Toshkent viloyati Zangiota tumanida o‘tkazilgan tungi reyd tadbirlar davomida YPX xodimlari ta’qibidan makkajo‘xori poyalari ichiga qochib ketgan mast haydovchi ushlandi, deb xabar beradi IIV YHXBB axborot xizmati.

Kadr: Telegram

Ma’lumotlarga ko‘ra, reyd davomida “VAZ-2106” rusumli transport vositasiga to‘xtash ishorasi berilgan. Ammo haydovchi inspektorning ishorasiga bo‘ysunmay, yo‘lida davom etgan. Ko‘rilgan tezkor choralar natijasida avtomobil to‘xtatilgan, haydovchi esa mashinadan tushib dala tomonga qochib ketgan.

Uning ortidan borgan IIB va Milliy gvardiya xodimlari haydovchini jo‘xori poyalari ichiga berkingan joyidan topib kelgan. Aniqlanishicha, haydovchi mast bo‘lgan va uning yonida tegishli hujjatlar ham bo‘lmagan.

Avvalroq O‘zbekistonda 2020-yil yanvar oyidan sentabr oyigacha 4294 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgani to‘g‘risida xabar berilgandi. YTHlarning 1,7 foizi mast holda rulga o‘tirish oqibatida kelib chiqqan.