Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko mamlakatda yangi konstitutsiya qabul qilinganidan keyin davlat rahbarligi uchun yangi muddatga saylanishdan bosh tortishini va’da bergan. Bu haqda prezidentlik saylovlarining sobiq nomzodi Viktor Babarikoning imzolar yig‘ish bo‘yicha tashabbuskor guruhi vakili Yuriy Voskresenskiy ma’lum qildi, deb yozmoqda “Interfaks”.

Yuriy Voskresenskiy

Foto: Vimeo

“U davra suhbatida ishtirok etgan barcha qatnashchilarga prezidentlikdan to‘yganini aytdi va bu o‘zi uchun oxirgi muddat ekanini bildirdi”, – degan Voskresenskiy Tut.by portaliga 10-oktabrda Belarus davlat xavfsizlik qo‘mitasining qamoqxonasida prezident hamda hibsga olingan muxolifat vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuv haqida bergan intervyusida.

Voskresenskiy ushbu uchrashuvda ishtirok etgan. Muayyan vaqt o‘tganidan keyin esa ozodlikka chiqarilgan. Voskresenskiy Lukashenkoning so‘zlariga ishonishini aytdi.

“Men inqirozga qarshi boshqarish mutaxassisligi bo‘yicha diplomga egaman va bunday nozik vaziyatlarni juda yaxshi his qilaman”, – degan muxolifatchi.

Voskresenskiyning qayd etishicha, Lukashenko yangi konstitutsiyada prezidentning boshqaruv muddatlarini cheklashga tayyor.

“Davra suhbatidagi yana bir shov-shuvli gapni ham oshkor etaman, Lukashenko konstitutsiyaga prezidentning boshqaruv muddatlarini qisqartirish bo‘yicha o‘zgartirish kiritishni va’da qildi”, – deyiladi Voskresenskiyning ma’lumotida.

Muxolifat vakilining fikricha, Lukashenko konstitutsiyaga kiritiladigan boshqa o‘zgartirishlarga, jumladan, parlament rolini kuchaytirish, sudlar mavqeyini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarning amalga oshirilishiga ham qarshi emas.

“U avval ham bunga tayyor edi, biroq jamiyatdan bu borada so‘rovlar bo‘lmagan. Yakunda odamlar bunday o‘zgarishga tayyor bo‘ldi”, – deya so‘zlariga yakun yasagan Voskresenskiy.

Eslatib o‘tamiz, Belarusda 9-avgust kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarni soxtalashtirish haqidagi ma’lumotlar fonida norozilik namoyishlari boshlandi va haligacha davom etmoqda. Namoyishchilar Lukashenkoni saylovni soxtalashtirishda ayblamoqda. Saylov natijalariga ko‘ra, Aleksandr Lukashenko 80 foiz ovoz to‘plagan.

Belarus Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Svetlana Tixanovskaya prezidentlik saylovida 10,1 foiz ovoz to‘plagan. Tixanovskayaning o‘zi esa mag‘lubiyatini tan olmadi va o‘zini “Belarus xalqi tomonidan saylangan yagona yetakchi” deb atadi. Saylovdan ikki kun o‘tgach Tixanovskaya Litvaga chiqib ketgan. Uning safdoshlari Tixanovskaya hukumat bosimi ostida mamlakatdan chiqib ketganini ma’lum qilgan.

Sobiq prezidentlikka nomzod Svetlana Tixanovskayaning tarafdorlari 18-avgust kuni yangi saylovlar o‘tkazish orqali mamlakatda hokimiyatni tranzit qilish maqsadida Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzdi. Belarus bosh prokurori Aleksandr Konyukning ta’kidlashicha, Muvofiqlashtiruvchi kengash faoliyati konstitutsiyaga qarshi va hokimiyatni qo‘lga olishga qaratilgan.

Kengashning tashkil etilishi munosabati bilan Jinoyat kodeksining 361-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, uning doirasida Muvofiqlashtiruvchi kengashning bir nechta vakillari hibsga olingan.

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko 10-oktabr kuni Davlat xavfsizlik qo‘mitasi tergov hibsxonasida Muvofiqlashtiruvchi kengash va muxolifatning qo‘shma shtabining hibsga olingan vakillari bilan uchrashdi. Keyinchalik, Belarus hukumati Svetlana va Sergey Tixanovskiyga 134 kun ichida birinchi marta suhbatlashishiga ruxsat etdi, 13-oktabrda Tixanovskayaning Belarus hukumatiga “xalq ultimatum”ini e’lon qilgani haqida xabar berildi.