Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi A’zamxon Bahromov 19-oktabr kuni 60 yoshida vafot etdi. Bu haqida tuman hokimligi axborot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.

A’zamxon Bahromov.

Foto: Kattaqo‘rg‘on tuman hokimligi

A’zamxon Bahromov 1960-yil 12-yanvar kuni Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida tug‘ilgan. Mehnat faoliyati davomida Vazirlar Mahkamasida turli lavozimlarda ishlab kelgan A’zamxon Bahromov 2000—2001-yillarda bosh vazir kotibiyati mudiri, 2006—2008-yillarda Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi, 2017-yilda Qo‘shrabot tumani hokimi, 2017-yildan hozirgi kunga qadar Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Tuman hokimligidan ma’lum qilishlaricha, Bahromovning janozasi 19-oktabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tadi. Marhumning o‘limi sababi ma’lum qilinmagan.

Pandemiya davrida vafot etganlar

7-oktabr kuni Andijon viloyati Oltinko‘l tumani hokimi Nazirjon O‘rinboyev va Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari Bahromjon Nurmatov uzoq davom etgan xastalikdan so‘ng vafot etgani ma’lum bo‘lgan edi. 29-sentabr kuni Andijon viloyatining Xonobod shahri hokimi Musaxon Mamadaliyev o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi kasalligidan vafot etgani e’lon qilingan edi.

20-sentabr kuni bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev, 8-sentabrda Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumani hokimi G‘ayrat Begaliyev, 22-avgustda Buxoro viloyati hokimi Karim Kamolov, 31-iyulda Qoraqalpog‘iston rahbari Musa Yerniyazov, 24-iyulda Qoraqalpog‘istonning Qonliko‘l tumani hokimi Daulet Tolibayev vafot etgan. Ularning barchasi koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida vafot etgan.