro kuzatuvchilar nazorat qildi. Qoidabuzarliklar aniqlanmadi.

Emomali Rahmonning prezidentlik qasamyodini qabul qilish marosimi 30-oktabrda bo‘lib o‘tadi. Inauguratsiya marosimi dastlab hukumatning shahardagi rezidensiyasi Ko‘hi Somon saroyida, keyinchalik esa Millat saroyi binosida o‘tadi. Emomali Rahmon Ko‘hi Samonda hukumat vakillari, parlament a’zolari va jamoatchilik vakillari ishtirokida konstitutsiya, Tojikiston xalqi uchun qasamyod qiladi, Millat saroyida esa unga prezidentlik ramzlari – shtandart va guvohnoma taqdim qilinadi.

Yuqori martabali xorij delegatsiyalari inauguratsiya marosimiga taklif qilinmadi. Marosimdan so‘ng poytaxtdagi markaziy maydonda Dushanbe harbiy garnizoni va harbiy qismlarning askarlari ishtirokida parad o‘tkaziladi.

Koronainfo

Koronavirus bilan bog‘liq holatlar bu hafta ham o‘sishda davom etdi. Hafta davomida bu haqida mufassal ma’lumotlar berilgani bois, biz eng so‘nggi raqamlarga diqqatni qaratamiz.

Foto: Google Photos

Shunday qilib, 18-oktabr holatiga ko‘ra, butun dunyoda kasallikka chalinganlarning umumiy soni 40 milliondan oshiqni tashki qilmoqda. Kasallik oqibatida esa 1,1 million kishi vafot etgan bo‘lsa, 30 milliondan ortiq bemor tuzalib ketdi. Ayni paytda 9 milliondan ortiq bemor shifoxonalarda davolanmoqda.

Mamlakatlar kesimida oladigan bo‘lsak, AQSh kasallikka chalinish holati bo‘yicha dunyoda yetakchilik qilmoqda. Bu mamlakatda 8,3 million kishi kasallikni yuqtirib oldi. Shulardan, 224 ming bemor vafot etgan bo‘lsa, 5,4 million kishi tuzalib ketdi. AQShdan keyingi o‘rinda Hindiston davlati bormoqda. Hindistonda 7,5 milliondan ortiq kishi kasallikni yuqtirib olgan bo‘lsa, 6,6 milliondan ortiq kishi tuzaldi.

Uchinchi o‘rinda esa Braziliya davlati bormoqda. Braziliyada kasallikni yuqtirganlarning umumiy soni 5,2 millionni tashkil qildi. Shulardan 4,6 million kishi allaqachon tuzalib ketdi. Bizda hozircha shu. Boshlangan hafta yaxshi xabarlarga to‘la bo‘lsin.

Jahongir Ostonov tayyorladi.