AQShning Minskdagi elchixonasi sobiq prezidentlikka nomzod Svetlana Tixanovskaya tomonidan Belarus hokimiyatiga qo‘yilgan ultimatum fonida respublikadagi AQSh fuqarolariga ommaviy harakatlarda qatnashmaslikni, shuningdek, kamida uch kunlik oziq-ovqat, suv va dori-darmon zaxirasini yaratishni tavsiya qildi. Bu haqda elchixonaga tayanib, “Interfaks” xabar qildi.

Foto: Newsmaker

Diplomatik vakolatxona veb-saytidagi xabarda aytilishicha, muxolifat Belarus rasmiylarini 25-oktabrgacha ma’lum talablarni bajarishga chaqirgan. Agar hukumat talablarga ko‘nmasa norozilik namoyishlari, ish tashlash, transport harakatini cheklash va boshqa choralar qo‘llanilishini va’da qilgan. Diplomatlar ushbu vaziyatda huquqni muhofaza qilish idoralari va namoyishchilar ommaviy noroziliklar paytida kuch ishlatishni kuchaytirishi mumkinligini istisno etmaydi.

Shu munosabat bilan elchixona AQSh fuqarolariga samolyot yoki quruqlik transporti orqali mamlakatni tark etish imkoniyatlarini o‘rganishni maslahat beradi. Namoyish o‘tadigan manzillardan uzoqroqda bo‘lish va mahalliy yangiliklarni kuzatib borish tavsiya etiladi.

Bundan tashqari, diplomatik vakolatxona fuqarolar har doim yonida shaxsiy guvohnoma, shu jumladan, amaldagi Belarus vizasi yoki amaldagi vizasiz kirish shtampi bo‘lgan AQSh pasporti bilan yurishni tavsiya qiladi.

Eslatib o‘tamiz, Belarusda 9-avgust kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarni soxtalashtirish haqidagi ma’lumotlar fonida norozilik namoyishlari boshlandi va haligacha davom etmoqda. Namoyishchilar Lukashenkoni saylov natijalarini soxtalashtirishda ayblamoqda. Saylov natijalariga ko‘ra, Aleksandr Lukashenko 80 foiz ovoz to‘plagan.

Belarus Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Svetlana Tixanovskaya prezidentlik saylovida 10,1 foiz ovoz to‘plagan. Tixanovskayaning o‘zi esa mag‘lubiyatini tan olmadi va o‘zini “Belarus xalqi tomonidan saylangan yagona yetakchi” deb atadi. Saylovdan ikki kun o‘tgach Tixanovskaya Litvaga chiqib ketgan. Uning safdoshlari Tixanovskaya hukumat bosimi ostida mamlakatdan chiqib ketganini ma’lum qilgan.

Sobiq prezidentlikka nomzod Svetlana Tixanovskayaning tarafdorlari 18-avgust kuni yangi saylovlar o‘tkazish orqali mamlakatda hokimiyatni tranzit qilish maqsadida Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzdi. Belarus bosh prokurori Aleksandr Konyukning ta’kidlashicha, Muvofiqlashtiruvchi kengash faoliyati konstitutsiyaga qarshi va hokimiyatni qo‘lga olishga qaratilgan.

Kengashning tashkil etilishi munosabati bilan Jinoyat kodeksining 361-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, uning doirasida Muvofiqlashtiruvchi kengashning bir nechta vakillari hibsga olingan.

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko 10-oktabr kuni Davlat xavfsizlik qo‘mitasi tergov hibsxonasida Muvofiqlashtiruvchi kengash va muxolifatning qo‘shma shtabining hibsga olingan vakillari bilan uchrashdi. Keyinchalik Belarus hukumati Svetlana va Sergey Tixanovskiyga 134 kun ichida birinchi marta suhbatlashishiga ruxsat etdi, 13-oktabrda Tixanovskayaning Belarus hukumatiga “xalq ultimatum”ini e’lon qilgani haqida xabar berildi. Muxolifat yetakchisi amaldagi prezidentga o‘ylab ko‘rish uchun 25-oktabrgacha muhlat bergan. Agar Lukashenko o‘z lavozimini tark etmasa, 26-oktabr kuni mamlakatda xalq qo‘zg‘oloni ko‘tariladi va hukumatga qarshi harakatlar boshlanadi.